Samarqandda psixiatr va narkologlar xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida psixiatr va narkologlar xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston psixiatrlar assotsiatsiyasi Toshkent tibbiyot akademiyasi Respublika narkologlar ilmiy-amaliy markazi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda jahonning 17 davlatidan psixiatr va narkolog olimlar, mutaxassislar o‘z ma’ruzalari, seminarlari hamda mahorat darslari bilan ishtirok etmoqda.
- Bu ilmiy-ma’rifiy loyiha O‘zbekistonda ilk marotaba hamkorlikda o‘tkazilmoqda, - dedi O‘zbekiston psixiatrlar assotsiatsiyasi prezidenti, Respublika narkologlar ilmiy-amaliy markazi direktori, Toshkent tibbiyot akademiyasi psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifjon Ashurov. - Unda Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Vengriya, Hindiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi yaqin va uzoq xorijiy davlatlar va O‘zbekistonning yirik olimlari ishtirok etmoqda. Xalqaro anjuman nafaqat O‘zbekistondagi psixiatr va narkolog mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qiladi, balki ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni yuqori darajada yo‘lga qo‘yishga ham zamin yaratadi.
Tadbir to‘rt kun davom etadi.
Odilbek AHMEDOV.