«Muqaddas ayol» - bayramga aylangan sayohat

Kecha kun davomida goh tinib, goh avjiga olib yoqqan yomg‘irdan so‘ng bugun charaqlab chiqqan quyosh xuddi «Muqaddas ayol» shiori ostida viloyatning bir guruh xotin-qizlari uchun tashkil etilgan sayohat ishtirokchilarini kulib qarshi olganday.

Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan, turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan 700 nafarga yaqin xotin-qizlar bugun tongdanoq Samarqand shahridagi ziyoratgohlar, tarixiy majmualarni ziyorat qilishdi. Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan tashkil etilgan sayohat ishtirokchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, barchasining chehrasida bayramona kayfiyat ufurib turibdi.

- Mening qizim shu yil respublika miqyosidagi musobaqada «Shaxmat malikasi» nomiga sazovor bo‘ldi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 51-umumta’lim maktabi rahbari Feruza Mo‘minova o‘quvchilari haqida gapirarkan.

Shuningdek, «Yilning eng ijodkor ayoli» tanlovida o‘rin egallagan kattaqo‘rg‘onlik Aziza Boymurodova, yaqindagina «O‘z kasbining mohir egasi» tanlovining respublika bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritgan ishtixonlik muallima Feruz Tog‘ayeva va boshqa o‘qituvchilar sayohat davomida ijoddan bahslashishdi, tajribalarini o‘rtoqlashishdi, yutuqlarini e’tirof etishdi. Samarqand shahridagi o‘zgarishlarni aytib, shaharning chiroy ochib borayotganidan zavqlanishdi.

- To‘qqiz yildan beri Paxtachi tumanidagi obodonlashtirish bo‘limida faoliyat ko‘rsataman, - deydi Zamira Allayeva. – Kasaba uyushmasi tomonidan doimiy e’tiborni his qilib kelganman. Oddiy ishda  ishlasam-da, ammo menga havas qilguvchi ayollar juda ko‘p, to‘g‘risini aytsam. Bugungi sayohat ham bayramga juda chiroyli tuhfa bo‘ldi.

Sayohatdan so‘ng xotin-qizlar uchun bayram dasturi ham tashkillashtirildi.

Shuningdek, bugun viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan samarqandlik bir guruh xotin-qizlarning Toshkent shahriga sayohati ham uyushtirildi.

Gulruh MO‘MINOVA.