Mulohaza: So‘nggi bekat ulovi
Yaqinda o‘zidan yaxshi nom va solih farzandlar qoldirgan aziz insonni so‘nggi manzilga kuzatib qo‘ydik. Marhumning janozasiga olis-yaqindan tumonat odam yig‘ildi. Hamdardlik bildirish uchun kelayotganlarning oxiri ko‘rinmasdi.
Tobut ko‘tarilishi belgilangan vaqt yaqinlashganda marhumning qarindoshlari orasida besaranjomlik boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, tobutni qabristonga eltish uchun ulov masalasi hal etilmagan ekan. Yaqin joy bo‘lganda-ku, tobutni odamlar yelkasida ko‘tarib borishardi, afsuski, qabriston xiyla uzoq – 7-8 chaqirim narida edi.
Muammoni hal qilish uchun kimdir tanishiga, kimdir ishxonasiga, kimdir mahalliy avtokorxona ma’muriyatiga qo‘ng‘iroq qila boshlashdi. Ish paytida bo‘sh turgan ulovni topish amrimahol. Mahalliy avtokorxonadagilarning odamgarchiligi bor ekan, darhol yordam qo‘lini uzatib, yuk mashinasi yuboradigan bo‘lishdi.
Bir payt janoza o‘qiladigan joyga gulduros solib, 20 tonna yuk ortiladigan, uzunligi temir yo‘l vagonidan qolishmaydigan beso‘naqay avtomashina kelib to‘xtadi. Tobut shu ulovga yuklanib, qabriston sari yo‘l olindi. Qishloqning tor, o‘ydim-chuqur yo‘llari-yu keskin burilish joylarida mashina bazo‘r harakatlandi.
Mayitni tuproqqa qo‘yib, qabristondan qaytar ekanman xayolimni g‘ujg‘on savollar qamrab oldi. Nega mayitni so‘nggi yo‘lga izzat-ikrom bilan kuzata olmadik? Axir tobut o‘tin yoki xas-xashak emas, nega uni bunaqa beso‘naqay yuk mashinasiga ortib bordik? Marhumlarni umrining so‘nggi bekatiga izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yishni qachon o‘rganamiz?
Poytaxt va katta shaharlarda bu savollarga o‘rin yo‘q. Yo‘llarda tobut ortilgan yuk mashinalari ko‘zga tashlanmaydi. Ularning o‘rnini allaqachon did bilan jihozlangan maxsus mashinalar egallagan. Dafn byurosiga buyurtma berilsa bas, aytilgan vaqt va belgilangan joyda hozir bo‘lishadi.
Qishloqlarimizda ham ana shunday xizmatni joriy etish vaqti kelmadimikan? Mahalliy hokimliklar tuman uchun 2-3 ta maxsus mashina olib, uni obodonlashtirish boshqarmasi yoki tuman markazidagi masjidga biriktirib qo‘ysa, aholi uchun qulaylik bo‘ladi-ku. Eng muhimi, marhumlar ruhi oldida xijolat chekmasdik. Ularni so‘nggti bekatga olib boruvchi ulovlarimiz ham marhumlar hurmatiga munosib bo‘lishi kerak.
Norbobo Shakarov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.