May oyini kutish shart emas – oromgohlarda mavsumga tayyorgarlikni hoziroq boshlash lozim

Joriy yil yoz mavsumida viloyatimizdagi 23 ta doimiy oromgohlarda 9630 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimligi yig‘ilishida qayd etilganidek, ayni paytda ayrim tumanlardagi oromgohlarda qator kamchiliklar mavjud.

Jumladan, Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli "Narpay" bolalar oromgohi hududi tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga ko‘ra, kichik sanoat zonasiga aylantirilgan. Ammo hanuzgacha mazkur oromgohni boshqa hududda tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmagan.

Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli "Go‘zalkent" bolalar oromgohida ochiq yotoqxona pavilonlari avariya holatiga kelgan. Oshxonasi, cho‘milish havzasi, hojatxona talabga javob bermaydi, u yerga olib boruvchi yo‘l va ichki yo‘laklar ta’mirtalab. Oromgohdagi jihozlar ma’nan eskirgan.

Okdaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli "Okdaryo" bolalar oromgohining yotoqxona binosi, oshxona, ovqatlanish, tibbiyot, to‘garak xonalari va omborxonasi talabga javob bermaydi. Cho‘milish havzasi mavjud emas. Hojatxona va dushxona foydalanishga yaroqsiz.

Oromgohlardagi bu kabi muammo va kamchiliklar boshqa tuman va shaharlarda ham uchraydi. To‘g‘ri, yozgi ta’til boshlanishiga hali ancha vaqt bor. Ammo mutasaddi tashkilot rahbarlari qilinadigan ishni ortga surib, ikki oyoq bir etikka tiqilib qolishini kutib o‘tirmay, oromgohlarni mavsumga tayyorlab qo‘ysa, bolajonlar ham dam olish vaqtini ko‘ngildagidek o‘tkazadi.

A.PO‘LATOV.