Moliyaviy farovonlikka erishish yo‘llari

Hozirgi kunda insonlar har tomonlama kamchiliksiz yashashni, boy bo‘lishni, o‘zining shaxsiy biznesini ochishni istaydi. Lekin ko‘pchilik “Bunday shohona hayotda yashash uchun boyning farzandi bo‘lib tug‘ilish kerak”, – deb o‘ylaydi. Xo‘sh, sizchi? Siz nima deb o‘ylaysiz? Nima uchun o‘sha boy nasl sizdan boshlanmasligi kerak? 

Siz qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat’iy nazar fermer, haydovchi, korxona ishchisi, o‘qituvchi yoki sartaroshmi sizda boy bo‘lish imkoniyati bor. Siz “Menga endi kech bo‘ldi, yoshlikda o‘qimaganman” yoki “Bu mening qo‘limdan kelmaydi”, deb o‘ylashingiz mumkin. Oldin kim bo‘lganingiz, qanday yashaganingiz buning hech qanday ahamiyati yo‘q. Siz hozir kimsiz?

Agar siz o‘tmishda qilgan yoki qilmagan ishlaringizni o‘ylab afsuslanaversangiz yoki o‘tirib olib kimdir sizning rivojlanishingizga, shaxsiy biznesingizni ochishingizga yordam berishini xayol surib, kutib yashasangiz, siz hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmaysiz.

Yoki siz “Men 20, 30, 40 yoshga to‘ldim. Endi foydasi yo‘q!”, deb o‘ylashingiz mumkin. Nima qilibdi, 20 yosh bo‘lsangiz? Nima qilibdi, 55 yoshdagi nafaqaxo‘r bo‘lsangiz? Hayotda shunday insonlar borki 40 yoshida oila qurib, baxtli yashab ketgan, 45 yoshida o‘z biznesini boshlab, 70 yoshida millioner bo‘lgan, o‘z kasbidan zerikib, 53 yoshida qayta o‘qishga topshirib, talaba bo‘lgan. Agar sanash kerak bo‘ladigan bo‘lsa, hayotimizda bunday insonlar juda ko‘p. Shuni unutmang, hech qachon o‘zimizni aqlan yoki moliyaviy rivojlantirishga kech bo‘lmaydi!

Muvaffaqiyatga erishish uchun, eng avvalo, o‘z hayotingizni tartibga keltirib oling. Qachon uyg‘onasiz, qachon uxlaysiz, qachon, qayerda kim bilan uchrashasiz, hammasini oldindan rejalashtirib oling. Har kuni tongda 30 daqiqa kitob mutolaa qiling, ruhlantiruvchi musiqalarni tinglang, kun tartibingizni rejalashtirib oling va rejalaringizni hech kim o‘zgartirishiga aslo yo‘l qo‘ymang. Har kuni oz, lekin doimiy ravishda o‘z ustingizda ishlab boring. Agar siz har kuni kechagi kuningizga qaraganda 1 foizdan o‘zgarsangiz, 1 yil davomida, dastlabki kuningizdagi holatingizga qaraganda qariyb 37 marta o‘sgan bo‘lasiz.

Agar siz hali o‘zingizning shaxsiy biznesingizga ega bo‘lmasangiz, nimadan boshlashni va nimalar qilish kerak ekanligini bilmasangiz, unda birinchi o‘rinda yashayotgan hududingizda nimaga talab kuchli ekanligini, bozor  iqtisodiyotini o‘rganing va talabgor mahsulotlar ro‘yxatini shakllantiring. Keyin bu ro‘yxatdan joy olgan biznes turlarining oldindan bilganingizni yoki u haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lganingizni tanlang. Chunki bu muvaffaqiyatga erishishingizdagi asosiy omildir. Shaxsiy biznesingizni ochishga shoshilmang. Avvalambor, biznesdagi har bir qadamingizni rejalashtirib oling.

Albatta, har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘lgani kabi, biznesda ham turli muammolarga duch kelishingiz mumkin. Bunday muammolar, asosan, sotuvchi va xaridor yoki hamkorlar o‘rtasida yuzaga keladi. Ya’ni sizning mahsulotingizning narxi, sifati yoki hajmidan norozi bo‘lib, sizga arz qilishi mumkin. Bunday vaziyatlarda, siz norozi tomon bilan suhbatda, ushbu qoidalarga rioya qilsanggiz, ko‘plab zararli hodisalarning oldini olgan bo‘lasiz.

- fikrlaringgizni rejalashtirib oling;

- so‘zlaringizni faktlarga va dalillarga tayanib ifodalang;

- hissiyotingizni boshqaring;    

- tinglovchining o‘ziga xos xususiyatlari: yoshi, madaniyati, dunyoqarashi, jinsi va boshqa narsalarni hisobga olib muloqot qiling;

- shaxsiy mulohazalar bayonida “menimcha”, “bizningcha”, “tushunishimizcha” kabi birliklardan foydalaning;

- til me’yorlariga amal qiling;

- suhbatdoshingizning so‘zlarini diqqat bilan tinglang;

- eng asosiysi, muloyimlik bilan muomala qiling.

Agar siz biror bir kasb egasi bo‘lsangiz va sizni moliyaviy tomondan ta’minlovchingiz bo‘lmasa, u holda biznesingiz sizga foyda keltirmaguncha o‘z kasbingizdan voz kechmang.

Endi biznesda muvaffaqiyatga erishgan taniqli tadbirkorlardan biri xitoylik Jek Ma shunday deydi:
"Biz, yoshlarga aytib o‘tgan yo‘l-yo‘rig‘ini tanishtirib o‘tadigan bo‘lsak, “Mening yoshlarga maslahatim: yigirma besh yoshingizgacha ko‘proq xato qiling, bu borada xavotir olmang. Eng muhimi, yiqilganingizda qayta tura oling. Sinib qolmang, o‘rningizdan turing… Yosh paytingizda hayot berayotgan darslardan xulosa chiqaring. O‘ttiz yoshdan qirq yoshgacha hamma ishlaringizda samarador bo‘lishiga harakat qiling. Qirq yoshdan ellik yoshgacha siz o‘zingiz ustasi bo‘lgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘ling, ellik-oltmish yosh orasida bo‘lganda esa yoshlarni rag‘batlantiring. Chunki yoshlar sizdan yaxshiroq ishlashi mumkin. Agar siz tadbirkor bo‘lishni xohlasangiz, qiyinchilik va mag‘lubiyatdan qo‘rqmang. Hech qachon taslim bo‘lmang.

Biz biznesimizni boshlaganimizda korxonaga 18 kishi egalik qilardik. Bu 18 kishini Xitoyning eng aqlli odamlari deb o‘ylashadi. Ammo biz juda ham aqlli kishilar emasmiz. Shunchaki doimo oxirigacha bordik. Hammamiz oddiy maktablarni tugatganmiz. Barchamiz omadning eng oddiy qoidasiga amal qilamiz. Kelajakka ishonamiz, biz juda ham optimistmiz, xatolardan o‘rganamiz, hech qachon taslim bo‘lmaymiz”.

Yo‘qsizlikni keltirib chiqaruvchi yetti asosiy sabab

  1. Shaxsiy byudjet.

Bir o‘ylab ko‘ring – pullaringizni nimalarga sarflayapsiz? Tinch muhitda o‘tirib, so‘nggi haftadagi barcha xarajatlaringizni birma-bir yozib chiqing. Endi fikrlang: xaridlar zarurat yuzasidan amalga oshirilganmi yoki yo‘q? Ba’zi o‘rinlarda iqtisod qilishning iloji bormidi? Aniq byudjet rejasining yo‘qligi – iqtisodiy farovonlik kemangizdagi asosiy “nosozlik”dir. Hech bo‘lmaganda, bir oylik shaxsiy byudjetni shakllantirishni o‘rganmas ekansiz, moliyaviy jihatdan hech qanday yangilik kutmasangiz ham bo‘ladi.

  1. Iqtisodiy savodsizlik.

Yer aholisining aksariyati – iqtisodiy jihatdan savodsiz. Universitetni tugallagan odamlar asosiy iqtisodiy shart-sharoitlarni tushunmaslikni oddiy hol deb bilishadi. Buni faqat bir yo‘l bilan to‘g‘irlash mumkin: atrofda nimalar ro‘y berayotganiga qiziqish bildiring, qanday qilib neft narxi – valyuta kursiga, bu esa sizning hayotingizga ta’sir qilishini tushunishga harakat qiling. Qarabsizki, pullar qayerdan kelishi haqida tasavvur hosil qilasiz.

  1. Pul muhim emas!

 Pul asosiysi emas, ular sizni baxtli qilmaydi. Bu so‘zlarga qo‘shilasizmi? Afsuski, ko‘pchilik bu fikrga qo‘shiladi. Albatta, asosiysi pul emas. O‘z oilangizga qulay sharoitlar yaratish uchun pulingiz yo‘q bo‘lsa ham yaxshi... Asosiysi – siz birgasiz. Shunday emasmi? Ammo yodingizda bo‘lsin, pullar farovon hayotning asosi bo‘lishi mumkinligini anglab yetmaguningizga qadar boyishning uddasidan chiqa olmaysiz.

  1. Kimdir bundan-da og‘ir ahvolda-ku!

Qashshoq reallikdan qochishning yana bir keng tarqalgan usuli. Tanishingizdan ko‘proq pul topishingizni anglab yetishingiz sizni boyroq qilib qo‘ymaydi. Shunchaki, yupatadi va bir joyda qotib qolishingizga sabab bo‘ladi. Bu taxminan “Hechqisi yo‘q, Afrikada bolalar umuman och-nahor!” – deb o‘ylashdek gap.

  1. Shunchaki dangasalik.

 Soat to‘qqizdan oltigacha ishlash qiyinmi? Aslida inson bundanda ko‘p ishlay oladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, tushlikka qancha vaqt sarflaysiz? Necha soat aniq ishdagi faoliyatingizga yo‘naltiriladi? Oradagi internetga sho‘ng‘ishniku, aytmasa ham bo‘ladi. O‘zingizni ayashni bas qiling. Yaxshi pul topmoqchimisiz, ko‘proq ishlang.

  1. Yovvoyi hayotga berilish.

 Yengil hayotga, rohatga, kayf-safoga mukkasidan ketish qashshoqlikni chaqiradi. Inson yoshligida rohatdan qochish, mashaqqatdan qochmaslikni anglab yetmaguncha farovon hayotga erisha olmaydi.

  1. Boshqalarni ayblash.

Bizning nochor yashashimizda boshqa odamlar aybdor emasligini aniq tushunib yetish – intellekt darajasiga ishora qiladi. Boshqalarga umid qilavermay, pul haqida o‘zingiz qayg‘uring.

Agar siz bu oddiy qoidalarni hayotingizga targ‘ib qila olsangiz, hayotingizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni kuzatishingiz mumkin.

Siz birinchi qadamni tashlang, qanday yo‘llar ochilishini keyin ko‘rasiz”.

 Deyl Karnegining “Do‘stlar topish, o‘zgalarda xush taassurot qoldirish va muvaffaqiyat qozonish sirlari”, Uolter Ayzeksonning “Stiv Jobs”, Uilyam D.Danko va Tomas Dj.Stenlining “Mening qo‘shnim millioner”,  Jeyms Kleyrning “Atom odatlari” asarlari asosida Azizjon QARShIYeV tayyorladi.