Samarqandda oromgohlar 10 iyundan faoliyat boshlaydi, ularning mavsumga tayyorgarligi qanday?

Viloyatda 82 ta yozgi oromgoh mavjud. Bu yil ularda 23 ming 395 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 16 ta doimiy oromgoh 9415 nafar, 66 ta kunduzgi oromgoh 13 ming 980 nafar bolani qabul qiladi.

Ayni vaqtda oromgohlarni mavsumga tayyorlash, bolalarning sifatli sog‘lomlashtirilishi va dam olishi uchun sharoit yaratish borasida qilinayotgan ishlar yakuniy bosqichga keldi. Jarayon bilan tanishish maqsadida bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining viloyat boshqarmasi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mas’ullari hamda OAV vakillari ishtirokida oromgohlarni ko‘zdan kechirdik.

Dastlab bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva oromgohlarni mavsumga tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

- Shu yilning 10 iyunidan viloyatdagi oromgohlar bolajonlarni bosqichma-bosqich qabul qilishni boshlaydi, - dedi F.Qilicheva. –  Mavsum uchun 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ayni vaqtda oromgohlarda tayyorgarlik ishlarining so‘nggi bosqichi olib borilmoqda. Mavsum davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kasaba uyushmalari viloyat kengashida shtab tashkil etilgan. Shuningdek, oromgohlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha autsorsing komissiyasi tarkibi tasdiqlanib, har bir oromgoh rahbari belgilangan autsorsing guruhi bilan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzoladi.

Ilk manzilimiz Toyloq tumani Adas mahallasidagi “Adas” bolalar oromgohi bo‘ldi. Oromgoh direktori Sherbek Jo‘rayevning aytishicha, bu yilgi mavsumda to‘rt navbatda 400 nafar bola qabul qilinadi. Oromgohda ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lib, tajribali pedagog, tarbiyachi va trenerlar jalb qilingan. Yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona, ma’naviyat zali hamda to‘garaklar shay holatga keltirilgan.

Urgut tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohidamiz. 1973 yilda qurilgan oromgoh 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, atrofi manzarali va mevali daraxtlar bilan o‘ralgan. E’tiborimizni tortgani, oromgohning qariyb 10 gektarga teng hududida bir qarich ham bekor yotgan joy yo‘qligi bo‘ldi. Sakkizta yotoqxona, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, to‘garaklar, basseyn va konsert uchun sahna deysizmi, barchasi hisobga olingan.

- Bu yilgi mavsumga alohida hozirlik ko‘rdik, - deydi “Chor chinor” bolalar oromgohi direktori Anvar Fazliyev. – Yotoqxonalardagi matras, choyshab, xonalardagi eskirgan jihozlar, oshxonadagi idish-tovoqlarning barchasi yangilandi. Bolalarni sog‘lomlashtirish, dam olishlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 50 nafardan ziyod tarbiyachi-murabbiy jalb etildi. Ayni paytda oromgohda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Oromgohlarning mavsumga tayyorgarlik holatini o‘rganish davomida Samarqand tumanidagi “Alpomish”, “Safedi” hamda Nurobod tumanidagi “Qo‘shchinor” oromgohlari ko‘zdan kechirilib, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini belgilangan muddatda yakunlash, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish, bolalarning ta’til davridagi har bir kunini grafik asosida to‘g‘ri tashkil etish soha mas’ullari va mutaxassislar ishtirokida tushuntirildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.