Mungli ko‘zlar

Mardon bolalar uyiga xizmat yuzasidan borib, ko‘ngli vayron bo‘lib qaytdi. Voqea xuddi aloq-chaloq tushga o‘xshardi. U tarbiyalanuvchilar qiy-chuv ko‘tarib, o‘ynayotgan maydoncha yonidan o‘tib borar ekan, uch yoshlardagi bolakay unga qarab yugurdi: “Dadam, dadam keldi”

Mardon beixtiyor egilib bolani bag‘riga oldi. U jajji qo‘lchalari bilan bo‘ynidan mahkam quchoqlab, lo‘ppi yuzlarini yuziga bosdi: «Dada».

- Asqarjon, bu kishi dadang emas, dadang ertaga keladi, – orqasidan yetib kelgan tarbiyachi ayol uni Mardonning bag‘ridan zo‘rg‘a ajratib oldi.

Bolakay, «qo‘yib yuboring, bu mening dadam, tushimda ko‘rgandim», deb xarxasha qilardi.

- Shohista, kel qizim, ukangni ushla, olib borib o‘ynat, - tarbiyachi ayol yetti yoshlardagi qizaloqni chaqirib, Asqarjonni tutqazdi.

- Uzr, bola-da, sizni xijolatga qo‘ydi, – tarbiyachi ayol xo‘rsindi. – Bir yoshida ota-onasi ajrashib, buvisiga tashlab ketishgan. Kampir olamdan o‘tgach, uni shu yerga topshirishgan. Esini taniy boshlagach, ota-onasini so‘rayverib yuragimizni ezadi. “Dadang ertaga keladi”, deb ovutishga majbur bo‘lamiz. Kecha oqshom ham ovutib zo‘rg‘a uxlatdik. Sizni ko‘rib dadam, deb o‘yladi, shekilli...

Mardon uyga qaytar ekan, "Dada", deb javdiragan bola ko‘z oldidan ketmasdi.

Tanbalboy

Asli ismi Taniboy. Hech qayerda ishlamay, ko‘cha-ko‘yda sanqib, topganini ichib yurganidan Tanbalboy deya laqab orttirib olgan. Ishsiz yoshlarga bir gektardan yer berilayotganini eshitib, tanga topgan devonaday quvonib ketdi. Ko‘zlarini yumib, barmoqlarini bukib hisoblashga kirishdi. “Bir gektar kam emas, agar odamini topsa, mo‘maygina pulga ijaraga bersa, bu pulga bir yil yotib, yeb-ichsa bo‘ladi”. Kallasiga kelgan fikrdan yuragi hapqirib, irg‘ib o‘rnidan turdi. Ariza yozib mahallaga yugurdi.

- Rais buva, mumkinmi?

Oqsoqol yozuvdan boshini ko‘tarib, ostonada qo‘l qovushtirib turgan Taniboyni ko‘rdi. Ensasi qotib unga yuzlandi:

- Xo‘sh, nima gap? Aroqqa puling qolmadimi?

- Ariza yozuvdim, - Taniboy qo‘lidagi qog‘ozni oqsoqolga uzatdi, – yer berilyapti ekan. Shunga men ham...

- Hm, sen ham yer olmoqchimisan? – oqsoqolning avzoi buzildi. – Yarim yil ishsizlik nafaqasi to‘ladik, bekorchilikdan qo‘ling bo‘shamadi. Hunar o‘rganish kursiga yubordik, ikkinchi kuniyoq qochib kelding. Uch marta ishga joylashtirdik, “Sog‘liging to‘g‘ri kelmay” ishlamading. Ota meros o‘ttiz sotix tomorqa ajriq bosib yotibdi. Kartoshka ek deb urug‘, o‘tqaz deb ko‘chat berdik, sotib puliga aroq ichib yubording. Endi aqling kirib mehnat qilmoqchimisan? Yaxshi! Avval borib tomorqangni epaqaga keltir, ekin ek, daraxt o‘tqaz, ter to‘kib ishla. Yer berishni keyin o‘ylab ko‘ramiz. Ol arizangni, chiq!

Tog‘aymurod Shomurodov.