Moliya vazirligining ayrim texnik xodimlari karantinga olindi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining xodimlari koronavirus testini topshirdi va alohida texnik xodimlarning koronavirus test natijalari shubha tug‘dirgan. Shu bois ular keyingi tekshiruvlar uchun klinik karantinga olindi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin tadbirlari davrida xodimlar, barcha tashrif buyuruvchilar va ularning oila azolari xavfsizligini taminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi birinchilardan bo‘lib, masofaviy ishlash tartibini joriy qilgan. Dastlabki kunlardanoq xodimlarning 40 foizdan ortig‘i, shu jumladan maktabgacha va boshlang‘ich sinflar yoshidagi farzandli xodimlar mehnat ta’tiliga chiqarilgan.

Vazirlik ustuvor davlat dasturlarini moliyalashtirish va byudjet tizimi xodimlariga ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lash, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash choralarini ta’minlash bo‘yicha uzluksiz faoliyatini davom ettirmoqda.

Ushbu muhim vazifalar ijrosini taminlash maqsadida jamoa ishni onlayn shaklda tashkil qilish, shuningdek, xodimlarni o‘z-o‘zini izolyasiya qilishi yuzasidan qaror qildi.

Moliya vazirligi jamoasi shifokorlar nazorati ostida quyidagi tartibda faoliyat olib boradi:

  1. Vazir va vazir o‘rinbosarlari boshchiligidagi rahbariyat, asosiy bo‘limlarning boshliqlari va alohida xodimlari avvalgidek, vazirlik binosida ish olib boradi.
  2. G‘aznachilik ham hisobvaraqlar bo‘yicha barcha xizmatlarni taqdim etgan holda o‘z faoliyatini davom ettiradi. Buning uchun tegishli xodimlar jalb qilinadi va ular alohida binoda mustaqil ishlaydi.
  3. Qolgan xodimlar masofadan ishlashni davom ettiradi.

Ish haqi va nafaqalar ajratilishi to‘xtamaydi. Shuningdek, vazirlikka yuklatilgan barcha vazifalar va funksiyalar belgilangan tartibda bajariladi. Viloyat, tuman, shahar moliya va g‘aznachilik bo‘limlari o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettiradi.