Moliya boshqarmasi: Ichki yo‘llarni ta’mirlash faqat bitta tumanda boshlangan

Joriy yilda viloyatimizdagi shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga 2022 yil byudjeti parametrlarida ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun 23,2 milliard so‘m so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shundan 36 foizi, 8,3 milliard so‘mga tuman va shahar hokimliklari tomonidan manzilli dastur tasdiqlangan, 17,7 kilometrdagi yo‘llar asfalt va sement beton qoplamali yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan.

Bu haqda viloyat matbuot uyida viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayevning ma’lum qilishicha, 2022 yilning 6 oyida ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash ishlari Samarqand shahrida bajarilgan, qolgan tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarida loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, pudratchilar aniqlash uchun tender tanlovlari o‘tkazilgan. 14,8 milliard so‘m mablag‘ Prezident va Hukumatning qaroriga asosan 27,3 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlash uchun jamoatchilik fikri bilan dastur qabul qilingan. Biroq, Ishtixon tumanidan boshqa shahar va tumanlarda ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari boshlanmagan.

Bundan tashqari, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga mavjud qabristonlar atrofini 13,1 kilometr devor bilan o‘rash va ta’mirlash uchun 2022 yilda 3,27 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bugungi kunda 8 ta shahar va tumanlarda 798 million so‘mlik ish bajarilib, qabristonlar atrofini o‘rash uchun 2,6 kilometr devor qurilgan.

Uy-joy kommunal xizmati boshqarmasining injiniring kompaniyasiga Issiqlik manbai DUK tarmoqlarini ta’mirlash uchun 3,15 milliard so‘m, ko‘p qavatli uylar liftlarini ta’mirlash uchun 7,6 milliard so‘m, ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalari qurish uchun 2,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.