“Masxaraboz” rolini bajarishga havas qilmaylik
Keyingi paytlarda ko‘plab yoshlar tomonidan tug‘ilgan kunini ayanchli tarzda nishonlash, turli noz-ne’matlarni isrof qilish, natijada esa tabiatga, yon atrofdagilarga moddiy va ma’naviy zarar yetkazish holatlari kuzatilyapti.
Bizningcha, bunga to‘rtta sababni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Birinchidan, pulini nimaga sarflashni bilmaslik, ya’ni ota topgan pul (balkim pora olib) ni farzandi nimaga sarflashni bilmaydi va ortiqcha ishlarga qo‘l uradi. Boshqa nima ham qilsin, xalq “Oson kelgan, oson ketadi!”, deb bejiz aytmaydi.
Ikkinchidan, yoshlar vaqtini ko‘cha yoki tungi klublarda kayfu safo bilan o‘tkazishdir. Vaholanki, har qanday yoshlarni bekor qoldirish ortida yuzlab muammo va ko‘ngilsizliklar kelib chiqishini yaxshi bilamiz.
Uchinchidan, menimcha, bu eng asosiy sabablardan biri, ya’ni yigit-qizlarda ma’naviyatning, diniy hamda dunyoviy bilimning yetishmasligida. Ma’naviyatli odam bu kabi nomaqul ishlarni qilmaydi. Bu haqda hatto, muborak Islom dinimizda ham aytilgan.
To‘rtinchidan bu kabi holatlarni kelib chiqishida asosiy sabablardan biri beparvolikdir! Ya’ni shu xatti-harakatlarni ko‘rib turgan odamlar ham jim turaveradi.
Ta’kidlash joizki, Islom dini isrofgarchilikdan qaytarar ekan, biz bunga amal qilishimiz kerak. Qolaversa, mol-dunyoni isrof qilishga, madaniyatimizga, ma’naviyatimizga zid bo‘lgan har xil ishlarni qilib, jamiyatda “masxaraboz” rolini bajarishga havas qilmaylik.
G‘ofurjon Bobobekov.