«Mirzabog‘lon–Chep» mahallasi aholisiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi

Urgutning olis Chep qishlog‘ida yashovchi Ziyodullo ota Karimov 92 yoshda bo‘lsa-da hamon tomorqada mehnat qiladi – ro‘zg‘or uchun turli mahsulotlar yetishtiradi, uzum parvarishlaydi. Zarur bo‘lganda shu mahsulotlar savdosi bilan ham shug‘ullanadi. Shuning uchun «Soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR) olsam, zarar qilmaydi», deb o‘ylar, ammo uni olish uchun tuman markaziga borishga qiynalardi. Mahallasiga davlat xizmatlari agentligi xodimlarining kelganligini eshitib, birinchilardan bo‘lib u yerga yetib bordi va 10 daqiqada STIRga ega bo‘ldi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqarmaning tuman (shahar) markazlari mutaxassislari Ziyodullo ota kabi viloyatimizning uzoq hududlaridagi qishloqlarda yashab, ayrim xizmat turlariga ehtiyoj sezayotgan fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda. Bu galgi sayyor tadbir Urgut tumanining olis “Mirzabog‘lon-Chep” mahallasida o‘tkazildi.

Dastlab davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Akmal Turobov hamda tuman davlat xizmatlari markazi direktori Muhitdin Xaliqov fuqarolarga ko‘rsatib kelinayotgan 120 dan ortiq davlat xizmatlari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng, sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi maxsus avtobusda mutaxassislar tomonidan  mahalla fuqarolariga sifatli hamda tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 

- Xodimlarimiz ushbu tadbirda fuqarolarga nafaqat davlat xizmatlari ko‘rsatdi, balki ularning bilimlarini oshirish maqsadida tizimdagi va qonunchilikdagi yangiliklarni targ‘ib qildilar, - deydi A.Turobov. – Fuqarolar murojaatlarining aksariyati jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchining identifikatsion raqamini (STIR) olish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, suv tarmog‘iga ulanish, farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun yo‘llanma berilishi kabilardan iborat bo‘ldi. Umuman, ko‘rsatilgan xizmatlardan ushbu mahalla hamda hududga yaqin bo‘lgan Vatkan, Beshyog‘och, Chumchuqli va Mo‘minobod qishloqlarida istiqomat qiluvchi 200 dan ortiq aholi samarali foydalandi.

Davlat xizmatlari agentligi

Samarqand viloyati boshqarmasi

axborot xizmati.