Miyasiz yashaydigan odam
Insoniyat zimmasida buyuk jumboqlardan biri odamzotning doimiy hamrohi - ong sirlarini bilib olish vazifasi qo‘yilgan. Bu asrlar davomida ongli ravishda dunyoni idrok etish qobiliyati nimaligi haqidagi bahs-munozaralar bo‘lib turishining dalolatidir. Idealistlar aql va miya o‘rtasida aniq ajralish bor deb aytayotgan bir paytda, idrok o‘z-o‘zini mustaqil idora qilib boraverdi.
Ong miyaning shunchaki yana bir funksiyasi, degan qarashlar ham olg‘a surilgan. Biroq, vaqti-vaqti bilan bizni o‘ylantiradigan juda g‘alati holatlar, aql va miya o‘rtasidagi haqiqiy munosabatlar nima ekanligini qayta ko‘rib chiqishga undaydigan anomaliyalar ham sodir bo‘lib turadi.
Shifokorlar hayrati
2007 yilda 44 yoshli ismi oshkor etilmagan fransiyalik erkak ikki hafta davom etayotgan oyoq og‘rig‘i bilan klinikaga murojaat qildi. Dastlab ushbu holatning sababini aniqlashga har xil tahlillar orqali uringan, keyinchalik bemor boshiga MRT o‘tkazgan shifokorlar uning miyasining 90 foizi, ya’ni inson yelkasidagi odatda bir yarim kilogramm og‘irligidagi dildiroq modda yo‘qligini aniqlaganlarida juda hayratda qolishdi. Bu bemorda u faqat bir necha 100 gramm (!) bo‘lib, bor massa bosh suyagining ichki devori bo‘ylab yupqa neyron qatlami sifatida tarqalgan edi. Miyasining hayratlanarli hajmi unga mutlaqo normal hayot kechirishiga hech qachon to‘sqinlik qilmadi. Oyog‘i bezovta qila boshlangunga qadar u miya massasining yetishmasligini sezmagan ekan.
(Chapdagi rasmda bosh suyagining katta qismi suyuqlik bilan to‘ldirilgan bemor miyasining kompyuter tomografiyasi ko‘rsatilgan. Taqqoslash uchun o‘ng tomonda oddiy miyaning tomogrammasi qo‘yilgan).
Qayishqoq miya
Bemorning kasallik tarixini varaqlagan shifokorlar uning 6 oyligida miyadagi bo‘shliqlari orqa miya suyuqligi bilan to‘lib qolganligi, o‘smirlik davrida uning chap oyog‘i qisman falaj bo‘lib qolib, muammo stentlash (tibbiy jarrohlik aralashuvi) yordamida hal qilinganligini aniqlab olishdi.
“Bemor oila boshlig‘i bo‘lgan va davlat xizmatchisi lavozimini egallagan”
Shubhasiz, kasallik muammo aniqlangungacha, ya’ni bemorning 44 yoshiga qadar davom etgan. Suyuqlik deyarli butun miyani siqib chiqarib, qoldiqlarini ingichka qobiq plastinaga aylantirishga ulgurgan. Biroq bemor umri davomida turmush qurgan, ikki farzandli bo‘lgan, to‘la unum bilan ishlagan.
Neyropsixologik testlar uning idroki (IQ) 75, og‘zaki IQ 84 (odamlarning 50 foizida 90 dan 110 gacha) foiz, ish qobiliyati esa 70 foiz ekanligini ko‘rsatdi. Ushbu g‘alati hodisaning baholashda birinchi xulosa shu bo‘ldiki, bemor hayotining birinchi oylarida paydo bo‘lgan gidrotsefaliya miya qayishqoqligi tufayli bunday noqulay sharoitda moslasha olgan. Demak, miya o‘zining asosiy neyropsixologik funksiyalarini bajarish orqali bu vaziyatni yengib chiqdi.
Bunday tushuntirish neyrobiolog tadqiqotchi Aksel Kliremansning radikal plastik nazariyasiga mos keladi, unga ko‘ra ong o‘rganish va atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir natijasida paydo bo‘ladi. Biroq miya ham har doim o‘z istiqboli to‘g‘risida o‘ylashi orqali o‘z ongini oshirib boradi. Oxir-oqibat bu bosh suyak ichidagi ichki ekotizimning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.