Men sevgan fasl...
Sumanbarlarning uyi baland tog‘ning etagiga tutashgan ulkan qir biqinida joylashgan. Boraversangiz, yaqinlashaversangiz, qirlar ham salobat bilan siz tomonga kelayotganga o‘xshaydi. Uning ortida osmonga bosh qo‘ygan, oq salla o‘ragan mag‘rur chollarni eslatadigan bahaybat cho‘qqilarning uch-uchida qotib qolgan qorlar oqarib, yaltirab, aniq-tiniq ko‘rina boshlaydi.
Odatdagidek, haligacha hech kim yoshini aniq aytolmagan ulkan chinor tagida to‘xtadim. Ichim qizib, damba-dam soatimga qarayverdim. Boshimda har xil o‘y-xayol, savollar charx ura boshladi: “Sumanbar uy-ro‘zg‘or tashvishidan sug‘rilib chiqarmikan? Uchrashuv haqida bergan va’dasi esidan chiqmadimikan?
Nihoyat, Sumanbarning nozik gavdasi uzoqdan qorayib ko‘rindi. Ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Butun vujudimni iliq, yoqimli, butunlay o‘zgacha tuyg‘u qamradi. Yuragim go‘yoki ko‘krak qafasimda emas, balki quloqlarim ostida gursillab urayotganga o‘xshadi. Ko‘zlarim porlab ketdi. O‘rnimdan turib, u tomon yura boshladim.
- Salom, - dedi Sumanbar oppoq tishlarini ko‘rsatib mayin jilmayarkan. - Uzr, kuttirib qo‘ydim. Ishqilib... Ishqilib, mana, keldim. Xafa bo‘lmang, tag‘in...
Nafasim ichimga tushib ketganday bo‘ldi. Tilim aylanmay qolgandi. Ko‘zlariga... To‘g‘risi, ko‘zlariga qarolmadim, ular olov ufurib, kaminani yondirib yuborishga tayyorlanayotganga o‘xshab tuyuldi.
- Yaxshimisiz, Sumanbar? - dedim nihoyat mayin barmoqlarini bilinar-bilinmas siqib ko‘risharkanman. - Nega xafa bo‘larkanman? Keldingiz, shunisiga ham shukur...
- Xo‘sh, ayting, bugun qayerlarni ziyorat qilamiz?
- Buyruqni bugun sizdan eshitamiz, - dedim o‘zimni ancha o‘nglab olib. - Qayerga boshlasangiz, ortingizdan ergashaveraman...
Sumanbarning oppoq, keng bodom qovoqlariga borib tutashgan qalin qoshlari bir oz chimirilganday bo‘ldi. Bo‘y-bastiga yarashib turgan qip-qizil ko‘ylagining keng etagini shamolga to‘ldirib, bir-ikki aylanib oldi.
- Imkoniyatni kaminaga berganingiz uchun rahmat, - dedi Sumanbar zavqlanib kularkan. - Sizday odamni izmimga solish... Rostini aytsam, o‘zim ham shuni istab turuvdim. Qarshi bo‘lmasangiz, istirohat bog‘ini aylanaylik. Uni nafaqat bahorda, kuzda aylanishning ham zavqi bor.
Taklif kaminaga ham ma’qul tushdi. Shaharning qoq markazida joylashgan madaniy istirohat bog‘i tomon yonma-yon yo‘lga tushdik. Uning bunyod etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, besh yildan biroz oshdi. Katta-kichik yo‘laklarning atrofida o‘tqazilgan archa, qarag‘ay, boshqa turli tuman manzarali daraxtlar endi qomat tiklagan. Ba’zilari kuz bo‘lishiga qaramay yashnab turibdi. Yana boshqalari yaproqlarini salqin esib turgan shabadaga beparvo topshirmoqda. Bog‘ning ikki tomoniga ekilgan teraklar sarg‘aygan va siyraklashgan yaproqlari bilan chapak chalgancha bizni olqishlab turgan odamlarga o‘xshaydi.
Darvozadan odamning yuragidan boshlangan tomirlardek har tomonga tarqalib ketgan katta-kichik, uzun-kalta yo‘laklarni allaqachon qurib-qaqshayotgan xazonlar egallamoqda. O‘ng tomonda ulkan-ulkan toshlardan bunyod etilgan jajji sun’iy tog‘ biqinida tabiatning noyob, go‘zal jonivori ohuning toshdan yaratilgan siymosi odamlarni xavf-xatardan ogoh etayotgandek, atrofga ziyrak boqib turibdi. Undan ancha yuqoriroqda go‘yoki noyob giyohlarni tanovul qilish uchun ikkita shoxi ikki tomonga tarvaqaylagan tog‘ echkisi bor kuchi bilan yuksaklikka intilmoqda. Chap tomonda, attraksionlar o‘rnatilgan maydonda bolalarning chug‘ur-chug‘uri butun atrofni to‘ldirmoqda. To‘g‘rida esa, yaxna ichimlik, muzqaymoq paviloni. Yozning jazirama issig‘ida muzqaymoq, yaxna ichimlik olmoqchi bo‘lsangiz, navbatda turishingizga to‘g‘ri keladi. Hozir xaridorlar ancha siyraklashib qolibdi. Muzqaymoq ham, yaxna ichimlik ham onda-sonda sotilmoqda.
Bitta-bitta bosib odimlay boshladik. Oyoqlarimiz ostida umrini yashab bo‘lgan, sarg‘aygan, qurib-qaqshagan yaproqlar ma’yus sas chiqarib eziladi. Odamning ham, har bir jonivorning ham, hatto har bir giyoh, yaproq umrining ham poyoni borligidan ogoh etadi.
Boshqa daraxtlarga nisbatan kattaroq archa tagida o‘rnatilgan, biroz ranglari o‘chgan, urinib qolgan o‘rindiq oldida to‘xtadik. Ro‘molchamni olib, avval uni xazondan, keyin changdan tozaladim.
- Marhamat, o‘tirasizmi? - dedim Sumanbarga biroz tikilib.
- Rahmat, - dedi Sumanbar uzun kipriklarini pirpiratib. - Keling, bir nafas xordiq chiqaraylik, tanamiz ham, oyoqlarimiz ham biroz yayrasin...
Sumanbar o‘tirishiga halaqit bergani uchun maydalab o‘rilmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan uzun, tun qo‘ynidan sug‘urib olingandek shovillab turgan qop-qora sochlarini ko‘kragi ustiga tashlab qo‘ydi. Uning qizil olmadek yashnab va yaltillab turadigan tip-tiniq yuzi quyuq sochlari orasidan yanada jozibaliroq ko‘rina boshladi. Chuqur hayajon, bitmas-tuganmas zavq-shavq og‘ushida sekin yoniga cho‘kdim.
- Juda ko‘p odamlar bahorni sevadilar, - dedi Sumanbar kipriklari yashirishga qiynalayotgan ko‘zlarini charaqlatib. - Unga tashna bo‘lib yashaydilar. Men esa kuzni sevaman. Uni har gal sog‘inib-sog‘inib kutaman. Bahorim ham, yozim ham, qishim ham - kuz. U yoshi ulg‘aygan, o‘zini ancha bosib olgan, katta hayot yo‘lini o‘tagan vazmin odamga o‘xshaydi. Kuz kirganda doim otamni eslayveraman. U kishi og‘ir, ming marta o‘ylab, bir marta gapiradigan odam edilar. Kuz payti butunlay ochilib yashardilar. “Qizim, kuzda bog‘larni aylangin, - derdilar doim ko‘zlari yonib. - Kuz fasli odamni vazmin bo‘lishga tayyorlaydi. Hayotning abadiy emasligidan ogoh etadi. Yuragingni rahm-shafqatga to‘ldiradi. Xayolingni charxlaydi. Ruhiyatingni tozalaydi...”
Shu vaqt nariroqda, bilinar-bilinmas esayotgan salqin shabadada ohista tebranayotgan xazonlar ustiga musicha kelib qo‘ndi. U bir-ikki “ku-ku” deyishi bilanoq yonida ikkinchisi paydo bo‘ldi.
- Jufti bo‘lsa kerak, - dedim gapni boshlashga bahona topilganidan xursand bo‘lib. - Ular ham biz kabi sayrga chiqishganga o‘xshaydi.
- To‘g‘ri aytasiz, ular ham yolg‘iz yashamaydilar. Qushlar orasidan bevafolarini topish qiyin. Katta umid bilan oila qurgan ba’zi odamlar-chi? Bir-ikkita farzandlari bo‘lsa ham, osongina ajrashib ketaveradilar. Otasi tirik bechora yetimlar bag‘ri qonga to‘lib qolaveradi. Qushlar-chi? Oh, qushlarning muhabbati... Bir gazetada o‘qiganman, oila qurgan qaldirg‘ochlarni bir-biridan faqat o‘lim ajratarkan...
Shu vaqt bog‘ ustida, bir parchasi ko‘rinib turgan osmonda uzun arg‘amchi solib uchayotgan turnalar paydo bo‘ldi. Balandligidan har biri odam ko‘zi zo‘rg‘a ilg‘aydigan qora nuqtalardek jimirlab ko‘rinardi.
- Turnalarni sanay olasizmi? - dedim Sumanbarga osmonga tikilarkanman. - Mar-hamat, sanab ko‘ring, ular ham toq emas, juft. Turnalar har doim o‘z jufti bilan yonma-yon parvoz etarkan. Bir-biriga kuch-quvvat baxsh etgancha qanot qoqarkan. Bunday ruhiy madad ularning uzoq-uzoqlarga, olis manzillariga eson-omon yetib olishlarini ta’minlarkan.
O‘rnimizdan turdik. Yurganimiz sayin oyog‘imiz tagida yana xazonlar g‘amgin shitirlay boshladi. Iltijo bilan osmonga cho‘zilgan ulkan qo‘llarga o‘xshab qotib turgan daraxtlardan uzilayotgan yaproqlar avval boshimizga, keyin yelkamizga urilib, oyoqlarimiz ostiga to‘shalardi.
- Bechora yaproqlar, - dedi Sumanbar sovuqqotayotgandek bir oz entikib. - Umri xazon bo‘layotgan yaproqlar... Ular bahorda ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turgan. Havoni g‘ubordan, zahardan tozalagan. Barcha jonzotga xizmat qilgan. Endi esa... Albatta, bu tabiat qonuni. Nafaqat yaproqlar, hatto ertami, kechmi, o‘zimiz ham xuddi shulardek to‘kilamiz. Lekin ba’zi-ba’zida shunday qisqa hayotimizning qadriga yetmaymiz. Har biri qadr-qimmatli, Alloh tomonidan sanab berilgan onlarimizni behuda ishlarga sarflaymiz. Bir-birimizga xiyonat qilamiz. Bir-birimizga choh qazamiz...
Sumanbarni sevish, sevilish, umuman, ishq-muhabbat haqidagi savollarga ko‘mib tashlamoqchi bo‘laman. Ammo tilim amrimga bo‘ysunmaydi. Og‘iz ochishga jur’at qilolmayman. Cho‘chitib yuborishdan, nojo‘ya gap aytib qo‘yib, ko‘nglini og‘ritishdan qo‘rqaman. Tavakkaliga o‘zimni faylasuflardek tutib, noiloj gap boshladim:
- Sumanbar, - dedim hali supurilmagan, qalin xazon bosgan yo‘lakdan odimlarkanmiz. - Shunisiga ham shukurki, baxtimizga muhabbat yaratilgan. U uzib bo‘lmaydigan zanjirdek odamlarni bir-biriga birlashtirib turadi. Quyosh osmonni, olamni yoritadi. Muhabbat esa ko‘ngil quyoshi. U odamning bag‘rini yoritadi. Ko‘ngil osmonini yoritadi...
Sumanbar menga yalt etib qaradi. Shirin jilmaydi. Qorachig‘i olov bo‘lib yonayotgandek, ko‘zlari butunlay o‘zgacha charaqladi.
- Insoniyat haligacha muhabbatdan ulug‘ tuyg‘uni kashf etolmagan, - dedi Sumanbar boshini silkitib quyuq sochlarini orqasiga yoyib tashlarkan. - Muhabbat - ko‘ngil kashfiyoti. U dastlab ko‘ngilda tavallud topadi. Til bilan emas, ko‘ngildan ko‘ngilga pinhona izhor etilgan muhabbat haqiqiy muhabbatdir. Nafaqat yor, nafaqat ota-ona yoki farzand, balki Vatanning ham, uning muqaddas tuprog‘ining ham faqat ko‘ngildan sevilishini istayman. Muhabbatsiz odamning qalbi bo‘m-bo‘sh, g‘aribdir. Bunday odam hech kimni, hech nimani sevolmaydi. Bundan Allohning o‘zi asrasin.
Sumanbarning so‘zlari fikr-xayolimni butunlay o‘zgartirib yubordi. U ko‘zimga oddiy qiz emas, xuddi osmondan tushgan farishta bo‘lib ko‘rina boshladi.
Yashnab turgan chehrasiga sezilar-sezilmas o‘g‘rincha nigoh tashladim: ikki ko‘zi odamni hayratga soladigan darajada o‘tkir charaqlab turibdi. Uzun kipriklari ko‘zlarini qo‘riqlashga tayyorlanayotgan askarlardek saf tortgan. Qayrilma qoshlari goh bir-biriga tutashadi, goh bir-biridan silkinib-silkinib ajraladi. Iyagining bir chetiga yopishib turgan qoramtir xoli o‘rnidan goh u, goh bu tomonga qo‘zg‘alib, chinakam mo‘’jiza to‘la go‘zallik kashf etmoqda...
Suhbatimiz ancha qizib, uchrashuvimizga oq fotiha beradigan o‘sha qarib-qartaygan, ikkimiz uchun nihoyatda muqaddas keksa chinor tagiga yetib kelganimizni sezmay qolibmiz. Uning ham shoxlari yalang‘och bo‘la boshlagan. Barglarining yarmidan ko‘pi to‘kilib, oyoqlarimiz ostida gilamdek to‘shalib yotardi.
- Siz bilan xayrlashish men uchun juda og‘ir, - dedim gapni nimadan boshlashga qiynalib. - Uchrashuvimiz tugamasa ekan. Alloh insoniyatga sevish va sevilish uchun muhabbatni in’om etganiga yuz marta shukur. Shunday uchrashuvlar, totli visol onlarini in’om etganiga ming marta shukur.
- Faylasuf bo‘lib keting-e, qoyil, - dedi Sumanbar qiqirlab kulgancha o‘rnida bir-ikki aylanib, xayrlashish uchun oppoq, mayin qo‘lini cho‘zarkan. - Sabr haqida eshitganmisiz?
- Yo‘q, - dedim hayron bo‘lib.
- Sabrning tagi rohat...
Ikkalamiz ham baravariga kulib yubordik. Sumanbarning gavdasi qora nuqtaga aylanib, ko‘zga ko‘rinmay qolganicha qoqilgan qoziqdek o‘rnimda ancha mahal qotib turdim.
Nihoyat, ortimga qaytarkanman, bag‘rida o‘n to‘rt kunlik oyni ardoqlayotgan osmondek yorishgan qalbimning eng chuqur tub-tubidan hali bo‘g‘zimgacha, tilimgacha yetib kelolmagan quyidagi so‘zlar otilib chiqa boshladi: “Kuz - men sevgan fasl. Bu faslda baxtimni topdim. Bu faslda muhabbatimni topdim. Endi kuz fasliga bo‘lgan muhabbatimni hech kim hech qachon so‘ndirolmaydi...”
Fayzi HAYDAROV