Monomarkazda “Jasorat maktabi” yoshlari hunar o‘rgandi
Samarqand shahridagi Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” loyihasi asosida o‘quv yig‘ini o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir yoshlar qalbida harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va ularni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida tashkil etilgan ushbu yig‘in davomida yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlik sirlari o‘rgatildi, motivatsion treninglar, mahorat darslari tashkil etildi.
- Ushbu loyiha doirasida markazimizda barcha shahar va tumanlardan kelgan profilaktik hisobda turgan yoshlar o‘zlari qiziqqan kasblarga o‘qitildi, - deydi Samarqand shahar “Ishga marhamat” monomarkazi direktor o‘rinbosari Ismatulla Mardiyev. - Bu yerda ularga malakali o‘qituvchilar zamonaviy elektromontaj, elektro payvandlash, yarimavtomat payvandlash hamda metallarga ishlov berish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tdi.
Bu tashabbusda qatnashgan yoshlar zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib, o‘zlari qiziqqan sohada ishlash niyatida.