Murojaatchidan hamma xursand
Quyonning beshta bolasi bor ekan, quyonchalarining qornini to‘ydirish uchun qancha harakat qilmasin, ro‘zg‘or tebratishga qiynalibdi. O‘ylab-o‘ylab, hayvonlar shohi Sherga murojaat qilmoqchi bo‘lib, Tulkining oldiga boribdi.
- Murojaatdan maqsading nima bo‘lsa, yozib ber, - debdi Tulki.
Quyon “Hayvonlar sultoni Sher janoblari, beshta bolam bor. Uyimda ozuqam tugadi. Bolalarim och qolmasligi uchun yordam bering”, deb yozib Tulkiga uzatibdi.
Tulki esa murojaatni Bo‘riga olib boribdi. Bo‘ri xatni Sherga taqdim qilibdi. Xatni o‘qigan Sher rahmi kelib, g‘aznachiga Quyonning bolalariga besh qop sabzi berishni tayinlabdi.
G‘aznachi ikki qop sabzini o‘zida qoldirib, “shohdan yordam” deb uch qop sabzini Bo‘riga beribdi. Shu tarzda sabzilarning bir qopi Bo‘ri, bir qopi Tulki tomonidan o‘marilib, Quyonga atigi bir qopi yetib boribdi. Quyon xursand uyiga qaytibdi...
Diyorbek Xoliqov,
SamDChTI talabasi.