Messi "Barselona"ni xonavayron qilyapti. Qanday qilib?

Ispaniyada dahshatli janjal ro‘y berdi. Mahalliy “El Mundo” gazetasi Leo Messining “Barselona” bilan tuzgan kontrakti nusxasini e’lon qildi, deb yozadi “Mir novostey” (2021 y. 6-son) haftanomasi.

Aniqlanishicha, argentinalik charm to‘p ustasi to‘rt yil ichida 555,2 million yevro ishlab olishi mumkin.

Bu professional sport tarixida eng yirik shartnomadir. 30 sahifadan iborat shartnomada “Barselona” Messiga mavsumda bonuslar ham qo‘shilgan holda 138 million yevro to‘lash majburiyatini olgan. Buning ustiga yana 115 225 000 yevro bonus, hayrixohligi uchun 77 929 955 yevro bonus imzolash ko‘zda tutilgan.

Tasavvur qilyapsizmi? Yozda Messi “Barselona”dan ketmoqchi ekanligi haqida mavsum oxiridan oldin klub prezidenti Jozep Bartomeni ogohlantirilgan edi. Nima bo‘ldi? Leo ketmasligi, Ispaniyada qolishi uchun 78 million yevro berishdi. Bunday bonus o‘yinchini klubda qolishi, boshqa jamoalarga o‘tishi haqida har qanday fikrdan voz kechishga undaydi, albatta.

Hozircha Messi “Barselona” bilan yangi shartnoma imzolagani yo‘q. U bu haqda klub prezidenti saylovidan keyin o‘ylab ko‘rmoqchi. Xo‘sh, Messi gazeta xabariga qanday munosabat bildirdi? U darhol “El Mundo” bilan sudlashishini ma’lum qildi. Aftidan u Ispaniyada ishlab topayotgan pulini jarima hisobiga to‘ldirmoqchi. Argentinalik futbolchining advokati gazetachilarga qarshi ish ochish, uning mijozining shartnomasi oshkor bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan klub xodimlarini javobgarlikka tortish taraddudini ko‘rmoqda.

Leo fosh etilganidan bir necha kun ilgari o‘sha gazeta “El Mundo” “Barselona” bankrotga uchrashi mumkinligini xabar qilgandi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, klubni 1 milliard 173 million yevro qarzi mavjud. Buning ustiga uning 730 million yevrosini klub qisqa muddatda to‘lashi lozim.

Bundan tashqari, klub daromadining 74 foizini ish haqiga to‘lamoqda. Bu esa La Ligada belgilangan 70 foizdan oshadi. Ispan klubi qarzlarining yarmini Messiga to‘langan mablag‘ tashkil qiladi. Soddaroq qilib hisoblanganda, “Barselona”da arzanda Messi bir yilda 139 million yoki bir kunda 381 ming yoki bir soat 15,875 yoki bir daqiqada 265 yoki bir sekundda 4 yevro haq oladi.

“Barselona” futbol klubi prezidentligiga saylov 7 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Maxfiy materiallarni “El Mundo”da oshkor etilishi aftidan klub boshlig‘i lavozimiga nomzodlardan birining qora ishidir. Nima bo‘lganida ham bir narsa aniq. “Barselona” iqtisodiy tanglikdan chiqib, kelajakda yana azaliy shuhratini tiklaydi, ammo bu Messisiz yangi davr bo‘ladi.

T.Shomurodov tayyorladi.