Mastlikning mudhish oqibatlari

Mudhish jinoyat sodir etilgan tunda Ivan Shokirning uyida mehmon edi. Ikkovlon birga ovqatlanib, rosa ichishdi. Og‘zi qizigan qo‘shnilar turli latifa va hangoma aytib, bir-biri bilan hazillashdi. Lekin bu paytda ular mastlik tufayli nima deyayotgani va xatti-harakatlarini ham unutib qo‘ygandi. Oqibatda qo‘shnilar o‘zaro gap talashib, yoqalashib ketdi. Qiziqqon Shokir esa qo‘liga pichoqni olib, Ivanga tashlandi. Ikki qo‘shnining shiringina suhbati ichkilik tufayli qotillik bilan tugadi.
Past Darg‘om tumanidagi Tinchlik mahallasida shu yerda yashovchi Mirshod va Farhodning o‘zaro kelishmovchiligi tufayli notinchlik yuzaga keldi.
Joriy yilning 8 fevral kuni kechqurun ular birga ulfatchilik qilib, mastlik oqibatida janjallashib qoladi. Farhodga nisbatan yosh va ancha epchil bo‘lgan Mirshod uni ayovsiz do‘pposlab, og‘ir tan jarohatlari yetkazadi. Natijada Farhod voqea joyida vafot etadi.
Ichkilikka ruju qo‘yish, spirtli ichimlikning inson ruhiyati, xulqiga salbiy ta’siri oqibatida yuzaga kelayotgan jinoyatlar yoki bu illatning oilalar, insonlar taqdirini o‘zgartirib yuborayotgani haqida ko‘p misollar keltirish mumkin. Yon-atrofimizda, mahallamizda sodir bo‘layotgan bunday holatlarga ba’zida e’tibor qaratsak, ko‘p hollarda "Menga nima, ichsa ichibdi-da, qilmishiga yarasha jazosini oladi", deb beparvolik qilamiz. Holbuki, mahallamizdagi bitta noxush holat, notinchlik butun mahalla ahli kayfiyatiga, hududdagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Arzimasdek tuyulgan gap-so‘z va janjallar vaqt o‘tib, katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lib qoladi.
– Yilning yetti oyida viloyatimizda sodir etilgan jinoyatlarning 33 tasi mastlik oqibatida yuzaga kelgan, – deydi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Rahimov. – Jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish va u bilan bog‘liq huquqbuzarliklar esa 19 ming 643 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 mingtaga ko‘p demakdir. Ya’ni, endilikda mastlik oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarga e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarning belgilanmagan joylarda spirtli ichimliklar ichishining oldini olish, bu boradagi huquqbuzarliklarni aniqlash va ma’muriy choralar ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ko‘p hollarda fuqarolarning tungi vaqtda spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda turli huquqbuzarlik yoki jinoyatlarga qo‘l urayotgani kuzatilmoqda. Shu sababli ayni paytda yurtimizda tungi vaqtda spirtli ichimliklar savdosini tartibga solish, bu borada amaldagi qoidalarni o‘zgartirish yuzasidan bildirilayotgan takliflar asosida huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
F.HASANOV.