Metan «zapravka»larga cheklovlar o‘rnatilgani bois jamoat transporti harakatdan to‘xtab qolmaydimi? Chiqindi tashish mashinalari qanday ishlaydi?

Bu savollarga javob olishdan avval aholiga issiqlik yetkazilishi haqida bilib olaylik. Axir, besh kundan buyon davom etayotgan sovuq havo tufayli Samarqandda tabiiy va suyultirilgan gaz iste’moliga talab oshdi.

Ayrim joylarda, jumladan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, Payariq, Ishtixon, Samarqand, Past Darg‘om tumanlari gaz bosimi pasaydi.

- Tabiiy gaz bosimi pasaygan mahallalarni aniqlab, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga maishiy gaz ballonlari tarqatyapmiz, - deydi «Hududgaz-Samarqand» gaz ta’minoti korxonasi direktori o‘rinbosari Xurshid Meyliyev. – Samarqand shahridagi Xo‘ja Abdudarun, Mo‘liyon, Maroqand, Mehnat mahallalarida yashovchi aholiga 200 dan ziyod gaz ballon yetkazib berildi.

Magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi sababli viloyatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgan.

Xo‘sh, metan «zapravka»larga cheklovlar o‘rnatilgan ekan, jamoat transporti harakatdan to‘xtab qolmaydimi? Yo‘lovchilar qanday qilib o‘z manziliga yetib boradi? Yonilg‘i bo‘lmasa maxsus mashinalar chiqindi tashishga chiqolmaydi-ku?

-  Qanchalik qattiq sovuq bo‘lmasin, jamoat transportining harakatida muammo bo‘lmaydi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov. – Yo‘lovchilar kecha-kunduz ular xizmatidan foydalanishlari mumkin. Chunki, «Hududgaz-Samarqand» gaz ta’minoti korxonasi bilan kelishgan holda Samarqand shahri, Paxtachi va Urgut tumanlarida jamoat transporti, ya’ni avtobus va mikroavtobuslar uchun bittadan maxsus yoqilg‘i quyish shaxobchalari faoliyatini davom ettirmoqda. Kuniga 250 tagacha avtobus viloyatimiz hududlariga qatnamoqda.

Samarqand shahrida to‘plangan chiqindilarni «Maroqand obod» davlat unitar korxonasining maxsus mashinalari tashib chiqaradi.

– Ilgari 80 dan ziyod mashina yordamida kuniga 500 tonnadan ziyod chiqindi tashigan bo‘lsak, bugungi kunda 50 dan ziyod texnikamiz ishga chiqyapti, - deydi «Maroqandobod» DUK boshlig‘i Rasul To‘lqinov. - Eng katta muammomiz yoqilg‘i masalasi. Ayni vaqtda metan gaz to‘ldirish shoxobchasidan olishga to‘g‘ri kelyapti. Bu yerda nafaqat bizning texnikalar, balki jamoat transporti, maxsus mashinalar navbat kutib turibdi. Bu ko‘p vaqt olib, ish unumiga salbiy ta’sir qilyapti.

«Hududgaz-Samarqand» gaz ta’minoti korxonasidan olingan ma’lumotga qaraganda, bugundan boshlab barcha shahar va tumanlarda bittadan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga 2 soatdan ishlashga ruxsat beriladi. Unda ham faqat jamoat transporti, chiqindi tashuvchi texnikalar va boshqa maxsus xizmat ko‘rsatuvchi mashinalarga yoqilg‘i beriladi.   

Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, sovuq shu hafta oxirigacha davom etadi. Bu kommunal va aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari vakillaridan alohida mas’uliyat talab qiladi. 

Dilmurod To‘xtayev.