Mojaro ro‘y bermasidan avval uning oldini olish kerak
Ayol sog‘-salomat bo‘lsin-da, ishqilib. Mahallaning yuziga dog‘ tushmasin kabi xayollar bilan ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. Keyingi burilishda bir ayolning jon holatda yugurayotgani, ortidan esa mashinani telbalarcha harakatlantirayotgan haydovchi uni quvib kelayotganini ko‘rdi. Dag‘-dag‘ qaltirayotgan ayolni ortiga oldi. Mashinadan qo‘lida bir dasta pulini o‘ynatgancha bir erkak tushdi.
– Nima, himoyachimisiz? Qoching yo‘limdan!
– Shu mahallada xotin-qizlarning himoyachisiman, bir ayolning ortidan mashina bilan quvishga nima haqingiz bor?
– Yarim oqshom restoranda ishlagan ayol sog‘ ayolmi, sizningcha. Aytgan ishni bajarishi kerak-da!
– Hozir militsiya chaqiraman-da, qilmishingiz uchun javobgarlikka torttiraman.
Shu gapdan so‘ng erkak oz bo‘lsa-da, shashtidan tushdi. Ayol farzandlarini boqish uchun tunda ham ishlayotganini yig‘lab aytib berdi. Bu holatni shundayligicha qoldirolmadi. Ayol bilan u ishlaydigan restoranga borib, nega o‘z xizmatchilarini, ayniqsa, ayollarni yarim tunda himoya qilmayotganini, uyiga olib borib qo‘yish uchun transport tashkil qilmaganini so‘radi. Hatto qonuniy asosda talab qildi. Restoran egasi xatosini tan oldi. Keyingi kunlarda ofitsiant ayol unga qo‘ng‘iroq qilib, rahmat aytdi, haqiqatan ham shu voqeadan keyin uni uyiga mashinada eltib qo‘yishayotgan ekan.
Mutaxassis vazifalari salmoqli
Bu ayol qaysi soha vakili ekan, deb o‘ylayotgandirsiz. Uning ish faoliyatida aynan shu kabi bo‘lmasa-da, shunga o‘xshash holatlar uchrab turadi. Ehtimol, boshqa kishi bo‘lganda hayotimni xavf ostiga qo‘yib nima qildim, axir profilaktika inspektori, qolaversa, mahallada posbon bor, deb o‘ylashi ham mumkin edi. Ammo o‘z mahallasi sha’ni, qolaversa, insoniylik jihatdan ham birovning dardiga befarq qarab turmaydigan bu ayol mahallaning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi.
Ko‘pincha mahallada salbiy ko‘rsatkichlar oshganda "Mahalla faollari yetarlicha ishlamayapti", deymiz. Ammo ushbu ko‘rsatkichlarni oshirmayotgan mahalla bunga qanday erishgani kam yoritiladi. Ayniqsa, oiladagi ma’naviy-ijtimoiy muhitni yaxshilash masalasida olib borilgan ishlarni bir jumlaga sig‘dirish, ko‘rsatib bera olish osonmas. To‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalar bilan ishlaydigan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar bugun hududlardagi oilalarning chin ma’nodagi ko‘makchisiga aylanishi kutilmoqda.
Prezidentimizning "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonidan so‘ng mahalla maslahatchilarining o‘rniga xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis ish boshladi. Ularning nafaqat vazifasi, balki ish uslubi ham o‘zgardi.
Viloyatdagi ilk "Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi" Kattaqo‘rg‘onda
– Ushbu mutaxassislarni tanlashda birinchi navbatda ularning fidoyiligiga e’tibor qaratildi, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Feruza Rahimova. – Shahardagi 35 ta mahallaning 40 foizida yangi mutaxassislar ish boshladi. Shu paytgacha mahalladagi deyarli barcha ishlarga jalb qilingan maslahatchilar xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis sifatida ish boshlagach, asosiy ish faoliyatini oilalar, xotin-qizlar bilan ishlashga qaratmoqda. Xotin-qizlar bilan bog‘liq turli salbiy ko‘rsatkichlarning kamayishida bu juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oilalarning har birining ijtimoiy ahvoli chuqur o‘rganilib, muammolari hal etilayotir. Birgina misol, o‘tgan yili sharoiti o‘ta og‘ir hisoblanilgan oilalar 1 200 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 602 taga tushdi. Joriy yil davomida 200 nafarga yaqin xotin-qizlar jamoat ishlariga jalb qilindi. 229 nafari turli tashkilotlarga ishga joylashtirildi, 93 nafar xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar berilib, ularning ish boshlashi uchun imkoniyat yaratildi. Qolaversa, o‘z joniga qasd qilgan xotin-qizlar hamda ajrashayotgan oilalar soni ham o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Umuman, ish faoliyatimizda Prezidentimiz farmoni muhim dasturulamal bo‘ldi. Sababi, ilgari xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lsak-da, aniq vakolatlarimiz yo‘q edi. Qiyin ahvolga duch kelib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish murakkab edi. Imkoniyati cheklangan, nochor ahvolda qolgan oilalarga imtiyozli uylarning berilishi, turli tashkilotlar hamkorligida moddiy jihatdan qiynalib qolgan oilalarga yordam ko‘rsatilishi, mutaxassislarning oilalar bilan ishlashining ta’minlanishi ishimizni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yaqinda shahrimizda "Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi" ish boshlaydi. Unda qiyin ahvolda qolgan ayollarga zarur tavsiyalar beriladi, ularni o‘sha vaziyatdan olib chiqish bo‘yicha ish olib boriladi. Keyinchalik markaz tarkibida xotin-qizlarni ishga joylashtirish uchun tikuvchilik sexi tashkil etish niyatimiz bor. Xotin-qizlarning muammolarini birinchi bosqichdayoq aniqlash va ularga tegishli yordam ko‘rsatishda mahalladagi mutaxassislar bizning asosiy tirgaklarimizga aylanmoqda.
Endi faqat maslahat bilan ish bitmaydi
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ko‘hnadam mahallasiga borganimizda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisining telefon orqali bir ayolga dalda berayotganiga guvoh bo‘ldik.
– Boquvchisini yo‘qotgan ayol, ikki farzandi bor, kommunal to‘lovda noreal qarzdorligi bor ekan, hali yoshi to‘lmagan bolasini tashlab, yarim kun ovora bo‘lsa-da, ammo muammosiga joyida yechim topolmabdi, – deb izoh berdi Mohira Janiyeva. – Bu masalani hal qilishda, albatta, kunning ikkinchi yarmida majburiy ijro byurosiga borib, masalani o‘rganaman. Bir paytlar bizga faqat oiladagi janjallar bilan murojaat qilgan ayollar endilikda u yoki bu sohadagi muammolarini aytishyapti. Chunki o‘tgan yildan buyon har bir oilaga kirib boryapmiz, muhitni o‘rganyapmiz. Aksariyati oddiy kundalik muammolarning ham qonuniy yechimi borasidagi maslahatga muhtoj. Ularga tegishli mutaxassislar bilan yordam ko‘rsatdik. Agar ularga o‘z vaqtida to‘g‘ri yechim ko‘rsatmasak, muammolar ko‘payib ketadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birga ishlayotganimiz tufayli u yoki bu tashkilotlar ham aholi murojaatlari bo‘yicha talablarimizni e’tiborsiz qoldirmayapti. Misol uchun, bir ayol turmush o‘rtog‘ining ichkilikka berilgani tufayli uyidan janjal arimayotgani bo‘yicha murojaat qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan gaplashdik, davolanishga ko‘ndirdik, sog‘liqni saqlash muassasasiga murojaat qildik. Xarajatlarigacha yordam berdik. Hozir bu oilada xotirjamlik, er ishga joylashdi, ulardan doim xabardormiz. Albatta, bu ishlarning hammasi hamkorlik samarasi.
Ma’lumot uchun aytib o‘tay: ushbu mahallada 2016 yildan beri oilaviy ajralishlar, xotin-qizlar orasida jinoyatchilik kuzatilmagan. Notinch oilalardagi muammolar o‘z vaqtida yechim topayotgani sababli ular ham qayd etilmagan. Darvoqe, yuqoridagi misol qahramoni ham aynan Mohira opa bo‘ladi. Ehtimol, o‘sha payt ko‘chaga chiqmaganida noxush holat, hatto jinoyat sodir etilishi turgan gap edi. Faoliyati davomida bunday holatlar uchrab turishi sababli o‘zi ham turmush o‘rtog‘idan tez-tez dakki eshitib turadi. Ammo u "Endi biz shunchaki maslahatchi emas, mutaxassismiz. Demak, ishimizni vijdonan bajarishimiz, har bir ayolning tashvishidan xabardor bo‘lishimiz kerak. Buning uchun esa qonun-qoidalarni, avvalo, o‘zimiz bilishimiz kerak", deydi.
Gulruh MO‘MINOVA,
«Zarafshon» muxbiri.