Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Mehr deganlari nima aslida?”

Guljamol Asqarovaning ijodini ancha yildan buyon kuzatib kelaman. Tom ma’noda go‘zal she’rlar yozadi. Shuning uchun Guljamolning aksariyat she’rlari men izlagan she’rlar sirasiga kiradi.

  Shoiraning she’rlarida jonbaxsh alanga bor. Har qanday holatda bu she’rlarni o‘qigan odam ruhlanadi, o‘zgacha umid topadi.

Guljamol vatan, xalq haqida yozganda ham, muhabbat, iztirob, hijron haqida yozganda ham ko‘ngil degan zabardast daraxtga suyanadi. She’rlaridagi aytimning yolg‘oni yo‘q.

Bugun uning muhabbat mavzusidagi she’rlari xususida to‘xtalmoqchiman.

Guljamolning oshiq ko‘ngli shu qadar musaffoki, unda aks etgan ishq jamolini aniq-tiniq ko‘ra olasiz. U aytadiki:

...Va ming bor taqdirga ta’zim, azizim,

Yaxshi-yomonimda yorliging uchun.

Peshonamda isming yozilgani va

Kaftim chizig‘ida borliging uchun.

Naqadar chiroyli izhor. Hammamizning ko‘nglimizda muhabbat sayr qilgan, hammamiz uning achchiq hijronini totib ko‘rganmiz. Ammo hech qaysimiz bu faslda mana shunday izhorni ayta olmaganmiz.

....Sevmay qoldim dema, bu so‘zdan qaytgil

Bilaman bu taqdir azalligini

Faqat qandoq qilib tushunay aytgil,

Mensiz ham hayoting go‘zalligini, -deydi yana bir she’rida Guljamol.

Uni o‘qib, yuragim jizillaydi. Xuddi ilohiy bir alangan yuragimga sachraganday bo‘ladi. Va xotiralarim,o‘tgan muhabbatli kunlarim ko‘ksimni tirnab o‘tadi.

Shoira singlimiz she’rlarida hijronning, shodlikning gohida esa muhabbatning achchiq sog‘inchning surati shunday chizilganki, bu chizgilarga faqatgina yurakning qonidan kashf qilingan bo‘yoqlarnigina kuchi yetadi:

Azizim, ko‘zlaring ko‘zimda hamon,

Sen olovga otib yondir xatimni.

Men esa bag‘rimga bosib ketarman

Yer-ko‘kka sig‘magan muhabbatimni.

Bu otashin misralar ichida jon saqlamoq qiyin, ayni paytda esa yeru-ko‘kka sig‘mayotgan ruhingiz jununvor zavqqa to‘ladi. Ana shu zavq esa ishq olamining sirini yana bir bor kashf qiladi.

 Guljamolning she’rlari qismatni nozik yelkasiga dast ko‘targan mag‘rur va rostgo‘y ayolga o‘xshaydi. Uning g‘ururida xokisorlik bor, bu telba dunyoning og‘ir-og‘ir nafas olayotgan pok qayg‘ulari bor. U sog‘inadi, sog‘inchi tog‘larday baland. Ana shu balandlikdan ishqiga mastona termuladi:

Bugun ichdim...g‘am sharobini,

Qayg‘u sharobini ichdim men.

Ko‘zlaringni iztirobini

Va ishq azobini ichdim men.

Mastman.. boshim og‘ir tosh kabi,

Taskin bermas eski dastxating.

To‘rt tomonda chehrang ko‘rinar,

Hamma yoqda sening surating.

Qachonlardir bir shoir: “Mehr-muhabbatning singlisi xolos”, deb yozgandi. Ijodi xalqqa ma’qul shoirlar mehribon, ayni paytda mehrtalab bo‘lishadi. Zotan ularning ko‘ngli mudom mehr maysazorlarini qo‘msaydi va o‘zi ham ulkan mehrning farzandi ekanligini his qiladi. Guljamolning tuyg‘ularida ham go‘zal, tashna iztirob iqrori to‘lqinlanib turadi.

Sahrolardan keldim, cho‘llardan keldim,

Ko‘p, uzoq, ko‘p qadim yo‘llardan keldim.

Haydashdi,dilingga dillardan keldim,

Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil...

Shoira qalbida ummonlar chayqaladi, to‘fonlar bosh ko‘taradi, qismat siynasida berkitgan sirlarini sochib tashlaydi. Hijron bo‘ronlari ichra qolgan ishq daraxtiday g‘amgin shivirlaydi shoira ko‘ngli.

Begonaman dema, jonim, og‘riydi,

Begonasan dema, yig‘laydi ruhim.

Ko‘nglimning bag‘riga yashrinib olib,

Yig‘layapman sokin, yig‘layapman jim...

Guljamolning she’rlarini o‘qib, shu narsaga amin bo‘ldimki, she’rning go‘zal chiqishini vazn, ohang, yoxud turoq hal qilmas ekan, aksincha, dildan chiqqan rost tuyg‘ular samimiyat va ko‘ngilning tubidagi to‘lg‘oqli iztirobgina uni sevimli qilar ekan:

Iztirobdan zerikdingizmi?

Charchatdimi ko‘zim yoshlari.

O‘z qismatim oldida yana

Jim egilib qoldi boshlarim.

Shoiraning she’rlaridagi kuchli dramatizm hech bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi, eng muhimi katta iztirob ichida ham qismatning unga atagan ishq degan qayg‘usidan minnatdor qalb qalqib turadi Guljamolning she’rlarida:

“Biroq sizni sevaman qattiq,

Baxsh etdingiz olov tuyg‘ular.

Tortiq etmish qalbingiz menga

Yorug‘ g‘amlar, nurli qayg‘ular.

Biz yaralishning na ibtido, na intihosini bilamiz. Ammo so‘z degan ilohiy ne’mat borki, uning qudratida ko‘ngilni qaytadan kashf qilamiz va shuning barobarinda tasavvurning cheksiz fazosini qamrab olamiz. Koinotning, o‘zga sayyoralarning nafasini his qilamiz. She’r albatta haqiqiy she’r nazarda tutilyapti, alg‘ov-dalg‘ovli, kimga rostu kimga yolg‘on bo‘lgan dunyo hech narsaga arzimasligini fosh qiladi. Va haqiqiy olamning ne’mati bo‘lmish qalbning tuyg‘ulari bilan tiriklikka mardona boshqishga o‘rgatadi. Guljamolning yana bir she’rini keltiramiz fikrimizni dalilash uchun:

Olis yo‘llar yurib toliqdim, juda,

Mehr suvlarini ichirdingiz siz!

Xatto kechirmadim o‘zimni o‘zim

Bori ayblarimni kayechirdingiz siz!

Mehr deganlari nima aslida,

Mehr qalbimizning oppoq yelkani.

O‘zini o‘zi ham sevolmaganni,

Bag‘ringga jim bosib sevmoq degani!

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, Guljamol Asqarova g‘aflatdagi dillarni uyg‘otish uchun aytgan nazmiy allalari va she’rlari ichida lovullab turgan alanga bilan har bir yurakka yorug‘ nur berguvchi dilbar shoiradir.

Hali undan umidimiz katta. Shoira singlimizdan yangi va jozibali she’rlarini kutib qolamiz.

Ismat Ko‘chiyev,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.