Muddatida to‘lanmagan ish haqlari undirib berildi

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan xodimlarni ishga tiklash, ish haqlari undirib berish bilan bog‘liq hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli tadbirlar ko‘rilyapti. Bu haqda MIBning viloyat boshqarmasi katta inspektori Adham Rashidov Zarnews.uzga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Byuroning viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida joriy yilning o‘tgan 4 oyida jami 3,1 mlrd. so‘mlik ish haqlari undirib berish bilan bog‘liq hujjatlar mavjud bo‘lib, olib borilgan ijro harakatlari davomida 2,5 mlrd. so‘m ish haqlari undirib berilishi ta’minlangan.

Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2023 yil 17 martdagi sud buyrug‘iga ko‘ra, fuqaro D.A.ga "Qishloqqurilishbank" ATB Samarqand filialidan 30 mln. so‘m ish haqini undirib berish ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, olib borilgan harakatlar davomida ish haqi qarzdorligi da’vogarga undirib berilishi ta’minlandi.

Ish haqlarini undirib berish bilan bog‘liq ijro harakatlari davom etmoqda.