“Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” xalqaro anjumani uch yo‘nalishda tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida 2019 yilning 26 avgust kuni Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” xalqaro anjumani mazmun-mohiyati va unga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda xalqaro anjuman tashkilotchilari, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakillari, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning ta’kidlashicha, mazkur xalqaro anjumanda madaniy meros va shaharlarni rejalashtirish, madaniy merosni saqlashda huquqiy tizimlarni yaratish hamda madaniy merosni saqlashda AKTdan foydalanish sektorlarida yig‘ilishlarni o‘tkazish kabi 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ish olib boriladi.
Shu bilan birga, 2019 yilning 22-27 avgust kunlari Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlarida “O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din madaniyat” meros haftaligi bo‘lib o‘tadi. Ushbu haftalik doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida O‘zbekistonning yozma merosi durdonalari ko‘rgazmasi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Dalvarzin oltini: Kushon imperiyasi va uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga hissasi» ko‘rgazmasi, Samarqand shahrida dunyo xalqlari liboslarini taqdim etuvchi “Eng yaxshi milliy liboslar” tanlovini hamda Termizda “O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi” nomli xalqaro arxeologiya forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad, moddiy va nomoddiy madaniy merosni saqlashda YuNESKO tamoyillarini amalga oshirish, tarixiy madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirishda jahon tajribalarini o‘rganish, ularni tiklashda yangi strategiya va texnologiyalarni joriy etish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sharoitida madaniy meros ob’yektlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari “Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.