Masofadan ta’lim olish muammolarini qanday yechish mumkin?

Oliy ta’lim muassasalarida joriy yilning 1 aprelidan onlayn ta’lim berish tizimi ishga tushdi. Biroq masofadan ta’lim olish uchun internet bo‘lishi kerak. Afsuski, olis qishloqlarda internet aloqa tizimi qoniqarli ishlamaydi. Xo‘sh, bunday sharoitda talaba qanday qilib darsni o‘zlashtirishi, berilgan topshiriqlarni bajarishi mumkin?

Bugun Moodle LMS (http://moodle.sies.uz/) tizimida ishlash bo‘yicha ko‘plab tushunmovchiliklar bo‘lmoqda. Bu haqda talabalar tomonidan har xil savollar tushmoqda.

Shularni hisobga olib qo‘yidagilarni ma’lum qilamiz:

1. Karantin munosabati bilan o‘quv yili shu masofaviy ta’lim shaklida Moodle LMS tizimida yakunlanadi.

2. Bu tizim karantin tugab, yangi o‘quv yili odatdagi holda boshlangan taqdirda ham amalda bo‘ladi. Shuning uchun bu tizimda ishlashni har bir talaba yaxshilab o‘rganib olishi zarur.
3. Har bir fan bo‘yicha talaba ma’ruza matni, mavzu taqdimoti, adabiyotlar ro‘yxati, internet saytlar va boshqa qo‘shimcha materiallar orqali o‘qib-o‘rganishi lozim.

4. Har bir fan bo‘yicha talaba kerakli vazifalarni (amaliy mashg‘ulot topshirig‘i, mavzu yuzasidan savollar, laboratoriya topshirig‘i, oraliq nazorat savollariga javob, mustaqil ish bo‘yicha referat va hokazo) bajarib, elektron shaklda belgilangan muddat tugaguncha fan o‘qituvchisiga jo‘natadi.

5. Har bir fan bo‘yicha test savollarini (masalan, yakuniy nazoratda) kurs oxirida belgilangan muddat tugaguncha topshiradilar.

6. Yuqorida bajarilgan ishlar talabaning tegishli tartibda baho olishiga asos bo‘ladi.
7. Diqqat qiling! Modul tizimiga kirmasdan, topshiriqlarning birontasini bajarmagan talabaga baho qo‘yilmaydi.

8. Internet aloqasi mavjud bo‘lmagan hollarda talaba internet aloqasi mavjud joyga borib, har bir fan yuzasidan barcha materiallarni va topshiriqlarni o‘z kompyuteriga yuklab oladi. Uyda ma’lum muddatda barchasini elektron shaklda bajarib tayyorlaydi. Yana internet aloqasi bor joyga borib, bajarilgan ishlarni modul tizimiga yuklaydi.
9. Kurs oxirida yakuniy test nazoratini yana internet aloqasi mavjud joydan topshiradi.

O‘ylaymizki, bu ishlar unchalik katta muammo tug‘dirmaydi.

Hurmatli talabalar! Internet aloqasi bo‘yicha va masofaviy ta’lim bo‘yicha muammolar vaqtincha ekanligini to‘g‘ri tushungan holda, barcha belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida topshirib, a’lo baholarga o‘qishingizni so‘raymiz.

Alisher ERNAZAROV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kafedra mudiri.