MSKning Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limida saylov jarayonlarining borishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi
Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limida saylov jarayonlarining borishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyevning ta’kidlashicha, Samarqand viloyatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 16 nafar, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 nafar, shahar va tumanlar kengashlariga 480 nafar deputatlar saylab olinadi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra, siyosiy partiyalar tomonidan viloyat kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan 6 nafar nomzod, shahar va tumanlarga qo‘yilgan 36 nafar nomzod o‘z arizasiga binoan nomzodligini qaytarib olgan.
Bugun tongdan viloyatimizdagi 1052 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.
Saylov jarayonlarida Samarqand viloyati bo‘yicha jami 2 million 47 ming 353 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Ulardan 200 ming nafarga yaqinini saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlar tashkil etadi.
Ayni paytga qadar jiddiy qonunbuzilish holatlari haqida viloyat saylov komissiyasiga murojaat kelib tushmadi.
Brifingda S.Nuriyev soat 13.00 gacha 923 mingdan ziyod saylovchi ovoz berganligini ma’lum qildi. Shundan 423 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etishi va 132 mingdan ortiq yosh saylovchilar jarayonlarda birinchi marta ishtirok etgani aytib o‘tildi.
Saylov jarayonlari davom etmoqda.
Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limi.