Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini samarqandlik mudarris aniqlaganini bilasizmi?

Bu yil yurtimizda buyuk munajjim, qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanmoqda.

Shu munosabat bilan buyuk bobomiz shaxsiyati, tarixi, asarlari, qoldirgan boy merosi haqida o‘rganishlar davom ettirilib, respublika va xalqaro darajadagi anjumanlar o‘tkazilmoqda. Mirzo Ulug‘bekdan qolgan eng katta meros Samarqanddagi rasadxonasi hisoblanadi.

Xo‘sh, Mirzo Ulug‘bekning dunyoga mashhur rasadxonasi o‘rnini kim, qanday topgan? Bu haqda muzeyshunos, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusov batafsil ma’lumot berdi.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi qurilganda yaqin hududlarda rasadxona bo‘lmagan va bu haqda manbalarda ham hech qanday ma’lumot uchramaydi, - deydi M.Yunusov. – Faqat Hindoston va Eronda rasadxonalar bo‘lgan. Ammo XV asrga kelib, ushbu rasadxonalarda tuzilgan yulduzlar katalogida ba’zi noaniqliklar kuzatila boshlaydi. Bu esa yulduzlar katalogini qayta tuzish ehtiyojini yuzaga keltiradi va 1424-1428 yillarda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi quriladi. Mirzo Ulukg‘bek davrida rasadxonada ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib boriladi va uning vafotidan keyin ham rasadxona 20 yilga yaqin faoliyat ko‘rsatadi. Keyinchalik toj-taxt uchun kurashlar natijasida rasadxona faoliyati to‘xtatilib, olimlar va shu jumladan Ulug‘bekning eng yaqin shogirdi Ali Qushchi ham bu yerni tark etadi. Tepalik qarovsiz qolib, tuproq uyumiga aylanadi.

XIX asrning ikkinchi choragidan boshlab Samarqand mintaqasiga, umuman, Samarqand tarixi va arxeologiyasiga jahon miqyosida qiziqish orta boshlaydi. Shu davrda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini ham izlash boshlanadi. Bunga rus kommiteti juda katta mablag‘ sarflaydi va ishni o‘sha vaqtda Samarqanddagi yodgorliklarni kuzatuvchisi, arxeolog olim Vasiliy Lavrentevich Vyatkinga topshiradi. Vyatkin bu ish bilan uzoq vaqt shug‘ullanadi, lekin rasadxona o‘rnini aniqlash cho‘zilib ketadi.

Rasadxona o‘rni vaqf hujjati orqali topilgan

 “Samariya” kitobining muallifi - Abu Tohir Xo‘janing avlodidan bo‘lgan, Shayboniyxon madrasasi mudarrisi, o‘z davrining iqtidorli hattot va rassomi, samarqandlik Abduqayum Maxsum o‘g‘li Abu Sayyid Maxsum ushbu hujjat orqali Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini aniqlaydi.

Abu Sayyid Maxsum ko‘kyo‘tal kasaliga chalinib, yaqinlarining maslahati va yordamida Oloyga davolanishga keladi. Bu yerda u Oloy malikasi Qurbonjon dodxoh (1811-1907 y.y.) bilan uchrashadi. Uchrashuvda Qurbonjon dodxoh undagi iqtidorni tezda ilg‘ab oladi. O‘zida Qo‘qon xonligining kutubxonasi va qo‘lyozmalari borligini, unda xonning hujjatlari va dastxatlari bilan birga marhum turmush o‘rtog‘i, Andijon hokimi Olimbekning Qo‘qon xonligi va chet eldagi qo‘shni xonliklar bilan muloqoti aks etgan besh sandiqdan iborat hujjatlar borligini ma’lum qilib, Abu Sayyidga ularni ko‘rib, tartibga solishni va ro‘yxatga olishni iltimos qiladi (ba’zi tadiqotchilarning fikricha, Qo‘qon xonligiga tegishli bo‘lgan ushbu qo‘lyozma hujjatlar 1873-1875 yillarda Po‘latxon qo‘zg‘oloni vaqtida u bilan birga janglar olib borgan Qurbonjon dodxoh qo‘liga tushib qolgan).

Abu Sayyid davolanish bilan birga, malikaning iltimosiga ko‘ra, arxiv hujjatlarini tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Bir necha oydan so‘ng Abu Sayyid Maxsum ancha sog‘ayib, Oloydan Samarqandga qaytadi. U o‘zi bilan Qurbonjon dodxohning hali o‘rganib ulgurmagan hujjatlari saqlanadigan oxirgi bir sandig‘ini ham olib keladi. Mazkur sandiqdagi hujjatlarni o‘rganayotganida bir hujjat uning e’tiborini tortadi. XVI asrga oid ushbu hujjatda rasadxona yaqinida joylashgan tepalik atrofida yashagan, hech kimi yo‘q ayol vafotidan oldin hovlisini yonidagi masjidga hadya qilish haqida vaqf hujjatini imzolagan edi. Bu hujjatda yerning kordinatalari ko‘rsatilgan, ya’ni yer bir tomondan Obi Rahmat arig‘i bilan, ikkinchi tomondan bedazor bilan, uchinchi tomondan mahallaning jome masjidi bilan va to‘rtinchi tomondan Tole’ Rasad tepaligi bilan chegaralangan edi.

“Tole’ Rasad” deganda gap Ulug‘bek rasadxonasi haqida borayotganligiga shubhasi bo‘lmagan Abu Sayyid Maxsum bu haqda anchadan beri rasadxona o‘rnini aniqlashga harakat qilib yurgan do‘sti Vyatkinga aytib beradi. Hujjat bilan tanishgan Vyatkin rasadxona o‘rnida qazish ishlarini boshlaydi va dastlabki kunlardanoq mashhur inshootning asos qismini topishga muvaffaq bo‘ladi.

Bundan ko‘rinadiki, rasadxonaning o‘rni V.Vyatkin tomonidan emas, vatandoshimiz, samarqandlik mudarris Abu Sayyid Maxsum tomonidan aniqlangan. Buni hatto o‘z davrida Rossiya imperiyasidagi nufuzli ilmiy jamiyatlar ham tan olgan. Abu Sayyidning ilm-fan yo‘lidagi xizmati, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini aniqlaganligi uchun O‘rta va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik jihatdan o‘rganish Rus komiteti tomonidan 100 rubl miqdorida mukofotlangan edi. Shuningdek, Samarqand shahri, uning atrofi va qadimiy yodgorliklari tarixiy topografiyasini o‘zida mujassam etgan, tarixchi va arxeologlar uchun muhim manba hisoblangan Abu Toxir ibn Qozi Abu Sayyid Samarqandiyning “Samariya” qo‘lyozma asarining chop etilishi ham Abu Sayyid nomi bilan bog‘liqdir.

Asarning ushbu qo‘lyozma nusxasi 1895 yil dekabr - 1896 yil yanvar oylarida Abu Sayyid tomonidan rus qog‘oziga nastaliq xatida ko‘chirilgan va ushbu nusxa asosida V.Vyatkin asarni rus tiliga tarjima qilib, 1899 yilda nashr ettirganligi allaqachon rus tarixchilari tomonidan e’tirof etilgan. 1896 yilda tarixchi olim N.Veselovskiy ham Abu Sayyiddan “Samariya” asarining fors tilidagi qo‘lyozma nusxasini oladi va 1904 yilda uni nashr ettiradi.

Abu Sayyid Maxsum Samarqandning tarixiy topografiyasi qadimgi tarixi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. U betobligi sababli va moddiy jihatdan qiynalgan bo‘lishiga qaramasdan, V.Vyatkin tomonidan dastlab Afrosiyob tepaliklarida, keyin Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnida va Samarqand atroflarida olib borilgan qazish ishlarida hamrohlik qiladi. V.Vyatkin sharq qo‘lyozmalari va vaqf hujjatlaridagi tushunarsiz va bahsli joylar xususida undan maslahat olib turgan. Masalan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan V.Vyatkin qalamiga mansub “Samarqand me’moriy yodgorliklari” risolasida ham muallif o‘z xulosalarida Abu Sayyid Maxsumga tayanganligining guvohi bo‘lamiz.

Fazliddin Ro‘ziboyev yozib oldi.