MIB: Bir yilda 2,9 trillion so‘mlik qarzdorlik undirildi
Viloyat Matbuot uyida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2024 yilgi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i Sur’at Jabborov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bu davrda 11,5 trillion so‘mlik 1 million 217 mingta ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilib, 8,5 trillion so‘mlik 785 ming 575 ta hujjat ijrosi ta’minlangan. Shundan 524 ming 65 tasi bo‘yicha 2,9 trillion so‘mdan ortiq qarzdorlik undirilgan. Xususan, davlat foydasiga 415 ming 40 ta ish bo‘yicha 1,2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ undirilishi ta’minlangan.
- Viloyatimiz hamon aliment undirish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turibdi, - deydi Sur’at Jabborov. – Har oyda ijroga mingtagacha hujjat keladi. Ayni vaqtda ijroga qaratilgan hujjatlar soni 40 mingtadan oshgan. O‘tgan yili 145,2 milliard so‘mdan ortiq aliment qarzdorliklari undirib berilgan bo‘lsa, 123 nafar undiruvchiga 1 milliard 173 million so‘mga yaqin malag‘ aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilgan edi. Afsuski, bu raqamlar muttasil oshib bormoqda.
Tizimda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan muddatlarda va xolisona ko‘rib chiqilishiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yili byuroning viloyat boshqarmasi tizimiga 27 ming 883 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 27 ming 330 tasi hal etilgan. Shundan 16 ming 457 tasi qanoatlantirilgan, 10 ming 859 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Bundan tashqari, ish haqini undirish bilan bog‘liq 157 ta hujjatning ijrosi ta’minlanib, 1,8 milliard so‘mlik ish haqlari undirib berilgan.