Mirzo Ulug‘bek izdoshlari yana Samarqandda jam bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining shu yil 12 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, yurtimizda buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan shu yilning 10-11 oktyabr kunlari Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur anjuman Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
– Ayni paytda konferensiyaga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, – deydi Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov. – Anjumanning ochilish marosimi va yalpi majlis, besh shu’badan iborat dasturi tayyorlandi. Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi rahbarlari, yurtimizning taniqli ilm-fan namoyandalari va xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bir qator xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari va astronom, tarixchi olimlarga taklifnomalar yuborilib, ulardan javob olingan. Hozirgacha o‘nga yaqin davlatdan yigirmadan ortiq ishtirokchi konferensiyada ishtirok etishini tasdiqlagan. Shuningdek, ayrim olimlar anjumanda onlayn tartibda qatnashishini bildirdi.
Anjuman dasturidan Mirzo Ulug‘bekning astronomiya ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, yaratgan asarlariga oid so‘nggi tadqiqotlar natijalari, ilmiy yangiliklar, o‘sha davr ilmiy va madaniy hayotiga doir, shuningdek, ulug‘ alloma shogirdlarining faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar, taqdimotlar o‘rin olgan.
Tadbirlar davomida Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” va “To‘rt ulus tarixi” nomli asarlarining bir necha tildagi yangi nashrlari taqdimoti o‘tkaziladi.
Samarqand davlat universitetida anjumanda qatnashadigan xorijlik olimlar tomonidan ma’ruzalar o‘qilishi, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Jumladan, italiyalik olim, hisoblash fizikasining dunyoga mashhur arbobi va qora tuynuklarning birinchi tasvirlarini yaratishga ulkan hissa qo‘shgan Luchiano Rezolla tomonidan ochiq ma’ruza tashkil etiladi. Ma’ruzada koinotning sirli oynasi – qora tuynukning birinchi surati bo‘yicha ma’lumot berilishi kutilmoqda.