Sektor rahbarlariga «master-klass» kerakmi? Yoxud kreativ fikrlashni biladigan va bilmaydigan rahbarlar to‘g‘risida qaydlar
Rahbarlar vaziyatga turli rakurslardan qaray bilishi, ular favqulodda iste’dodga ega bo‘lishi, eng muhimi, odamlarga qayishadigan, umid bilan kelgan kishiga yordam berishi zarurligi barcha zamonlarda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bu talab, rahbarlarda bo‘lishi shart xislatlar, ayniqsa, yangi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zotan, davlatimiz rahbari barcha chiqishlarida davlat xizmatchisining asosiy vazifasi xalqni rozi qilish ekanligiga to‘xtalib o‘tmoqda.
Hokim o‘rinbosariga qiz tutingan juvon
Yaqin o‘tmishimizda viloyat hokimining o‘rinbosarlari ham jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilardi. Ana shunday qabullarning birida onasi hamrohligida nogiron ayol tashrif buyuradi. Ularga ko‘zi tushgan rahbar yordamchisiga navbatsiz yoniga chaqirishini tushuntiradi.
- Nima muammo, onajon?
- Menmas, mana, qizimning masalasi bor, shunga ...
Nogironlik aravachasida o‘tirgan yoshgina juvon tug‘ruqdan keyin dam olishga imkoni bo‘lmay, jismoniy mehnat qilishga majbur bo‘lganini aytadi. Shu bois, ko‘p o‘tmay nogiron bo‘lib qolgani, oqibatda turmush o‘rtog‘i boshqa ayol bilan oila qurib ketganini bildiradi.
- Bo‘ldi, singlim, siz xavotir olmang, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi...
Mutasaddining yordamchisi aytishicha, rahbari chet eldagi nufuzli klinika bilan gaplashib, navbat olgan va nogiron juvonni o‘z hisobidan davolanishga yuborgan. Negaki, o‘sha paytda ham, hozir ham og‘ir kasallarni byudjet hisobidan davolatish ancha murakkab jarayon.
Hujjat ishlari, bordi-keldi bilan oradan bir oylar o‘tgach, juvon yordamchiga qo‘ng‘iroq qilib, xorijdan qaytgani, minnatdorlik ramzi sifatida dasturxon tuzab, kutayotganini aytadi. Yordamchi buni rahbarga bildirib, OAVga ma’lum qilish-qilmaslikni so‘raydi. “O‘ng qo‘ling qilgan ishni chap qo‘ling bilmasin”. Rahbarning aytgan gapi shu bo‘lgan.
Belgilangan uyga kirib borishganida rahbarining bo‘yniga osilib olgan juvonni ko‘rib, yordamchi shoshib nima qilarini bilmay qoladi.
- Siz endi menga otamdaysiz, agar otam hayot bo‘lganlarida siz qilgan yordamni qila olardimi, yo‘qmi, bilmayman. Shunday odamga duch qilgani uchun Allohga behisob shukur!
Tadbirkor bo‘lgan “yozuvchi”
Olti yillar oldin guvohi bo‘lganim bu voqea, quyida aytmoqchi bo‘lganlarim uchun juda mos tushadi. Chunki o‘shanda bir idorada mas’ul vazifada ishlaydigan xodim qaysidir bir hujjatga ko‘ra, o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligi uchun ishdan bo‘shatiladi.
Tabiiyki, u bundan norozi bo‘lib turli idoralarga murojaat qiladi. Barcha javoblarda bugun ham davom etayotgan “an’ana”ga ko‘ra, unga qonuniy ishdan bo‘shatilganligi ma’lum qilinadi. Oqibatda o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lgani uchun g‘ayratli bir yigit “yozuvchi”, degan nom orttiradi.
Uning navbatdagi murojaati viloyat darajasida o‘rganiladigan bo‘ldi. Murojaatni o‘rganayotgan odam “yozuvchi”ga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilganda u g‘alati holga tushdi.
- Rosti, hozir sizga nima deyishga hayron bo‘lib turibman, ishsiz qolayotganim, oilada asosiy boquvchi ekanligim va keksa ota-onam ham mening qo‘limga qarab qolganini aytmoqchi bo‘lsam ... , - deya oldi u.
Ammo taklif qilingan ish o‘rinlari bilan tanishib chiqarkan, ularning barchasini rad qildi. Negaki, ba’zilarida to‘lanadigan haq oldingi ish joyidagidan kam, ayrimlari borib-kelish uchun noqulay ekan.
Amaliyotda ko‘p ko‘rganmiz, ish yoki mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar muallifiga bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinadi va u rad javobini bergach, dalolatnoma tuzilib, murojaat nazoratdan chiqariladi. Aslida qonun bo‘yicha ham murojaatni shu tarzda yopish mumkin. Ammo hikoya qilayotgan voqeligimda bunday bo‘lmadi.
- Menga bir-ikki kun muhlat bering, boshqa yo‘llari haqida o‘ylab ko‘ray, yana gaplashamiz, - dedi murojaatni o‘rganayotgan mutasaddi.
Xullas, o‘sha paytlarda omuxta yem shoxobchalari ochish bo‘yicha hukumatning hujjati qabul qilindi. Murojaatchiga ayni shu qaror asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berildi.
Monologga teng dialog
Yaqinda xizmat taqozosi bilan Toyloq tumanidagi 3-sektor shtabida bo‘ldik.
- Hududda aniqlangan holatlar bo‘yicha qachon tuman hokimligiga ma’lumot kiritgansiz? Tuman hokimligi ma’lumotingizga asosan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlab, berganmi,- so‘raymiz sektor kotibidan.
- ...
- Sektor hududida aniqlangan muammolarni qay tariqa bartaraf qilasiz, axir?! O‘zi odamlarni qanday masalalar tashvishlantirayotganini o‘rganasizlarmi?
- Ha, tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, muammolar yechimi bo‘yicha zarur ish olib boryapmiz, - dedi nihoyat sektor kotibi.
- Qaysi muammoni qachon hal qilganliklaringiz haqida ma’lumot bera olasizmi?
- Ha, mana masalan, hududdagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berilishi choralarini ko‘ryapmiz.
- Issiqxonalarga tabiiy gaz endi berilmasligidan xabaringiz bormi?
- ...
- Hududda qancha ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bor?
- Mingga yaqin ishsizlar aniqlandi, xatlov davom etyapti.
- Ularning bandligini qanday ta’minlamoqchisizlar?
- ...
- Kasbga o‘qitish markazlarida biron ishni o‘rgatish orqali;
tadbirkorlikka ishtiyoqi, layoqati borlariga imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlash orqali;
hududdagi tadbirkorlik sub’yektlariga ishga joylashtirish orqali.
- Endi, mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha qancha odamni ish bilan ta’minlash rejalashtirilganini ayting-chi?
- ...
Ishsiz qolgan, lekin yer yo‘q
Toyloq tumanidagi 1-sektor hududida Nuroniy mahallasi bor. Mahallada yashovchi Ma’mur Mirzayev bir necha oydirki turli idoralar eshigida sarson. Negaki, uning fermer xo‘jaligi maqbullashtirish davrida boshqa fermer xo‘jaligiga, aniqrog‘i qaynotasining yeriga qo‘shilgan. Ammo oradan olti oy o‘tar-o‘tmas “Bo‘taboy obod Eldor” fermer xo‘jaligi raisi M.Mirzayevni ishdan bo‘shatib, dalaga yaqinlashtirmay qo‘ygan. Bugun u “yozuvchi”.
- Tuman hokimi, xalq qabulxonasi, prokuraturaga murojaat qildim, natija yo‘q, - deydi bugun oilaviy ko‘chib borib, Samarqand tumanidagi fermer xo‘jaliklarining birida ishlayotgan M.Mirzayev. – Nahotki, mening muammomni jiddiyroq o‘rganadigan biron mutasaddi topilmasa?!
Tuman hokimligiga qilingan murojaatga yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i “Istiqbol iftixorlari” fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi qaroriga asosan bekor qilingan, deb javob bergan. Javob xatida shuningdek, M.Mirzayevning murojaatini amalga oshirib bo‘lmasligi ham bildirilgan.
Maqolani bejiz rahbarlarning kreativ fikrlashi bilan boshlab, ayrim voqeliklarni keltirmadik. Xulosa qilishni, siz, mushtariylarga qoldiramiz. Mutasaddi idoralardan esa asosli javob kutamiz.
Yoqubjon MARQAYeV.