Matbuot xizmati rahbarlari maqomining oshirilishi – bu katta mas’uliyat
XXI asrga – “Axborot texnologiyalari asri” deb bekorga ta’rif berishmagan. Bugun dunyoni telekommunikatsiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kompyuter, telefon insoniyatni uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish bilan bir qatorda, axborot almashish – ma’lumot tarqatish va olishda muhim vositaga aylandi.
Yuzaga kelgan ulkan virtual maydondan dunyo miqyosida insoniyatning ong-u shuurini, ma’naviyatini zaharlash maqsadida foydalanayotgan qora kuchlar ham borligi hech kimga sir emas. Bugungi axborot xurujlari zamonida virtual olamdan samarali foydalanish, haqqoniy, xolis, tezkor axborot bilan to‘ldirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari moddiy texnik bazalarini yaxshilash, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlanishning muammoli masalalarini hal etishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohatlar samarasi o‘laroq, voqea-hodisalarga xolis fikr bildirish, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri xabarlarni farqlash borasida fuqarolar o‘z pozitsiyalariga ega bo‘lishmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori sohada amalga oshirilayotgan islohatlarning mantiqiy davomi bo‘libgina qolmay, fuqarolarning siyosiy ongini oshirishda muhim qadamlardan biri deb bilaman.
Shu o‘rinda, ushbu qaror davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirishga xizmat qilishi alohida tahsinga sazovordir.
Qarorning 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot xodimlari kuni bayrami arafasida qabul qilinishi soha xodimlari uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘lishi, soha xodimlaridan katta mas’uliyat talab etadi. Chunki axborot xizmati rahbari endi nafaqat tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot tarqatishi balki jamiyatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga munosabat bildira oladigan chuqur bilimga ega xodim bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, axborot xizmatlari xodimlariga, boshqa to‘lovlardan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda davlat organlari va tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ustama to‘lanishi soha xodimlarining mas’uliyat bilan ishga yondashishga chorlaydi.
Baxtigul Qarshiyeva,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.