Men Vatanni qanchalik sevdim?

Ko‘p yillik pedagogik faoliyatim va ko‘plab asarlarning muallifi sifatida o‘zimni ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi, Vatanni sevuvchi inson sifatida hisoblab yurardim. Tarixchi olim Amriddin Berdimurodovning “Vatan haqqiga munojot” kitobini o‘qib, bu fikrdan sal haddim pasaydi va aksincha, ma’naviyat-ma’rifatga, uning doshqozoni bo‘lgan Vatanimga muhabbatim yanada oshdi, o‘n chandon mustahkamlandi.

  Avvalo, kitobning yozilish uslubi haqida ikki og‘iz.

Birinchidan, muallifning Vatan haqidagi keltirgan ma’lumotlari bir-biridan qiziq, bir-birini to‘ldirib va mustahkamlab boradi. Ikkinchidan, muallifning har bir fikri, Vatan haqida berayotgan ma’lumotlari hayotiy obrazlarda gavdalantiriladiki, uning bosh markazida muallifning o‘zi emas, so‘zi turadi. Vatanni sevmoq mavzusida bunday usulda yozilgan kitoblarni juda kam uchratasiz. Amriddinning ushbu kitobini Zahiriddin Boburning “Boburnoma” asariga, uning yozilish uslubiga qiyoslagim keldi.

  Kitobning boshida muallif bir kasbning yoki ilmning boshini yaxshi tuta olmagan va natijada Amerikaga “Grin kard” yutib ketgan va u yerda pul topib boyigan bir yigitning Vatani va vatandoshlariga bo‘lgan bepisandligini ko‘rib ranjiydi. Boshida menga, go‘yo kitob shunday insonlarga qarata pand-nasihat tarzida yozilganday ko‘rindi. Keyin bildimki, asosiy maqsad unday emas. Kitob avvalambor, muallifning o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbati, ahdu-paymoni, sevgi-kalomidir. Ana shu oliy tafakkurni, g‘oyani muallif o‘sha bepisand yigitga tushuntirmoq, uning yuragiga o‘t solmoq istagida bo‘ladi. Va muallif o‘zi bilib-bilmagan holda butun mamlakat xalqiga, o‘zbek millatiga, ayniqsa yoshlarga Vatanni sevmoq nima uchun iymondan ekanligini yorqin misollarda, jonli voqealarda, tarix va zamon ko‘zgularida ochib beradi, ravon bayon etadi va Vatan haqqiga munojot qiladi!

  Kitobda keltirilgan asosiy g‘oyalar va haqiqat mazmuni qisqacha quyidagilardan iboratdir.

  Vatan Ona kabi muqaddasdir! Ona esa Vatan kabi. Inson onasini boy yoki kambag‘alligiga qarab emas, onasi bo‘lganligi uchun sevadi. Bas shunday ekan, inson o‘z Vatanini boy yoki kambag‘alligiga qarab emas, balki tug‘ilib o‘sgan Vatani bo‘lganligi uchun sevishi kerak. Vatanni sevmaslik esa unga xiyonatdir! O‘z vatanini sevmagan odam hech narsani seva olmaydi.

“Vatan, bu – ma’lum bir yerda yashagan xalqlardan avlodlarga meros bo‘lib o‘tgan muqaddas tuproqdir. Biz yashayotgan kulba, qasr, qishloq yoki shahar ham shu tuproqdan bunyod bo‘lgan. Shu tuproq bizni ko‘tarib turadi, rizq-ro‘z beradi, vafot etganlarni o‘z bag‘riga oladi”, deb yozadi A.Berdimurodov.

  To‘g‘risini aytsam, kitobni o‘qishim chog‘i ba’zan ko‘nglim bo‘shab, ko‘zlarim namlandi.

  Ha, butun insoniyat va hayvonot hamda nabotot olamining tirikchiligi ham shu tuproq – yer bilan bog‘liqdir. Hayot tuproqsiz, suvsiz bo‘lmaydi. Kimki va nimaiki yersiz yashay olmasa, u shu yer ozuqasi – suvsiz ham yashay olmaydi. Barcha yer osti va yer usti boyliklari ham shu Vatannikidir. Shuni bilingki, biz sevgan Ona Vatanimizning jon tomirlari bor. Bu jon tomirlar nafaqat tuproq, suv, havo va quyosh, balki ota-onalarimiz farzandlariga, bobo-buvilarning nabira va evaralariga beradigan o‘gitlari, pand-nasihatlari va hikmatli so‘zlaridir.

  “Vatanning yana bir jon tomiri, shu Vatanda yashayotganlarning insofli, diyonatli, qanoatli bo‘lishi, bir-birini qadrlab, bor kuch-g‘ayrati, mehr-muhabbatini shu Vatanga bag‘ishlagani, undan ozuqa olgani bo‘lsa kerak”, deb fikr bildiriladi mazkur kitobda.

“Vatanning navbatdagi jon tomiri, shu vatandagi erkaklarning ayollariga bo‘lgan mehr-muhabbati, g‘amxo‘rligidadir. Chunki ayoldan ayro Vatan yo‘q. Ayollarga, onaga, opa-singillarga, amma-xolalarga mehr ko‘rsatish Vatanga mehr ko‘rsatish, uni sevishning bir turidir. Vatanning jon tomirlarining yana biri – shu zaminda yashab o‘tgan ulug‘ insonlarning buyuk xizmatlari, ular qoldirgan yorqin xotiralari, minnatdor avlodning esa ularga ko‘rsatadigan hurmat-ehtiromlaridan ozuqa olishidadir. Va yana vatanning jon tomiri, shu Vatan xalqining urf-odatlariga, milliyligiga, Vatan sha’niga sodiqligida, or-nomusida, o‘zga yurtlarda bo‘lib ham o‘zligini, o‘zbekligini unutmaydigan oriyatli odamlarning borligida, onalarning allalarida, xalqning kuy-qo‘shiqlarida, o‘lanu-alyorlarida, ularning ohanglaridan ozuqa olishligida hamdir”, deb tushuntiradi Amriddin Berdimurodov.

Mahdumi A’zam Dahbediy, “Vatan – inson qalbiga joylashgan butun bir mamlakatdir” deb yozgan ekan. Biroq, inson qanday qilib va qay holatda o‘z qalbiga o‘sha butun bir mamlakatni, ya’ni Vatanini joylashtira oladi? Javob: qachonki, u Vatanini dildan sevsa. Xo‘sh, qachon u Vatanini dildan seva oladi? Javob: qachonki, u shu Vatanda o‘z baxtini topa olsa! Savol: Baxt nima o‘zi? Baxt – bu, shu Vatanda tug‘ilib o‘sishing, tarbiya va ta’lim olishing, oila qurib farzand ko‘rishing, sog‘liging va kasbi-koring, mehnatsevarliging, oilangni, kasbingni sevishing, uni ardoqlashing, qadriga yetishing, sadoqating, mehribonliging, mayin muloqoting va tabassumingdir.

Vatanni sevmoq uchun uning tarixini bilmoq kerak. Kimki o‘z Vatanining tarixini bilsa, uning sarhadlari-yu, “siymosini” tasavvur qilsa, ajdodlarining kimligini va ular shu Vatan uchun qanday buyuk ishlarni amalga oshirganini, bizga qoldirgan moddiy va nomoddiy merosini, madaniyat va tamaddun asoslarini, qadriyat va urf-odatlarni bilsa, tushunsa o‘shandagina o‘zligini, o‘z haqqini bila oladi. O‘zligini, o‘z haqqini va Vatan hamda vatandoshlari oldidagi burchini bilgan odamgina Vatanini seva oladi! Vatanini sevmagan odam o‘zini ham seva olmaydi. Kitobni o‘qir ekanman, Vatan haqqiga yozilgan munojot, haqiqat menda ana shunday gavdalandi.

Vatanni sevmoq iymondir. Nima uchun? Amriddin Berdimurodovning kitobi bu savolga batafsil javob beradi va muallif o‘zi misolida Vatanni qanday sevmoq kerakligini ham bir yo‘la tushuntirib beradi. Vatanni har kim har xil madh etadi. Ular orasida mashhur shoirlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarning oldiga tushadiganlari topilmasa kerak. Biroq, Vatanni nasr uslubida madh etishda Amriddin qo‘llagan uslub butunlay boshqacha.

Vatandoshlarim, uni o‘qing. Qayta-qayta o‘qisangiz ham haqqingiz ketmaydi. Men kitobni o‘qib chiqib, o‘ylab qoldim. Xo‘sh, men bir ijodkor pedagog olim, me’mor, yoshlar murabbiysi sifatida Vatanni qanchalik sevdim, fuqarolik burchim kabimi yoki undan ziyodroq tarzdami? Barchamiz, shoirlar, ijodkorlar, pedagoglar, olimlar, arboblar, vatandoshlar Vatanni sevamiz deymiz. Shoirlar she’r yozadi, yozuvchilar qissa, roman, olimlar ilmiy kashfiyotlar qiladi, tadbirkorlar yaratadi, bunyod etadi... Xo‘sh, men Vatan uchun nima qildim, uni qanday sevdim?

Men me’morchilik sir-sinoatlarini yoritishga qaratilgan 30 ga yaqin kitob yozdim. 2 nafar fan nomzodini, 8 nafar arxitektura fanlari bo‘yicha falsafa doktorini tayyorladim. Kitoblarning qay birlarini talabalar uchun, boshqalarini esa o‘sha talabalarni o‘qitadigan domlalar, mutaxassislar uchun yozdim. Ular orasida ilmiy-ommabop tarzda yozilgan oddiy xalqqa, ziyolilarga ham mo‘ljallangan, o‘z Vatanini sevgan, uni ulug‘lagan, Vatanni deb zavq-shavqli hamda iztirobli davrlarni boshidan kechirgan, zahmat chekkan ulug‘ insonlarning o‘z Vatani, xalqi uchun bajargan ulkan bunyodkorlik, shaharsozlik, me’morchilik, el-yurt obodonchiligi, ma’murchilik, bog‘-istirohatchiligi, madaniyat va san’at, ilmu-fan rivoji kabi ishlariga bag‘ishlangan kitoblarim ham bor. Kitoblarimdagi bu insonlar Vatanni sevishda, uni ardoqlashda, madh etishda hammaga namuna bo‘lgan buyuk bobokalonlarimiz – Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa Temuriylardir.

Menga Vatanni qanday sevishni, ularning hayoti, bosib o‘tgan hayot yo‘li, Vatan uchun chekkan zaxmatlari va xizmatlari o‘rgatgan. Ular haqida “Allomalar olami”, “Ulug‘bek yaratgan ma’naviyat”, “Bunyodkor Boburiylar”, “Temuriylar ma’naviyati va madaniyat”, “Temuriylar arxitekturasi tarixi” kitoblarini yozib, o‘sha asarlarim uzra menda Vatanni sevish hissiyoti tug‘ildi. Bular Vatanimni sevishim uchun birinchi, dastlabki turtki, asos bo‘lsa, ikkinchisi, bu Vatanni o‘z mutaxassisligim, arxitektura fani, uning nazariyasi va tarixi, me’moriy binolar tipologiyasi, arxitekturaviy loyihalash va kompozitsiya asoslari, me’moriy shakllar garmoniyasi, landshaft arxitekturasi va dizayni, bog‘-parkchilik san’ati, me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va tiklash bo‘yicha yozgan kitoblarim, ilmiy yangiliklarim va kashfiyotlarim bilan sevganimdir. Chunki, menga ana shunday ishlarni amalga oshirishimga shu Vatan makon va imkon berdi. Va eng asosiysi, mening tug‘ilib o‘sgan Ona Vatanim – O‘zbekistonni tom ma’noda bilishim, ko‘rib his qilishim, uni tanishim bo‘ldi.

Ha, men uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, uning qishloqlari-yu, shaharlari, keng dalalari, bog‘u-bo‘stonlari, tog‘u-toshlari, so‘lim go‘shalari, ko‘lu-daryolari, sahro-yu kabirlari, cho‘lu-dashtlari, sarhadlarini, eng muhimi, shu Vatanda yashab mehnat qilayotgan insonlarni, yoshu-qariyalarni, Vatan fidoyilarini ko‘rdim. Ular bilan tanishdim, do‘stlashdim, suhbatlarini oldim. Bildimki, ular mendan yaxshi odamlardir.

Va nihoyat, Vatanni tom ma’noda sevish uchun uning shonli tarixini, qayg‘uli o‘tmishini ham bilmoq kerakligiga amin bo‘ldim. Mana shuning uchun ham, mening arxitektura tarixi bo‘yicha yozgan asarlarim Vatan tarixi bilan hamohang va mushtarak yozildi. Mana shularning barcha-barchasi mening Vatanimni qanchalik sevishimga guvohdir. Yana shuni angladimki, sen tug‘ilgan, sening farzandlaring, ajdodlaring tug‘ilib o‘sgan, yashagan va yashayotgan Ona Vatanni sevishni amalda ko‘rsatishing, isbotlashing kerak ekan. Shunda u senga o‘zligini chiroyini ochar va senda uni sevish hissi paydo bo‘lar ekan. Amriddinning munojotini o‘qib ushbu fikrlarni qalbimga takomil etdim.

Amriddin Berdimurodovning esseni “Kitobimni faqat bir niyatda, tabarruk Vatanim – O‘zbekistonni ulug‘lash va ulug‘lattirish, sevish va sevdirish, qadrlash va qadrlattirish uchun yozdim”, deb tugatadi.

Shu o‘rinda bir taklifim bor. Har yili mamlakatimiz mustaqilligi arafasida “Eng ulug‘, eng aziz!” tanlovi tashkil etiladi. Men ushbu kitobni mazkur nufuzli tanlovga qo‘yilishini va albatta kitob va kitob muallifi ushbu nufuzli tanlovning g‘oliblar safida bo‘lishini istayman. Zero, aynan “Vatan haqqiga munojot” kabi kitoblar “Eng ulug‘, eng aziz!” tanloviga qo‘yilishi va e’tirof etilishi zarur.

Ahtam O‘rolov,

me’morchilik fanlari doktori, professor.