Muomalada bo‘lgan g‘aroyib pullar...
Banknotalar va tangalardagi turli xil rang, dizayn, portret va belgilar odatda mamlakat tarixi va madaniyatiga ishora qiladi, ba’zida ular ma’lum bir muhim tarixiy voqeaga bag‘ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Ba’zi valyutalar borki, ularda juda g‘alati mavzular bosilgan. Oddiy mavzularni g‘alati tarzda tasvirlaydiganlari ham yo‘q emas. Teshik banknotalaridan tortib davlat xaritasi tushirilgan tangalarigacha... bu valyutalar haqiqatan ham muomalada bo‘lganmi? Xarid uchun gapiradigan pul berishingizni tasavvur qila olasizmi?
Eng qadimgi Xitoy qog‘oz puli
Yevropada 17-asrda ildiz otishidan 500 yil oldin, birinchi bo‘lib qog‘oz pullardan Xitoydagi Tang sulolasi davrida (milodiy 618-907) asosan xususiy banknota yoki ayirboshlash qog‘ozi ko‘rinishida foydalana boshlangan.
Marixuanna solingan tanga
Benin G‘arbiy Afrika respublikasi hukumati buyrug‘i bilan 2011 yilda dunyodagi birinchi marixuanali kumush tanga chiqarildi. Rasmiy qonuniy to‘lov vositasining orqa tomonida och yashil rangli nasha bargi ko‘rsatilgan. Tanga ishqalanganda, sintetik qo‘shimchalar tufayli o‘zidan marixuana hidini chiqaradi.
Mamontlar qoldiqlari qo‘shilgan tanga
Kot-d’Ivuar Respublikasi chiqargan cheklangan miqdordagi 1000 frank tangalarida mamont qoldiqlarining mayda bo‘laklari qo‘shilgan.
To‘rtburchak banknota
1987 yilda Tailand banki qirol Rama-IXning 60 yilligi munosabati bilan 60 batlik banknotalarining maxsus seriyasini chiqardi. Banknota kvadrat shaklida bo‘lib, uning o‘lchami 16x16 santimetrga teng edi. Bu dunyodagi eng katta banknotalardan biridir.
100 trillion dollarlik banknota
Oq tanli yer egalarining uy-joylari musodara qilinganidan ko‘p o‘tmay Ikkinchi Kongo urushidagi ishtiroki (1998-2003) ortidan Zimbabveda giperinflyasiya boshlandi. 2008 yilning noyabriga kelib bu inflyasiya 79600 million foizni tashkil qilardi. O‘sha paytda Zimbabve Milliy banki 100 000 000 000 000 (yuz trillion!) dollarlik pul belgisini muomalaga chiqardi.
Gapiradigan pullar
2007 yilda Mongoliyada chiqarilgan 500 tugrik tangalari gapirardi. Orqa tomonida AQSh prezidenti Jon Kennedi tasviri tushirilgan tangasidagi tugmachani bosish orqali prezidentning mashhur “Men Berlinlikman” nutqini eshitish mumkin edi. Ziyrak kolleksionerlar bu tangalar chiqarilganidanoq, darhol ularni “terib” ketishdi.
Xarita tasvirlangan Zambiya kumush tangasi
31 gramm kumushdan iborat g‘alati ko‘rinishdagi tanga birinchi marta 2000 yilgi Sidney olimpiadasiga bag‘ishlab chiqarilgan. O‘lchami 4,8 ga 4 santimetr bo‘lgan g‘ayrioddiy shaklda zarb qilingan tangada Avstraliya va Zambiya davlatlarining xaritalari bir xil o‘lchamda aks ettirilgan.
Mobutu kupyuralari
1997 yilda Afrikaning Zoir mamlakati (hozirgi Kongo Demokratik Republikasi) xalqi prezident Jozef Mobutuning totalitar rejimini ag‘dardi. Biroq, yangi hukumatda valyuta yetarli bo‘lmaganligi sababli, eski 20000 Zoir banknotalari Mobutu surati kesilgan holda ishlatishga qaror qilindi.
Filippin 100 000 pesosi
Kengligi 21,5, uzunligi esa 35,5 santimetr hajmdagi nominal Filippin Markazi banki tomonidan 1998 yilda mamlakatning 100 yilligini nishonlash sharafiga muomalaga chiqarildi. Bu qog‘oz pul Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan qonuniy to‘lov vositasi sifatida foydalanilgan eng katta banknota sifatida tan olindi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.