Mashhur va nufuzli kishilarning birinchi kasblari
Hozir ularni butun dunyo taniydi, lekin bir paytlar ular o‘z mamlakatlarining eng oddiy fuqarolaridan biri va muvaffaqiyat qozonish uchun hayot qiyinchiliklarini boshidan kechirgan.
Yoshlikda ish topish juda qiyin, kishi kamdan-kam hollarda birinchi urinishdayoq o‘zi orzu qilgan yoki hech bo‘lmaganda kasbiga yarasha ish topishga muvaffaq bo‘ladi.
Xullas, quyida o‘z faoliyatini bir paytlar qo‘shiqchi, farrosh va boshqa ijtimoiy sohadagi ishlardan boshlagan mashhur kishilar bilan tanishamiz.
Barak Obama – ofitsiant
U Gonoluludagi Baskin Robbins qahvaxonalarining birida muzqaymoq sotuvchisi va ofitsiant bo‘lib ishlagan. “Garchi u yerdagi odamlar biroz injiqroq bo‘lsa-da, bu juda zo‘r ish edi, ularning aksariyati parhezda bo‘lardi”, so‘zlab berdi Obama.
“Janob Smit ko‘proq tuz istaydi va siz unga: - Kechirasiz, janob, lekin sizga sho‘r ovqat mumkin emas”, deb aytasiz.
Angela Merkel – bufetchi
Leypsigdagi Sharqiy Germaniya universitetining kvant fizikasi bo‘limi talabasi bo‘lganida, bo‘lajak kansler-olim bufetda ishlagan. “Menga har bir sotilgan stakan uchun qo‘shimcha 30 pfening to‘lanardi”, - dedi Merkel biografga. “Shu tariqa haftasiga 20 dan 30 markagacha ishlab olardim, bu esa mening ijarada turgan xonam uchun pul to‘lab borishimni deyarli qoplardi”.
Dmitriy Medvedev – ko‘cha supuruvchisi
Rossiyaning sobiq bosh vaziri talabalik chog‘ida ko‘cha tozalagani va mukofotlar bilan birga qo‘shib olganda, bor-yo‘g‘i 120 rubl ishlab topganini aytgan. “Men hayotimning bu davrini yaxshi ko‘rardim”, dedi u 2012 yilda.
Silvio Berluskoni – kruiz kemasi qo‘shiqchisi
Italiya sobiq bosh vazirining aytishicha, uning kruiz kemasi boshlovchisi va estrada qo‘shiqchisi sifatidagi birinchi ish tajribasi keyinchalik unga omma bilan ishlashda qo‘l kelgan.
Maykl Xiggins – ofitsiant
Irlandiya prezidenti kambag‘al oilada tug‘ilgan, lekin Goluey universitetida o‘qishni orzu qilgan. Oilasining qarshiligiga qaramay, Angliyaning Sasseks shahriga ko‘chib o‘tdi va u yerda maktab uchun pul tejash maqsadida ofitsiant, somele (vino sotib olish va saqlash mutaxassisi) bo‘lib ishlagan. O‘sha paytda yosh Xigginsni tanigan jurnalist do‘sti uni “juda dilkash, aqlli va sezgir odam” deb ta’riflagan.
Stiven Xarper – pochta bo‘limi yordamchisi
1978 yilda Toronto universitetidan ishdan bo‘shatilgach, Kanadaning sobiq hukumat rahbari “Imperial Oyl” kompaniyasiga ishga kirdi. Keyinchalik Xarperni xo‘jayini uni nihoyatda intiluvchan, mas’uliyatli, mehnatkash yigit sifatida esladi.
“Mening tashkilotimdagi yordamchim Stiven Xarper edi, - dedi u. – Stiven o‘ziga topshirilgan vazifalarni juda yaxshi bajarar, pullarni tekshirar, jo‘natma va boshqa narsalarni o‘z vaqtida yetkazib berardi”, dedi u.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.