MUSTAQILLIK – MUQADDAS MAVZU
Har kuni odamlar bir-birlari bilan muayyan bir mavzuda muomalaga kirishadilar – munosabatlar mazmunan har xil: mavzu kichik yoki ulkan bo‘lishi mumkin.Masalalarning qamrovi ham hajman farqlanadi. E’tiborli jihati, suhbat yoki fikr almashish albatta biror-bir maqsadga qaratilgan bo‘ladi. Til vositasida amalga oshiriladigan buning kabi kundalik aloqalarda maxsus tayyorgarlik talab etilmaydi – tili bor odam fikriga kelganni gapiradi. Qo‘shib-chatishi yoki yarmini yashirib yozg‘irishi mumkin – buning uchun uni hech kim ayblamaydi. Professional darajadagi bilim va tajriba shart emas. Biroq shunday muqaddas mavzular borki, ular haqida so‘z ketganda chuqur mushohada yuritib, mulohaza qilib, dalillarga asoslanib gapirish shart. Masalan, mustaqillik mavzusi. Bu borada so‘z aytishning mas’uliyati bor. Chunki, so‘zlovchi istiqlol sharofatini avvalo teran his qilmog‘i lozim. Ozodlik naqadar totli so‘z ekanini yurak-yurakdan anglamog‘i darkor. Bugungi dorulomon zamonlar o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqmaganini, osmondan tushmaganini, uning zamirida garovga tikilgan hayot, zahmatli mehnat, g‘oyalar to‘qnashuvi, tinchlik va osoyishtaligimizga tahdidlar, barqarorligimizga xurujlar, jaholatga qarshi kurash va boshqa ko‘plab jarayonlar mavjud ekanini bilmog‘i kerak. Buning uchun esa mamlakatimizning mustaqillik yillari bosib o‘tgan masofalariga teran ko‘z bilan qarash, shuning barobarida uning eng yaqin o‘tmishi mustabid tuzum davridagi tarixi nechog‘li ayanchli bo‘lganini anglash talab etiladi. Muqoyasa, taqqoslash orqali haqiqat ro‘yobga chiqadi.
O‘tgan tuzumda yurtimiz ikki karra qaqshatgich qatag‘onlar davrini boshidan kechirganini ko‘pchilik biladi. Mustaqillik davrida tug‘ilib, voyaga yetgan yoshlarimizga esa bilmaganlarini aytish bizning burchimiz. Chunki istiqlolning qadriga yetish uchun ham o‘tgan kunlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish zarur.
Tarixdan ma’lumki insoniyat o‘tmishida o‘rta asrlarda Yevropada amalga oshirilgan inkvizitsiya, o‘zining dahshatli jazo mashinasi bilan juda ko‘p olimu ulamolarni qirg‘in qildi. Shakkoklarni aniqlash, dahriylikka barham berish shiori ostida faoliyat ko‘rsatgan bu kampaniya Yevropa taraqqiyotini bir necha yuz yil ortga surib tashlagani baayni haqiqat (Xudosizlarga qarshi kurashishning mazkur instituti 1478 yili qirol Ferdinand va malika Izabella tomnidan, Rim papasi Siksta IVning fatvosi bilan ispaniya inkvizitsiyasiga asos solishlari natijasida dahshatli tus olgan. Teologiya, astranomiya singari fanlarda kamolga erishgan qator olimlar, masalan Galileo Galiley, Jordano Bruno, Nikolay Kopernik singari daholar inkvizitsiya qurboniga aylanganlar).
O‘tgan asrning 37-yilidagi qatog‘onlari chin ma’noda xalqimiz boshiga solingan inkvizitsiya dahshatlarining takrorlanishi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki inkvizitsiya dahriylikka qarshi kurash niqobi ostida amalga oshirilgan bo‘lsa, sho‘ro tuzumining jazo mashinasi “xalq dushmanlari”ga qarshi kurash shiori bilan maydonga chiqdi. Asil g‘arazli maqsadini shu yo‘l bilan xaspo‘shladi. Ommaning o‘z kirdikorlariga nisbatan xayrixohligini uyg‘otdi, e’tirozlarga o‘rin qoldirmadi. Shu yo‘l bilan, millatning o‘z so‘zi, o‘z fikriga ega bo‘lgan farzandlari sudsiz, so‘roqsiz qatl qilindi. Mamlakatning taqdiri ko‘lanka ko‘rinishidagi odamlar qo‘lida qoldi. Sababi bunday kishilarni bo‘yinturuqsiz ham boshqarish oson kechardi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, yurtimizni asosan xom ashyo bazasiga aylantirish bo‘lgan. Tariximiz, tilimiz, madaniyatimizga bepisand qarash, uni teskari talqin qilish tajribasi qo‘llanilgan. Muddao buyuk bobokalonlari har sohada dunyoga ibrat bo‘lgan elni asosan qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etish, ularning orasidan dovruqli shaxslarni o‘stirmaslikka qaratilgan.
O‘zbekning o‘zligini anglashiga xizmat qiladigan barcha qadriyatlari ta’qiqlangani bugun hech kimga sir emas. Xuddi inkvizitorlar kabi ommaviy axborot vositalari, bosma nashrlar ustidan kuchli senzura nazorati o‘rnatilgan. Omma erkin so‘zlash, keng qamrovli fikrlash huquqidan mahrum qilingan sharoitda ma’naviy yuksalish haqida gap bo‘lishi mumkinmidi – yo‘q, albatta! Oqibatda biz mayda-chuyda mavzulardagina so‘zlashadigan, global masalalarda fikrlash imkoniyatidan mosuvo bir millatga aylana bordik – qadrsizlandik. Qiziq bir aql bovar qilmas ma’lumot: mabodo bir maskan qurmoq bo‘lib, inshoot bino qilmoqchi bo‘lsak uning smeta xarajatlari arzimas summaga loyihalashtirilishi lozim bo‘lgan. Salmoqliroq summada bo‘lsa markazdan ruxsat so‘ralishi shart ekan.
Har bir sohada sun’iy to‘siqlar, sansolorliklar odatiy holga aylangan edi. Ilmi haminqadar odamlar kuchli ta’sir va vakolatga ega bo‘lganlari bois, bosar-tusarini bilmay qolganlar. Ko‘pning manfaati ularni qiziqtirmagan. Ishni “O‘zim xon, ko‘lankam maydon” qabilida tashkil etganlar. Bu xalqni mutelikda ushlab turishni reja qilganlar uchun ayni muddao bo‘lgan, albatta. Chunki, bu millatning kundalik hayotida ruhiy zo‘riqish, ma’naviy depsinish qancha ko‘p sodir bo‘lsa, uning yuksalishga bo‘lgan intilishi shunchalik ziyon ko‘rishini bilishgan. Shuning uchun ham rahbarlik rollariga savodi haminqadar odamlarni o‘tirg‘izib, ularning byurokratik ish uslublarini har tomonlama rag‘batlantirib turganlar...
Sho‘ro hokimiyati Ikkinchi jahon urushida qozongan g‘alabasidan so‘ng, qirg‘in siyosatini bir muncha yumshatgandek bo‘ldi. Ammo, mana shu yumshoqlik zamirida ham mustamlakachilik siyosatining siyog‘i sezilib turgan. Vaqti-vaqti bilan millat ma’naviyatining o‘suv nuqtalari “chekanka” qilib turilgan. Eng achinarlisi bu paytga kelib, hind xalqining atoqli yozuvchisi Robindrinad Tahur ta’biri bilan aytganda, sho‘ro siyosati milliy manfaatlarimizga avvalgidek hamla qilmasa ham, oldga siljimasin deb oldimizga to‘siq qo‘yib qo‘ygan (Robindrinad Tahur “Xonadon va jahon” asarida ingliz mustamlakachilarining Hindistonda yuritgan siyosati haqida fikr yuritib: “Ular bizning milliy qadriyatlarimizga jiddiy daxl qilmas, ammo hurmat ham qilishmasdi”, deb yozadi).
Avvalboshdan uchqunni alangaga aylantirishni kasb qilgan bu tuzum, o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida yana qatag‘on siyosatining cho‘g‘ini alangalatdi – yana bir karra o‘zining haqiqiy basharasini namoyish etdi. “Paxta ishi” degan aybnoma bilan xalqimiz boshiga musibatli kunlarni soldi. Ko‘pdan beri chang bosib yotgan jazo mashinasini yana ishga qo‘shdi. Nohaq qama-qamalar avjiga chiqdi. Markazdan adolat posbonlari sifatida kelgan “desantchilar” bilgan noma’qulchiliklarini qildilar – xalqni xohlagancha taladilar. O‘zimizdan chiqqan ko‘lanka ko‘rinishidagi kaslar ularga ko‘mak berib turishdi. Markazdan kelgan “vakolatli vakillar” ko‘p nohaqliklarni ularning qo‘li bilan amalga oshirdi – keragida qo‘llab-quvatlab turdi. Vaqti kelaganda aybni ularning bo‘yniga ag‘darishdi.
Yaqinda o‘sha paytdagi “mashhur desantchi”lardan biri Gdlyan, matbuotdagi chiqishlarining birida: “Biz O‘zbekistonda besh-oltita yirik jinoyatlarni ochishdagina ishtirok etganmiz, xolos, qolganini o‘zlarining odamlari qilishgan”, - deb o‘zini oqlashga urindi. Buni qanday tushunish kerak? Nahotki, hayvonot olamiga xos bo‘lgan “agratomiya hodisasi” odamlar orasida ham mavjud bo‘lsa! (Ba’zi bir mavjudotlar hayotiga xavf sezilsa ma’lum bir tana a’zosini boy berish evaziga o‘zini xavfdan xalos etadi. Masalan, kaltakesaklar dumini tashlab qochadi. Aktiniylar paypaslagichlaridan, qisqichbaqalar qisqichlaridan voz kechadilar. Fanda ana shu holat “agratomiya hodisasi” deb ataladi).
Garchi ta’sir doirasi zaiflashgan bo‘lsa-da, hali Markaz mavjud edi. U yana bir karra yurtmiz hududida uchqundan alanga chiqarish rejasini tuzib turardi. Millatlaro ziddiyatlar, diniy mojoro chiqarish, mintaqada o‘zaro keskinlikni vujudga keltirishni mo‘ljallagandi. Mana shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizning yangi rahbari Islom Karimov, hayotini garovga qo‘yib, nohaqliklarga barham berish talabi bilan chiqdi. Markazning murosaaga kelmasligi ayon bo‘lgach, ittifoqdosh respublikalar orasida birinchilardan bo‘lib yurt mustaqilligini e’lon qildi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, o‘rta asrlar Yevropada amalda qo‘llangan inkvizitsiyaning, sho‘ro tuzumi transplantatsiya qilib qo‘llagan nohaqliklari mazkur jur’at tufayli barham topdi.
Dastlabki paytlari bu jur’atni hamma ham birdek anglamagani rost. Qiziqqonlikka yo‘yganlar ham bo‘lgan. Hademay vaziyat yana o‘z holiga qaytishiga, “eski tos eski tosligicha qolishiga” ishonib, so‘z so‘zlagan, jiddiy bir harakat qilishdan tiyilib turganlar ham bo‘lgan. Chunki, sobiq ittifoqda o‘zaro iqtisodiy aloqalar shunday yo‘lga qo‘yilgan ediki, bir-birovning ko‘magisiz boshi berk ko‘chaga kirib qolish turgan gap edi. Shuning uchun ham istiqlolning dastlabki kunlari, Vatanimiz omborlarida bor-yo‘g‘i 3-4 kunga yetadigan g‘alla zahirasi bilan qiyin sharoitda qolgan. Boshqa sohalarda ham mana shu singari saktaliklar vujudga kelgan. Ammo, dono rahbar boshchiligida xalqimiz o‘zi tanlagan mustaqil rivojlanish yo‘lidan qaytmadi, chekkadan berilgan aldovlarga chalg‘imadi. Tarixan juda qisqa muddatda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rnimizni topdik. Endigi vazifamiz esa ana shu joyimizni mustahkamlash, muvaffaqiyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, bunyodkorlik salohiyatimizni yuksaltirishdan iborat. Zotan, “biz hech kimga qaram emasmiz, qaram bo‘lmaymiz ham!” Mana shu g‘urur va iftixor tuyg‘usi ustuvor bo‘lgan ko‘ngillar mustaqillikning qadrini teran his qilishiga shubha yo‘q.
Ushbu hayot haqiqatining naqadar muhimligini anglab yetgan xalqimiz, strategik fikrlash qobiliyatiga ega, tashabbuskor, insonparvar va adolatli yurtboshisi Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy taraqqiyotning sifat jihatidan yangi bosqichiga mustahkam qadam qo‘ydi.
Milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz – O‘zbekistonning yangilanayotgan qiyofasini shakllantirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan insonparvar islohotlarni amalga oshirishga astoydil kirishdi. Bu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat aholisining oliy qadriyat deb e’tirof etilgan konstitutsiyaviy haq-huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini hamda xayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashdan iborat etib belgilandi.
Ushbu maqsadga erishish avvalo uzoq yillar davomida to‘planib qolgan, xalqimizni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlashdan boshlandi. Barcha viloyat, tuman va shaharlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etildi, murojjatlarni qabul qilishning elektron tizimi, virtual qabulxonalar, xalq bilan bevosita muloqot yo‘lga qo‘yildi. Bugun xalq dardini, muammosini yechish uchun, yumshoq kursidan tushib, salqin xonadan chiqib, xalqning oldiga kelish, uyma-uy yurib dardini tinglash, muammosini o‘rganib, yechim topish, pirovard natijada xalqni rozi qilish davlat idoralari va barcha rahbar xodimlarning birinchi galdagi vazifasiga aylandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar g‘oya davrimizning asosiy shioriga aylandi.
Bugunga kunda xalqimiz, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi davlat tomonidan izchil amalga oshirilmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, birgina joriy yilda ana shu dastur bo‘yicha qishloq joylarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko‘p xonali uy-joylar barpo etilayotgani, 2 ming 400 ga yaqin ijtimoiy ob’yekt, jumladan, 427 ta bog‘cha, 477 ta maktab, 216 ta sog‘liqni saqlash, 29 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi va 100 ga yaqin boshqa turli inshootlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlaridagi qanchadan-qancha sarsongarchiligining oldini oldi, vaqtini tejadi, eng asosiysi, byurokratiya va korrupsiyaga barham berilayapti.
Iqtisodiy islohotlar, turizmni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, soliq yukini kamaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish, yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholining band bo‘lmagan qatlamlarini doimiy ish bilan ta’minlash natijasida ishsiz oilalar uchun doimiy daromad manbalari yaratilib, kambag‘allikni qisqartirishga erishilmoqda.
Ijtimoiy xayotimizning turli sohalarda ijobiy samara berayotgan bu kabi islohotlarni hozir birma-bir sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi, ammo katta yo‘l boshida turganimizda bunday ezgu ishlarning amalga oshishiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi.
Bugun yurtimizda olib borilayotgan insonparvar islohotlar ko‘lami nihoyatda keng. Ularning samarasi tufayli oddiy odamlarning hayotdan rozilik darajasi ortib, ertangi kunga mustahkam ishonchi paydo bo‘lmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, yurtdoshlarimiz jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlar samarasini, xususan, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifati ta’minlanayotganini o‘z turmushi misolida ko‘rib turibdi. Bu esa fuqarolarning baxtli-saodatli, farovon umr kechirishini kafolatlash, huquq va erkinliklarini muhofaza etish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekanidan dalolatdir.
Shu bilan birga, hali yechimini topmagan muammolar, xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buning uchun har bir inson boqimandalik kayfiyatini mutlaqo tark etib, mas’uliyat hissini tuymog‘i, ahillik bilan astoydil mehnat qilmog‘i, bebaho ne’mat bo‘lmish mustaqillikni mustahkamlash uchun men nima qildim deb, ertangi taraqqiyotga ishonch bilan qaramog‘i lozim. Zero, ertangi kunga ishonch, fidoyilik, ahillik, sadoqat va tinimsiz mehnat – buyuk maqsadlarga yetishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘lidir.
Xudoyor MAMATOV,
Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining rahbari,
yuridik fanlari doktori, professor.