Moskvadagi mehnat muhojirlari 15 iyungacha patent olmasdan ishlashi mumkin
Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan 2020 yil 18 aprelda qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmoniga muvofiq patentlarning amal qilish muddati 2020 yil 15 iyungacha uzaytirilishi bo‘yicha Moskva migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi bayonot berdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov xabar qildi.
2020 yil 15 iyungacha patent muddatini uzaytirish uchun ariza berish, shuningdek, patent asosida ishlayotgan chet el fuqarolari tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslar daromad solig‘ini oldindan to‘lash talab etilmaydi.
Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lgan va patentga ega bo‘lmagan chet el fuqarolari, Rossiyaga kelish maqsadidan qat’i nazar, 2020 yil 15 iyungacha patent olmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Ish beruvchilar koronavirus tarqalishi munosabati bilan mamlakatda joriy etilgan cheklovlar va sanitariya-epidemiologik talablarga rioya qilgan holda fuqarolarni patentsiz ishga jalb qilish huquqiga ega.