Mavzuli ekspress-o‘rganish tadbirlari nima maqsadda o‘tkaziladi?

Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun joriy yilning 1 yanvaridan kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga borgan holda mavzuli ekspress-o‘rganish o‘tkazish amaliyotga joriy qilindi.
Mavzuli ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirish mezonlari quyidagilar hisoblanadi:
- soliqlar va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligi;
- ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarining sof foyda va dividendlar hisoblanishi to‘g‘risidagi, shuningdek, davlat unitar korxonalari sof foydasidan 30 foiz miqdorida ajratmani aniqlash to‘g‘risidagi hisobotida soliq organlarida xo‘jalik yurituvchi sub’yektning faoliyatiga doir boshqa ma’lumotlar o‘rtasida tafovutlar mavjudligi;
- xarid qilinadigan va realizatsiya qilinadigan tovar-moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlarning hajmi, nomenklaturasi (assortimenti) va summasi o‘rtasida aniqlangan nomutanosibliklar;
- kelib tushgan axborotlar tahlili bo‘yicha aniqlangan tafovut va farqlar;
- valyuta qonunchiligi sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar, shu jumladan, tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha import va eksport qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxining oshirilishi va pasaytirilishi.
Mavzuli ekspress-o‘rganishni amalga oshirish uchun asos bo‘lgan talabnoma va buyruq soliq to‘lovchi yoki uning vakiliga topshirilgan payt o‘rganish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Mavzuli ekspress-o‘rganish faqat kameral nazorat o‘tkazilgan soliq davri uchun amalga oshiriladi. Mavzuli ekspress-o‘rganishni amalga oshirish muddati yetti kalendar (besh ish) kunidan oshmasligi kerak.
Zarur hollarda ekspertlar, mutaxassislar hamda tarjimonlar jalb etilishi, mavzuli ekspress-o‘rganish jinoyat ishi doirasida taftish o‘tkazilishi sababli kechiktirilishi mumkin.
Mavzuli ekspress-o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumotnoma soliq to‘lovchiga topshirilgan kun yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilgan kun o‘rganish tugallangan kun hisoblanadi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.