Mukammallik sari yo‘l

Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston aholisiga murojaatnoma bilan chiqishi an’anaga aylandi. Murojaatnomada kelgusi yilda mamlakat taraqqiyotining eng muhim, ustuvor vazifalari, davlatimiz siyosatining navbatdagi yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.

Avvalgi yillardagi murojaatnomalarda ta’kidlangan sud-huquq sohasidagi islohotlar inqilobiy o‘zgarishlarni olib keldi. Oxirgi olti yil ichida mamlakatimizda sud-huquq sohasini yanada takomillashtirish, sudlar mustaqilligiga erishish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, har safar navbatdagi  murojaatnomada ilgarigi islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Demak, mukammallik asta-sekin, bosqichma-bosqich shakllanadi, degan gap ayni haqiqat. 

Bu yilgi murojaatnomada Yurtboshimiz sud-huquq sohasiga ham alohida to‘xtaldi. Bugungi kunda ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ortiqcha ovoragarchilikka uchrayotgani, shuningdek hamda sud qarorlarining ijro etilmay qolayotganligiga e’tiroz bildirildi. Fuqarolarga davlat hisobidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatadigan advokatlarni “elektron tanlash” tizimi ishga tushirilmaganligi tanqid qilindi.

Mana shu e’tirozlarning o‘zi sohada juda katta ishlar qilinishi lozimligini ko‘rsatadi. Demak, sohada hali bo‘shliqlar bor. Bu esa sud-huquq islohotlarining keyingi bosqichiga katta vazifalarni qo‘yadi.

Davlatimiz rahbari qisqa muddat ichida huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan,  odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilishini alohida ta’kidlab, bunda eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lishlariga barham berilishi, viloyat sudlarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi vakolatlari yanada kengaytirilishini bayon qildilar. Bu fikrlar bir-birini to‘ldirib, birdaniga muammo aytilib, yechimi ham ko‘rsatilyapti. Viloyat sudlari vakolatlarining kengaytirilishining o‘zi odamlarning ovoragarchiliklariga barham beradi. 

Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlash ham inson huquqlariga daxl qilishdir. Demokratik davlatda fuqaroning huquqlari esa faqat va faqat sud orqali cheklanishi mumkin. Sud-huquq islohotlarining oldingi bosqichlarida fuqaroning shaxsiy daxlsizligi bilan bog‘liq bir qator holatlar bo‘yicha sanksiya berish sudlarga o‘tkazilgan edi. Endilikda  Xabeas Korpus instituti normalari kengaytirilib, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati ham prokurordan sudga o‘tkazilishi, shuningdek, bundan keyin mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali amalga oshirilishi ta’kidlandi. Mana shu holatning o‘zi fuqarolarda o‘z mulki daxlsizligiga bo‘lgan ishonchni shakllantiradi. Ana shu ishonch har bir fuqaroga, qolaversa mahalliy tadbirkorga ham, xorijliklik investorga ham katta motivatsiya beradi.

Sudlarda prokuror va advokatning tengligi ta’minlanishi adolat o‘rnatilishining muhim shartidir. Buning avvalo sud ishlarida qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantirish, advokatlarning huquqlari ham kengaytirilishi katta ahamiyat kasb etadi. Sudda taraflar tengligi bo‘lishi uchun prokuror professional bo‘lgani kabi advokat ham malakali bo‘lishi lozim.

Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchining himoyadan voz kechishi bilan bog‘liq har bir holat yuzasidan prokuror va sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim yaratilishi,  huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni vaqtincha ushlab turish, joylarda hisobga olishning onlayn tizimi joriy etilishi inson huquqlarining har qanday ko‘rinishdagi buzilishlarini oldini olishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilinganda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinishi ham adolatni ta’minlashga katta hissa qo‘shadi.

Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, investorlarning  qonun himoyasiga ishonchini kuchaytirish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Chunki investor mablag‘, texnologiyalar olib keladi, sanoat rivojlanadi, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratadi.

Mamlakatimizda mulk va investitsiyaning himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida “Xalqaro tijorat sudi”ni tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanganligi ta’kidlab o‘tildi. Bu esa albatta xorijiy investorlarni jalb qilishda o‘z samarasini beradi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada sud-huquq sohasi bo‘yicha ta’kidlagan har bir yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirilishi islohotlarning yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Demak, yurtimizda inson huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilinadi.

Olim Hayitov,

Samarqand viloyati sudi raisi.