Musofir yigitning Yevropa taassurotlari

Kechagiday esimda. Ukam bolaligida: "Men katta bo‘lsam, katta"gruzovoy moshin" haydayman. Shofyor bo‘laman", derdi og‘zini to‘ldirib. Maktabni bitirib, talaba bo‘ldi. Uylandi. Kunlardan bir kuni shartta arizasini yozib, ishdan ketib qoldi. Bolalik orzusi ushalgach, menga Yevropadan ushbu maktubni yubordi. Vatan sog‘inchiga to‘la samimiy xatni sizlarga ham ilindim...

Assalomu alaykum, qadrdonim, mana, bugun o‘sha kun! 

Yevropaga viza bilan ishlashga keldim. Bahor, havo endi isib, deyarli har kuni yomg‘ir, hamma tomon yam-yashil, havo namligi me’yordan past bo‘lganligidan o‘pka to‘yib nafas olyapti. Biz kelib joylashgan, katta bo‘lmagan shahar top-toza, jamoat transportlari o‘z vaqtida qatnaydi.

Shahar ko‘chalarining bezaklari odamga osoyishtalik kayfiyatini berib turibdi. Odamlari yuzida tabassum, oddiygina, zamonaviy kiyingan. Birov sizga tikilib qaramaydi.

Ish bo‘yicha o‘qishlarimiz va amaliy mashg‘ulotlarimiz boshlandi. Texnik ta’minot va boshqa moddiy tomonlarini aytib o‘tirishimizga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Men ko‘proq inson omiliga e’tiborimni qaratdim, chunki bu chiroyli jamiyatni shu insonlar yaratganku. Ajoyib, bu yerda «pora» «haqorat» degan tushunchalar sanoqli ekan.

O‘qituvchi bo‘lganim uchun dars jarayonidagi metodikaga e’tibor berdim, ajoyib, aniq va inson oson o‘zlashtira oladigan darajada.

Haftada 5 ish kuni, shanba va yakshanba dam olish kunlari ishlar oldindan tuzilgan va tasdiqlangan grafik asosida, hamma o‘zining vazifasini bajarar ekan. Hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ayrim idoralarga va tibbiy ko‘rikka bordik. Hamma joyda chiroyli muomala, o‘zimizni mehmondek his qildik. Xayolan o‘zimizdagi muomala madaniyati ko‘z oldimga keldi.

Yevropaliklarning tabiatga bo‘lgan e’tibori meni qoyil qoldirdi. Katta trassalarga hayvonlar chiqib ketib nobud bo‘lmasligi uchun yo‘l chetiga minglab kilometr to‘siq setkalari tortilgan. Aholi punktlaridan o‘tadigan yo‘l qismlari shovqindan himoya devorlari bilan jihozlangan.

O‘rmon to‘la o‘tin, singan, qurigan daraxtlar, bular esa o‘tinni magazindan olishadi. Chorvalari ham boshqacha: bir qo‘ra qo‘y bo‘lsa, hammasi bir xil turidan.

Dam olish kunlari shaharlarni tomosha qilaman. Eski arxitektura, butun boshli shahar asl holicha saqlangan. Bular eski tarixiy shaharni buzmas ekan, yangisini boshqa joydan qurisharkan.

Bir safar meni politsiya nazorati to‘xtatdi. Barcha hujjatlarimni va mashinani tekshirdi. Qiziq, pul so‘ramadi, jarima qilmadi, garchi mayda qoidabuzarliklarim bo‘lsa ham.

Do‘stona muomalada, ayrim narsalar haqida tavsiyalar berdi, keyin xayrlashdik va yo‘lda davom etdim. Hozircha shunaqa gaplar...

Lekin faqat Vatan sog‘inchi qiynaydi. Oila, jigarlar, Alloh panohida bo‘linglar, vatandoshlarim!

Akbar SULTONOV.