Mohir advokat Xolida Burxonova vafot etdi
Beshafqat o‘lim ko‘p yillar advokatura sohasida ishlab, odamlarning huquqiy bilimini oshirish, ularning muammolarini hal etishda faollik ko‘rsatgan ayol, bilimdon advokat Xolida Burxonovani oramizdan olib ketdi.
Xolida Burxonova 1955 yilda Bulung‘ur tumani O‘roqli qishlog‘ida tug‘ildi.
O‘rta maktabni a’lo baholarga tugallab, 1974 yilda Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdi. Bilimi, tashkilotchiligi, tirishqoqligi tufayli oliygohda o‘tadigan turli tadbirlarda faol ishtirok etdi. 1979 yilda universitetni huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tugalladi.
Diplomni qo‘lga olgach, ilk mehnat faoliyatini 1980 yilda Samarqand viloyat advokatlar hay’atida stajyorlikdan boshladi. Bu yerda tajribali huquqshunoslardan kasb sirlarini o‘rgangach, advokatlik faoliyatini boshladi. O‘sha yiliyoq advokatlik litsenziyasini qo‘lga kiritib, Samarqand shahar “Bog‘ishamol” advokatlar hay’ati advokati sifatida ish boshladi.
X.Burxonova bu yerda 21 yil mehnat qildi. Bu davrda yuzlab odamlarning sud, huquq masalalari bilan bog‘liq muammolarini hal etishda jonbozlik ko‘rsatdi.
2011-2014 yillarda Samarqand shahar “BOG’ISHAMOL HAQIQATI” advokatlik firmasi boshqaruvchisi bo‘lib ishlaganda Xolida opaning bunday ezgu ishi, jonkuyarligi jadal davom etdi. 2018 yildan buyon esa ushbu Samarqand shahar “BOG’ISHAMOL HAQIQATI” advokatlik firmasida advokat sifatida ishlab kelayotgan edi.
O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan X.Burxonovaning vafoti mamlakatimiz advokatlari jamoasi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Shu munosabat bilan biz barcha hamkasblar nomidan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz. Ularga Yaratgandan sabr tilaymiz.
Samarqand shahar “BOG’ISHAMOL HAQIQATI” advokatlik firmasi jamoasi.