"Mashrab" yangicha talqinda
Yoqub Af,
O‘zbekiston xalq artisti:
– Sahnada tarixiy shaxslar siymosini ko‘rsatganda ehtiyot bo‘lish kerak. Uni barkamol ko‘rsata olishga ko‘zimiz yetsagina bunga qo‘l urish lozim. Ushbu asarda kiyimlar, dekoratsiya va musiqada kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Lekin aktyorlar ijrosi mukammal. Mashrabning g‘azallaridan, xalq kuylaridan foydalanilsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Izlanishlarni davom ettirib, mukammallashtirish juda muhim.
Dilorom Salohiy,
professor:
– Bugungi spektaklda kompozitsiya ham, postanovka ham, rejissura ham joyida. Asosiysi, aktyorlarning mohirona ijrosi go‘zal. Mashrab mukammal shaxs. Ushbu tarixiy obrazni bitta spektaklda to‘la talqin etish imkoni yo‘q. Uning faqatgina qirralarinigina sahnalashtirish, sayqal berish mumkin. Teatr jamoasi bugun mana shu natijaga erisha olgan.
Erkin Musurmonov,
Mashrab hayoti va ijodini o‘rgangan adabiyotshunos olim:
– Ajoyib asar bo‘libdi. Ayniqsa, aktyorlar o‘z ishiga professional yondashgan. Ammo bunga tarixiy asar, deb qarash noo‘rin. Chunki tarixiy haqiqatlarga mos emas. Aslida Mashrabning hayotida Ofoqoy bir ko‘rinish bergan, xolos. Asarda malikaga ko‘proq urg‘u berilgan. Ofoqxo‘janing dargohidagi kanizak obrazi ko‘tarilganda Mashrabning hayotiga boshqacha yondashuv bo‘lardi. Ofoqoyning Mahmud Qatag‘onning saroyida bo‘lishi ham g‘alati. Qatag‘on-Afg‘onistonning Balx shahri hukmdori. Malika Xitoyning qalmoq elidan. Lekin badiiy asar sifatida ajoyib chiqqan.
Muqaddas Axmetjanova,
teatrlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:
– Tarixda biz bilgan va aytilgan haqiqatlar bor. Asarda Mahmud Qatag‘on obraziga yangicha yondashilgan. Teatr – ijodiy jarayon. Mashrab ijodidan qatralar keltirish, shuning bilan birga, uning Namangan farzandi ekanligiga urg‘u berish kerak.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.