“Meni qarovsiz qoldirishdi...” Ishtixonlik yolg‘iz keksa oilaviy poliklinikadan shikoyat qildi
Viloyat adliya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Ishtixon tumani Qangli qishlog‘ida yashovchi S.Q. yolg‘iz yashaydi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj. U tuman adliya bo‘limiga garchi tegishli me’yoriy hujjatlarda belgilangan bo‘lsa-da oilaviy poliklinikadan biriktirilgan xizmat ko‘rsatuvchi xodim asossiz ravishda kelmay qo‘yganidan norozi bo‘lib, murojaat qilgan.
Ta’kidlanishicha, o‘rganishlar chog‘ida fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan holat o‘z tasdig‘ini topgan.
Vazirlar Mahkamasining “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyida parvarish qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatilishi hamda ular maishiy xizmat ko‘rsatishni, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini, zarur sanoat tovarlarini va dori-darmonlarni sotib olish va uyiga yetkazib berishni, ovqatlar tayyorlashda va uyni yig‘ishtirish-tozalash, gigiyena ishlarida ko‘maklashishni o‘z ichiga olishi belgilangan.
Tuman adliya bo‘limining aralashuvi bilan fuqaroga hududdagi oilaviy poliklinikadan bir nafar xodim biriktirilishi ta’minlangan.