Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi
Yurtimizda inson qadri, uning sha’ni va shavkatini e’zozlash, mehnatini munosib rag‘batlantirish, unga o‘z iste’dod va qobiliyatini namoyon etish borasida barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Zero, inson omili ulug‘langan, mehnati qadrlangan yurtda taraqqiyot va rivojlanish, qut-baraka bo‘ladi. O‘zining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz mehnati davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda.
Bugun, 6 yanvar kuni tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni tiklash va asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy g‘oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shgani, ko‘p yillik samarali faoliyati, uzoq yillardan buyon muborak islom dinining insonparvarlik, bag‘rikenglik, oliyjanoblik g‘oyalarini keng targ‘ib qilib kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farmoniga asosan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita jamoasi muftiy hazratlarini yuksak davlat mukofoti bilan tabriklaydi, kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
Ta’kidlash kerakki, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy ma’naviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qo‘shgan, o‘z mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchiligining izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ziyoli oilada tavallud topganlar. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi vazifasida, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritganlar. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlaganlar.
Usmonxon Alimov hazratlari 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, 14 yildan buyon shu lavozimda samarali faoliyat olib bormoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborli ulamolardan biridir. 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylanganlar.
So‘nggi yillarda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro e’tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladilar. U o‘tgan 10 yildan buyon ushbu ro‘yxatdan mustahkam joy olib kelmoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi hamda tele, radio dasturlarda dolzarb mavzularda chiqishlar qilgan.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari davrlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan qo‘shni va xorij davlatlari musulmonlari diniy idorasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga erishildi.
Darhaqiqat, o‘z mehnati samarasini ko‘rish, ulkan xizmatlari e’tirof etilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lish, mamlakatning iftixoriga aylanish har bir inson uchun katta baxt, eng oliy saodatdir.
Yana bir bor muftiy hazratlarini yuksak mukofot bilan tabriklaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati.
O‘zA.