Moliyaviy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga imkoniyat yaratilyapti

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tashkil etilgan.
Bugungi kunda agentlikning viloyat bo‘limi samarali o‘quv metodikalar, dastur va darsliklarni har bir pog‘onalarda, ya’ni bog‘cha, maktab, litsey, oliygohlar, o‘quv markazlar va korxonalarda joriy etyapti. Olis hududlarda chet tillarni bilish darajasi past, sifatli o‘quv dastur va darsliklar yetishmaydi. Bu muammolarni bartaraf etish maqsadida hududiy vakillar tashkil etib, chekka tumanlarda ham imkoniyat yaratish maqsadida chet tiliga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etilyapti. Kaskad tamoyili asosida poytaxtdan tajribali trenerlarni jalb qilgan holda viloyat miqyosida qisqa malaka oshirish kurslarini tashkil qilish orqali yaxshi natijalarga erishilyapti. Xususan, o‘tgan davrda viloyatimizda 1500 dan ortiq pedagoglar malakasi oshirildi. Past Darg‘om, Payariq, Paxtachi tumanlarida 100 dan ziyod maktab o‘qituvchilari xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Vaholanki, bir yil avval mazkur tumanlarda biror bir o‘qituvchida xalqaro va milliy sertifikat yo‘q edi.
Ma’lumki, xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar oylik maoshlariga 50 foiz ustama olishi qonunchilikda belgilangan.
Bugungi kunda “Innovative Centre” kabi markazlar bilan hamkorlikda chekka va olis hududlarda faoliyat boshlagan o‘quv markazlarining rivojlanishi uchun kitoblar va dasturlarni beminnat yetkazib berilyapti. Ushbu markazda bilimli, ammo moliyaviy jihatdan imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga IELTS imtihonlarining moliyaviy jihatdan qulay bo‘lgan Linguaskill, CEFR va o‘qituvchilar uchun TKT kabi chet elda tan olinadigan nufuzli xalqaro imtihonlarni topshirish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, agentlik boquvchisini yo‘qotgan, “temir daftar”larda ro‘yxatda turuvchi o‘quvchilarga turli subsidiyalar va yuqori natija qayd etgan o‘qituvchilarga imtihon to‘lovi uchun qilingan xarajatlarini qisman yoki to‘liq kompensatsiya qilishni maqsad qilgan.
Xalqaro “MM Nashrlari” bilan hamkorlikda viloyatimizda respublikada yagona bo‘lgan jahon andozalari asosida “Smart kutubxona” loyihasi uchun 300 ming yevro grant ajratayotgani qilinayotgan ishlarning samarasidir. Smart kutubxona nafaqat elekton kitoblar, balki 20 mingta qog‘oz kitoblar jamlanadigan markaz. Ushbu kutubxonada o‘quvchilar va barcha chet tiliga qiziquvchilar bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Muhammadxon Soliyev,
Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi
Samarqand viloyat hududiy vakillik rahbari.