Mo‘g‘ilistonda yana bir nafar qora o‘latdan vafot etish holati qayd etildi

Mo‘g‘ilistonda yana bir nafar qora o‘latdan vafot etish holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

42 yoshli erkak Mo‘g‘iliston g‘arbidagi Xovd provinsiyasida, 11 avgust kuni tunda vafot etganligi haqida xabar qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Dorjiyn Narangerel taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, erkak o‘limidan bir necha kun muqaddam sug‘ur go‘shti sotib olgan.

Iyun oyida Ichki Mo‘g‘ilistonning (Xitoy) Bayan-Nur shahrida qora o‘lat holati qayd etilganligi to‘g‘risida ma’lum qilingan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan turib Mo‘g‘ilistonning Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh hududlarida ham kasallanish holatlari qayd etildi.   

Shuningdek, Gov-Altay provinsiyasida 15 yoshli o‘smir bolaning qora o‘latdan vafot etganligi haqida xabar berildi. O‘smir kasalxonaga ketishda vafot etgan. U o‘limidan uch kun oldin do‘stlari bilan sug‘ur go‘shti yeganligi aniqlandi.