“Mobil telefon raqamini o‘zgarishsiz boshqa kompaniyaga o‘tkazish mumkinligi” haqidagi xabarga aniqlik kiritildi

Joriy yil 1 oktyabrdan mobil telefon raqamini saqlagan holda boshqa aloqa kompaniyasining xizmatlaridan foydalanish mumkinligi haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Biroq bunday imkoniyat yaqin kelajakda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda AKT vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi gap-so‘zlarning tarqalishiga «Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi normativ-huquqiy hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, hujjatga ko‘ra, mobil aloqa operatori o‘zgarganda raqamlari o‘zgarmay qolishi haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.

Mazkur normativ hujjat joriy yil 31 iyul kuni qabul qilingan bo‘lsa-da, 1 oktyabrdan kuchga kirishi belgilangan. Ammo hujjat kuchga kirdi degani, unda keltirilgan xizmatlar ham o‘sha zahoti kuchga kirishini anglatmaydi», dedi Ahmatov.