Murojaatlarga befarq bo‘lgan 17 nafar rahbar va mas’ul ijrochilar vazifasidan ozod etildi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Samarqandda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi, ijro intizomini susaytirib yuborganligi uchun 2018 yil iyul-dekabr oylarida 247 holatda hamda 2019 yilning 20 mart sanasiga qadar 39 holatda rahbarlar va mas’ul ijrochilarga nisbatan turli darajadagi jazo choralari qo‘llanildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Jumladan, rahbar kadrlar va mas’ul ijrochilarga 152 holatda rasmiy ogohlantirish, 81  holatda “hayfsan” intizomiy jazosi berilib, 13 holatda oylik ish haqidan 30 foizgacha jarima to‘lash tartibida intizomiy jazo choralari ko‘rildi. 17 holatda ijro uchun mas’ul etib belgilanganlar egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, 23 holatda rahbar kadrlar va mas’ul ijrochilarning ma’muriy javobgarlik masalasi mas’ul idoralar tomonidan ko‘rib chiqildi.