Mening dorilfununlarim

1967 yilda o‘rta maktabni tamomlab, Samarqand davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Fakultetimizda akademiklar, professorlar, taniqli olimlar faoliyat ko‘rsatardi. Biz xorijiy tillar fakulteti talabasi bo‘lsak-da, akademik Vohid Abdullayevning «O‘zbek adabiyoti tarixi» fanidan leksiyalariga qatnashib turardik. Yoki taniqli tilshunos olima, professor Yu.Avalianining jahon tilshunosligi va frazeologiya ilmi bo‘yicha o‘qigan ma’ruzalari biz yoshlarni ilmga jalb etardi.

Yodimda, birinchi kursda «Adabiyotshunoslikka kirish» fanidan professor Orifjon Ikromov ma’ruza o‘qidi. Domla imtihon olayotgan paytida talabalardan biror taniqli shoirning she’rlaridan yoddan aytib berishni so‘rardi. Imtihon biletidagi savollarga javob berganimdan so‘ng, ustoz: «Qaysi shoirning she’rini yodlagansan?», dedilar. Hamid Olimjonning «O‘zbekiston» she’rini aytib berdim.

- Bo‘ldi, bahong besh, - dedi domla she’rni oxirigacha tabassum bilan tinglab. - Sen «chet tillar»da nima qilib yuribsan, Nuriddin Shukurov va Saydulla Mirzayevga aytaman, seni o‘zbek filologiyasiga o‘tkazsin.

Ikkinchi kursda fakultetimizga yosh, chet tili bo‘yicha talabchan mutaxassis M.Nusharov dekan etib tayinlandi. Rektor - akademik Yolqin To‘raqulovning qo‘llab-quvvatlashi va dekanimizning sa’y-harakati bilan fakultetmizda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘nlab yosh o‘qituvchilar Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev universitetlariga stajirovka va aspiranturaga yuborildi. Oxirgi kurs talabalaridan bir guruhimiz Leningrad universitetida tarjimonlik amaliyotini o‘tadik. O‘sha kezlarda professor Ibodulla Mirzayev menda tarjima va tarjimashunoslik ilmiga ishtiyoq uyg‘otgandi.

1972 yil universitetni tamomladim va yo‘llanma bilan Samarqand davlat pedagogika institutining chet tillar kafedrasiga ishga bordim. U yerda ikki yil ishlab, yana qadrdon universitetimga qaytdim. Sababi, bu yerda Yu.Avaliani, A.Hayutin, M.Nusharov, A.Bushuy kabi xorijiy tilshunoslik, adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik ilmi bilimdonlari faoliyat ko‘rsatishardi. Ulardan ilmga yo‘llanma oldim, jahon adabiyoti tarixi va tarjimashunoslik nazariyasi yo‘nalishida ilk maqolalarimni yozdim.

1976 yilda dekanimiz Meliqul Mahmudovich meni huzuriga chaqirib «Muhammad, fakultetda yaxshi ishlayapsan, o‘zingni ko‘rsatding, ilmga chanqoqliging ko‘rinib turibdi. Seni to‘rt oyga Moskva davlat universiteti (MDU)ga ilmiy stajirovkaga yuborsam nima deysan?», dedilar. Men hayajon bilan «Rahmat, domla, ishonchingizni oqlayman, ilmiy ish qilaman», dedim.

Shunday qilib, to‘rt oy MDUning fransuz filologiyasi kafedrasida malaka oshirdim va 1982 yilda «Fransuz badiiy adabiyoti o‘zbek tilida (tarjima tarixi va amaliyoti misolida)» mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim.

1983 yil bo‘lgan bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Samarqand davlat chet tillar instituti majlislar zalida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya bo‘ldi. Konferensiyani akademik Vohid Abdulla boshqarardi. Men “Hazrat Alisher Navoiy she’riyati fransuz tilida” nomli ma’ruza bilan qatnashib, Navoiy g‘azallarining fransuzcha tarjimalarini qiroat bilan o‘qidim. Shunda Vohid Abdulla bir-ikki marta «Yana qaytarib o‘qi», deb to‘xtatdilar. Ma’ruzam tugagach, “Navoiyni fransuz tilida ham o‘qisa bo‘larkan-ku. Yashavor, tulpor! Navoiyning ruhi qo‘llasin”, deya duo qildilar.

1985 yil SamDUga yirik matematik olim, O‘zFA akademigi Shavkat Alimov rektor bo‘ldi. O‘sha payt universitetning fransuz filologiyasi kafedrasi dotsenti vazifasida ishlardim. Bir kuni rektor chaqirtirdi. Domlaning huzuriga bordim, hurmat bilan kutib oldilar-da «Siz moskvalik akademik N.Balashevning shogirdimisiz? Necha yoshdasiz, qaysi kafedrada ishlaysiz?», dedi. «35 yoshdaman, fransuz filologiyasi kafedrasida ishlayapman», deya javob qaytardim.

«Fan doktori bo‘lishni xohlaysizmi?» deya yana savol berdi rektor. Men «Ha» ishorasini qilgach, «Sizni doktoranturaga yuboramiz, arizangizni yozing», dedi.

1986 yilning sentyabrida Moskvadagi jahon adabiyoti instituti (IMLI)ning doktoranturasiga qabul qilindim. 1989 yilda akademik N.Balashev va professor N.Vladimirova konsultantligida doktorlik dissertatsiyasini yozdim. Ammo «qayta qurish» degan alg‘ov-dalg‘ov yillar boshlanib, uni yoqlash juda qiyin bo‘ldi. Nihoyat 1991 yilning oxirida taniqli dramaturg Izzat Sulton boshqarib borgan ilmiy kengashda doktorlik dissertatsiyamni yoqladim.

1992 yilda Toshkentda akademik B.Toshmuhammedov rahbarligida Oliy attestatsiya komissiyasini tashkil etishda qatnashdim.

O‘sha yili SamDUga taniqli fizik olim, akademik Tolib Mo‘minov rektor bo‘ldi. U kishining tashabbusi bilan chet tillar fakulteti qoshida «Jahon adabiyoti kafedrasi» ochildi. 1992-1998 yillar universitetda kafedra mudiri, filologik markaz direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, fakultet dekani, filologiya yo‘nalishi bo‘yicha himoya kengashining a’zosi bo‘lib ishladim.

1999-2005 yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti fransuz filologiyasi fakulteti dekani va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdim. Bir muddat Moskva davlat ochiq universitetida leksiyalar o‘qib, 2006 yil sentyabridan Jizzax davlat pedagogika instituti ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor lavozimlarida ishladim. Ayni paytda O‘zbekiston jahon tillari universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida yosh tadqiqotchilarga rahbarlik qilaman. Faoliyatim davomida 16 nafar fan nomzodi va 2 nafar fan doktori tayyorladim. Hozirgacha o‘nlab ilmiy risolalarim, 200 dan ortiq maqolalarim e’lon qilindi. Fransuz adabiyotidan qilgan tarjimalarim nashr etilgan.

Universitetda akademik Botirxon Valixo‘jayev, professorlar Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev, Rahim Muqimov, Rahmatulla Qo‘ng‘urov, Nazar Rajabov, Meliqul Nusharov, Bekmurod Yo‘ldoshev, H.Umurov, A.Bushuy, N.Turniyazov, Sh.Safarov, S.Karimov, I.Mirzayev kabi olimlar bilan yonma-yon ishlaganim, ishlayotganimdan  faxrlanib yuraman. Umuman, SamDU, MDU, IMLI kabi ilmiy dargohlar bag‘rida olimlik martabasiga erishdim. Ustozlarim va menga ta’lim-tarbiya bergan dorilfununlarimga hamisha ta’zimdaman.

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

Tahririyatdan: Muhammadjon Xolbekov Samarqand adabiy muhitida kamol topgan va tarjimashunoslik bo‘yicha o‘z maktabini yarata olgan olim. Unixorijda ham  bilimdon adabiyotshunos sifatida tan olishadi.

Muhammadjon aka qirq yildan beri «Zarafshon»ning faol mualliflaridan biri. Yangi tarjimalar, tarjima san’ati mavzusidagi dolzarb maqolalari bilan qatnashib turadi.

Izlanuvchan, zahmatkash olim bugun 70 yoshga to‘ldi. Muhammadjon akani ushbu tabarruk yoshi bilan muborakbod etamiz. Ustozga farzandlar va shogirdlar kamolini ko‘rib yurish nasib etsin!