Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muslihiddin Muhiddinov: “Chinakam ilm o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi, vaqti kelib o‘z munosib o‘rnini topadi”

Xalqimiz ilmli kishilarni, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini “domla” deb e’zozlaydi. Ammo hamma o‘qituvchilar, olimlar nomiga ushbu muborak nisbani qo‘llashmaydi. Shu so‘zni qo‘shib aytganlari bilan ham ayrimlarga bu nom yarashiqsiz bo‘lib qoladi va tezda unutilib ketadi.

Yurtimiz adabiyotshunoslari, navoiyshunos olimlar, ular qaysi yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, Samarqand davlat universiteti professori Muslihiddin Muhiddinov haqida gap ketganda yoki u kishiga murojaat qilishganida albatta, shu kalomdan foydalanishadi – “Muslihiddin domla”, “Muhiddinov domla” yoki “eshon bobo” deb hurmat ko‘rsatishadi. Va albatta, bunday kalom aytuvchi tiliga, eshitguvchi va murojaat qilinuvchi kishi qulog‘iga xush yoqibgina qolmay, yarashadi ham.

Bu avvalo, domlaning ulug‘ sulola vakili bo‘lgani va ota-bobolari ishini davom ettirib, ilm yo‘lida xizmat qilish, shu orqali odamlar qalbiga ziyo ulashishni hayotining mazmuni deb bilishida bo‘lsa ajabmas. Qolaversa, olimlarga, chinakam ustozlarga xos bag‘rikengligi, shogirdparvarligi va xushkalomligi, komillikka intilishi ham Muhiddinov domlaning sharaf va martabasini doim baland qilib kelmoqda.

Muslihiddin Muhiddinov “Eshoni Urgutiy”lar avlodi. Dastlab Eshoni Valixon Urgutiy shu nom bilan hurmat-e’zoz topgan. Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi bo‘lgan bu zot o‘z davrida “qutb uz-zamon” deb sharaflangan. Madrasa tashkil etib, yoshlarga saboq bergan, ko‘plab muridlarga ustozlik qilgan. 1915 yilda vafot etganidan so‘ng uning ilmiy-ma’rifiy faoliyatini o‘g‘li Eshoni Muhiddinxon davom ettirib, naqshbandiya tariqatining yirik shayxi, avliyosiga aylangan. Undan keyin o‘g‘li Eshoni Qutbiddinxon bu ishga bosh bo‘lgan. Bu inson ham ota-bobolari izidan borib, tariqat yo‘lida ilmiy-ijodiy izlanishlar olib borgan, adabiyotshunoslik, tilshunoslik bilan shug‘ullangan. Ammo, sobiq sho‘ro tuzumi bu sulola vakillari, xususan Eshoni Qutbiddinxon uchun oson kechmagan. Ular turli quvg‘in va tahqirlarni boshdan kechirgan. Lekin keyinchalik barcha ayblovlar bekor qilinib, ulug‘ zotlarning pok nomlari tiklangan. Ularning xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilgan va bu ish bugun ham davom etmoqda.

Muslihiddin domla ana shu tabarruk sulolaning bugungi munosib davomchisi, Eshoni Qutbiddinxonning farzandi. Avloddan-avlodga o‘tib kelgan ilmsevarlik, ma’rifatga tashnalik Muslihiddin Muhiddinov shaxsida ham mujassam. Bu inson ham butun hayotini, borlig‘ini ilmga bag‘ishlagan. O‘zbek mumtoz adabiyoti, xususan, Navoiy merosini o‘rganish borasida ko‘plab tadqiqotlar olib borgan va bugun bu borada ilmiy ishlanishda bo‘lgan yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.

Muhiddinov domla mehnat faoliyatini sobiq Samarqand davlat pedagogika institutida boshlab, 1992 yilgacha shu yerda o‘qituvchi, dotsent, o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor vazifalarini bajardi. Institut Samarqand davlat universiteti bilan birlashtirilgach, faoliyatini ushbu qutlug‘ dargohda davom ettirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida domla universitetning qaynoq faoliyatida faol ishtirok etdi. Turli vazifalarda samarali mehnat qilib, o‘zini ko‘rsatdi. Jumladan, “Samarqand universiteti” gazetasi muharriri, universitet qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya etiladigan ixtisoslashgan kengash ilmiy kotibi, ilmiy kengash raisi, 1998 yildan 2011 yilga qadar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor bo‘ldi. Ayni paytda ham o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi professori, universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi. Yoshi saksonga qarab borayotgan bo‘lsa-da hamon ilm yo‘lida izlanishdan, yoshlarga ustozlik qilish, qadrdon universiteti sha’ni-shavkatini oshirish uchun mehnatdan qochmaydi, balki bu ishlarni o‘zi uchun sharaf deb biladi.

– Muhiddinov domla o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha yetuk mutaxassis, Samarqand adabiyotshunoslik maktabining faol davomchilaridan biri, bu sohada amalga oshirilgan ishlari bilan ilm ahli nazariga tushgan yetuk navoiyshunos olim, – deydi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov. – Biz, butun universitetimiz jamoasi bu inson bilan faxrlanamiz. Domladagi g‘ayrat-shijoat, universitetimiz uchun jonkuyarlikni yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatamiz. Muslihiddin  aka faqat ilmiy-ijodiy ishlar bilan cheklanib qolmay, mamlakatimizda sodir bo‘layotgan buyuk o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan ruhlanib, uning mohiyati va ahamiyatini talabalar ongiga singdirishda ham faol jamoatchi va fidoyidir.

Domla o‘z ilmiy tadqiqotlarida komil inson g‘oyasining mumtoz adabiyotdagi talqinlariga katta e’tibor bergan. Bu olimning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari, “Talqinlarda olamcha ma’no”, “Ikki olam yog‘dusi”, “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida komil inson talqini”, “Xamsa”larning birinchi dostonlarida komil inson tasviri”, “Komil inson – adabiyot ideali”, “Nurli qalblar gulshani” kabi o‘nlab kitob va risollari, o‘quv qo‘llanmalarining ham bosh mavzusi bo‘lgan.

– Adabiyotshunoslik sohasida mavzu bilan tadqiqotchi ruhiyati o‘zaro qovushmasa, ish ko‘ngildagidek yurishmaydi, – deb yozadi taniqli adabiyotshunos Sultonmurod Olimov. – Muslihiddin Muhiddinovda naqshbandiya asr-asrlar qadrlab, targ‘ibu tashviq qilib kelgan ezgu g‘oyalarga kuchli sadoqat bor. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Ammo ko‘ngil odami bo‘lish qiyin. Naqshbandiya esa ko‘ngil kishisini tarbiyalashni maqsad qiladi. Hayotimda Muslihiddin akadek inson ko‘nglining nozik-nozik tebranishlarini dil-dilidan his etadigan ziyolini juda kam ko‘rganman.

Yuqorida “Eshoni Urgutiy”larga avvalgi tuzum davrida nohaqliklar qilingani haqida eslatgandik. Muhiddinov domla o‘z hayoti, ilmiy faoliyati davomida ota-bobolarining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish orqali tarixiy haqiqat qaror topishiga katta hissa qo‘shdi.

– Hayot doim bir xil kechmaydi, turli davrlar, siyosiy tuzumlarda ilm-ma’rifatga e’tibor ham o‘zgarib turadi, – deydi Muslihiddin Muhiddinov. – Lekin chinakam ilm o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi, vaqti kelib o‘z munosib o‘rnini topadi. Bizning ota-bobolarimiz ma’naviy merosi, ularning ezgu ishlari ham mustaqillik tufayli qayta yuz ochdi. Ular nomi bilan bog‘liq maskan – Urgut tumanidagi Chorchinor ziyoratgohi obod etildi. 2002 yilda, o‘sha paytda Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ushbu qutlug‘ maskanda keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Eshoni Valixon va Eshon Qutbiddinxon xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Bu tadbirda ham Sh.Mirziyoyev ishtirok etib, ajdodlarimiz haqida juda samimiy fikrlarni bildirgan edilar. Bizning sulolamiz bunday ehtirom uchun u kishidan minnatdormiz.

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 29 yillik bayrami Muhiddinov domla uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, u kishi “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

– Bundan to‘rt yil avval “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” ordeni bilan, bu yil esa davlatimizning yana bir yuksak mukofoti bilan taqdirlandim, – deydi “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov. – Bu avvalo Prezidentimizning yurtimiz ilm ahliga bo‘lgan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rliklari samarasi, tarixi Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyalariga borib taqaladigan Samarqand davlat universitetining e’tirof etilishi deb bilaman.

Mir Alisher Navoiyning

“Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”

degan misralari bor. Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va unga qat’iy amal qilinayotgan “Islohotlardan maqsad – odamlarning roziligi” degan g‘oya aynan Navoiy bobomizning fikrlari bilan hamohangdir. Bosh maqsadi xalq rizoligiga qaratilgan davlatimiz yo‘li doim oydin, bu ishlarning boshida turgan insonlar hamisha omon bo‘lsin!

G‘olib HASANOV,  Alisher ISROILOV (surat), O‘zA