Mehnatdan qochmasa, tomorqa – xazina
Tomorqada mehnat qilish uchun ko‘klamning har bir daqiqasi g‘animat. Buni to‘g‘ri anglagan payariqliklar ayni kunlarda yerga ishlov berib, ro‘zg‘ori va bozorlarimiz to‘kin bo‘lishi uchun ekin-tikin ishlari bilan band.
- Tumanimizdagi 53 mingdan ortiq tomorqa yer egalari tasarrufida 9 ming 100 gektardan ziyod yer maydoni mavjud, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Rashid Niyatov. – Bu tomorqalarda yiliga ikki-uch marta ekin ekib, hosil olish imkoniyati bor. Karantin davrida aholining sabzavot urug‘ va ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ko‘chma do‘konlar tashkil qilyapmiz. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 32 mahalladagi tomorqa maydonlarining 475 gektarida qulupnay ekishni rejalashtirganmiz.
Tumannning Zarafshon mahallasida ozgina tomorqasidan mo‘maygina daromad qiladigan dehqonlar talaygina. Ulardan biri Rustam Rabbimov. U tomorqasining uchdan bir qismida mevali daraxtlar parvarish qiladi. Shu ixchamgina bog‘dagi 45 tup gilos har yili Rustam akaning ro‘zg‘origa kamida 7 million so‘m daromad keltiradi.
- Hovlimda gilosdan tashqari har bir mevali daraxtdan 2-3 tupdan bor, - deydi R.Rabbimov. – Daraxtlarni ko‘paytirish, yaqinlarimga, qo‘ni-qo‘shnilarga ulashish uchun ko‘chat yetishtirish bilan ham shug‘ullanaman. Nihollarni payvandlash qo‘limdan keladi. Masalan, mayda-mayda hosil beradigan murut daraxtining ko‘chatiga bozorgir nok ko‘chati novdasidan olib payvand qilib ko‘rdim. Dastlabki yillardan hosil ko‘rsatdi. Bir tup olma daraxtiga uch xil olma novdalarini payvand qilganman. Ko‘chatlar orasiga esa ko‘kat ekamiz. Chorva uchun ozuqa ham yetishtiramiz. Chunki, 4 bosh qoramolimiz bor. Sut-qatiq, sariyog‘ o‘zimizdan chiqadi. Xullas bir qarich yerdan ham unumli foydalanishga harakat qilamiz, vaqtimiz shu yerda – tomorqa yumushlari bilan o‘tadi. Pensiyadagi odam uchun uy ishlari ham bir ermak. Bo‘lmasa, zerikib qolamiz. Mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Har qancha orzu-havasingiz, niyatlaringiz bo‘lsa kafdek tomorqadan ham yaxshi daromad qilib ularga erishish mumkin.
Mahalla oqsoqoli Mamasharif Anorqulovning aytishicha, mahalladagi 836 xo‘jalikning barchasi o‘z tomorqasiga ega. Ular bu yerdan samarali foydalanib, ro‘zg‘ori obodligini ta’minlamoqda. Shuning uchun mahallada kambag‘al oilalar yo‘q hisobi.
– Lekin kattagina tomorqasi bo‘lsa-da undan foydalanmayotgan kishilar yo‘q emas, - deydi M.Anorqulov. – Ularga mahalla-ko‘y yordam berib, hatto, dakki berib yerdan unumli foydalanishga da’vat etyapmiz. Axir tomorqasi bo‘la turib, bu yerda hech bo‘lmaganda o‘zi uchun kartosha-piyoz, sabzi-sholg‘om, bodring-pomidor yetishtirmasa uvol-da. Ayniqsa, bugungi karantin paytida tomorqadan o‘rinli foydalanish juda muhim.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).