Mustaqillikni mustahkamlashda ma’naviy mustaqillik g‘oyat muhim. Uningsiz istiqlolning barqarorligini ta’minlashning imkoni yo‘q
O‘zbekiston bugun siyosiy mustaqilmi? Bu savolga baralla “ha” deb javob berish mumkin. Davlat bayrog‘imiz faqat BMT qarorgohining ro‘parasida hilpiragani yo‘q. Biz MDH, ShHT, IHT kabi nufuzli mintaqaviy tashkilotlarning ham komil huquqli a’zosimiz.
BMT Bosh asambleyasining 72-sessiyani olaylik. Unda Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslarga a’zo davlatlar yakdillik bilan xayrixohlik ko‘rsatmoqda.Xususan, 2018 yilning 2 iyulida Bosh assambleyaning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash yuzasidan mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi. Zero, O‘zbekistonning ishtirokisiz mintaqada boshlangan biror jarayonmuvaffaqiyatli yakun topishi qiyin. O‘sha yilning 12 dekabrida xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning yana bir tashabbusi – Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi rezolyusiyani tasdiqladi. Xuddi shuningdek, Orol dengizidagi ekologik inqiroz va Afg‘oniston muammosi bo‘yicha qizg‘in muhokamalar davom etmoqda. Chunki, bu ikki masala mintaqaviy ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, aslida global ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalar o‘rnatgan barcha davlatlardadiplomatik vakolatxonalarimiz faaoliyat ko‘rsatmoqda. Buni yurtimizdagi diplomatik korpusning salmog‘i ham tasdiqlaydi.
Iqtisodiy mustaqilligimiz ham mustahkam. Uning tarkibiy qismlari bo‘lgan energetik mustaqillik, g‘alla va umuman, oziq-ovqat mustaqilligi, suv mustaqilligi va boshqalarta’minlangan, ayrim yo‘nalishlarda biz hatto eksportchi maqomiga ham egamiz. O‘zbekiston sanoqli avtomobilsoz mamlakatlar qatoridan joy olgan. Xorijiy davlatlar bilan tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yil sayin rivojlanib bormoqda.Qaysi mamlakatdan delegatsiya tashrif buyurmasin, yo davlatimiz rahbari qaysi yurtga tashrif buyurmasin, bu voqea-hodisalarga doir axborot manbalarida savdo aylanmasi va investitsiyalar oqimi yuksalayotganini, hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish uchun yangi-yangi kelishuvlarga erishilayotganini ko‘rish mumkin.
Transport kommunikatsiyalari ham jadal rivojlantirilmoqda. Biz Kaspiy dengiziga, Fors ko‘rfazi va boshqa mintaqalarga chiqadigan temir yo‘l va avtomobil yo‘llari barpo etish ustida kengmiqyosda hamkorlikka asos solganmiz.
Xuddi shunday fikrlarni madaniy-gumanitar sohada ham aytish mumkin. Xorijiy mamlakatlar vakillari yurtimizda o‘tkaziladigan madaniyat va san’atga, ilm-fanga oid anjumanlarda, sport musobaqalarida, boshqa tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston madaniyat va san’at namoyandalari, olim va tadqiqotchilari, sportchilari chet davlatlardagi festivallarda, ilmiy seminar va simpoziumlarda, turli fan olimpiadalari va sport musobaqalarida shunchaki mehmon emas, balki an’anaviy qatnashchilarga aylangan. Biz uchun yana bir muhim jihati shundaki, o‘zbekistonliklarning bu tadbirlarda g‘oliblik qilishi ko‘pchilik uchun favqulodda hodisa emas, kutilgan natija o‘rnida ko‘riladi. Ya’ni, bizning madaniyat va san’atda, ilm-fan va sportdagi salohiyatimiz allaqachon dunyoga tanilgan va e’tirof etilgan.
Bularning barchasi istiqlol bayrami arafasida ham, boshqa vaqtlarda ham tez-tez tilga olinadi. Ammo alohida to‘xtalish lozim bo‘lgan yana bir mavzu bor. Mustaqillikni mustahkamlashda ma’naviy mustaqillik ham g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Uningsiz istiqlolning barqarorligini ta’minlashning imkoni yo‘q.
Nima uchun shunday? Chunki, biror xalqni yo‘q qilish uchun yadroviy qurollardan, qudratli armiyabosqinidan ham kuchliroq omil bor. Bu o‘sha xalqning xalqligini yo‘q qilishdir. Bunga qanday erishiladi? Albatta, uning o‘zligini, madaniyatini, tarixini, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyatini barbod qilish bilan erishiladi. Mashhur diplomat va razvedkachi, 1953-1961yillarda Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘ibo‘lgan Allen Dallesning sho‘ro davlatini parchalash to‘g‘risidagi fikrlarini barchamiz yaxshi eslaymiz. U sovuq urush davrida mamlakat aholisini xufya tarzda ma’nan-axloqan buzishga qaratilgan edi. Afsuski, uning fikrlari va shunga o‘xshash “g‘oyalar”dan bugungi kunda ham turli buzg‘unchi kuchlar foydalanishdan to‘xtagani yo‘q. Biz Allen Dallesni ayblashdan yiroqmiz, u josuslar sardori sifatida o‘z vazifasini bajargan. Lekin uning aytganlari va boshqalarning shunga o‘xshash fikrlari har qanday sog‘lom aql egasini hushyor torttiradi.
“Inson tabiati shundayki, u qiyinchilik payti tasalli izlaydi: kimdir dinga mukkasidan ketadi, birovlar ichkilikka beriladi, yana boshqalar buzuqlikdan taskin topmoqchi bo‘ladi, - degan edi mashhur josus. - Urushdan keyin bu xalq og‘ir ahvolda qoldi. Jangu jadallarda turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgan bevalar, sevgilisi tashlab ketgan kuyunchak qizlar, hayotda o‘z o‘rnini topa olmay yurgan alamzada yigitlar... Ularga Xudoga tavakkul qilishni maslahat bering, har xil oqimlarga qo‘shib yuboring, bunday oqimlar bo‘lmasa, o‘zingiz tashkillashtiring! Ular ichkilikni yaxshi ko‘radi, urushdan oldin qo‘lbola samogon tayyorlaganlarini esiga soling, shunda o‘zlarini dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmaydigandek tuta boshlashadi. Keyin toshqin sodir eting: ular qayoqqa boshqarsangiz, o‘sha tomon yuradi. Ular latifalarni yaxshi ko‘radi. Shu xususda “yordam bering”, buguni va ertasini mazax qiladigan latifalarni ko‘paytirib, tarqating.Nishonga aniq tegadigan latifa yashin misol tez yoyiladi. Ular “gap kelganda, otangni ham ayama” deydi. Demak, latifa biri bo‘lmasa birining ongida yupqa bo‘lsa ham dog‘ qoldiradi va bu aksilsovet katalizator bo‘lib xizmat qiladi. Har bir xalqning umidi – yoshlar. Biz ana shu tabaqadavlatni aldashiga erishishimiz kerak. Yoshlar o‘yin-kulgiga moyil bo‘ladi, ularning ongiga yo‘l topishda shuni yodda tutish lozim. Ularning aql-tafakkurini hayotdan ma’no yo‘qligi haqidagi og‘u bilan zaharlang, jinsiy masalalarga qiziqishini kuchaytiring, ommalashgan bemaza raqslar, chiroyli latta-putta, maxsus plastinka, she’r va qo‘shiqlar bilan o‘zingizga og‘diring. Farzandlar har doim ota-onaga ta’na qilish uchun bahona topa oladi. Shundan foydalaning! Yoshlarni katta avlod bilan nizolashtiring. Men har bir alohida olingan vaziyat uchun yana ham ko‘p usullarni aytib berishim mumkin. Bir gapni aytaman, xolos: ruhiy-axloqiy kurash usullarini qo‘llashga ijodiy yondashib, yangi-yangi narsalarni kashf qilishimiz kerak, toki ularning targ‘iboti bizga yetib ololmasin va biz doim bir qadam oldinda bo‘laylik”.
Garchi, bu gaplar 60-70 yil avval aytilgan bo‘lsa-da, biz allaqachon sho‘ro mustamlakasidan ozod bo‘lgan esak-da, yurtimizda va boshqa mamlakatlarda xuddi mana usullarning alomatlarini hozir ham ko‘rishimiz mumkin.Ularni bugun umumiy qilib “ommaviy madaniyat” deb atayapmiz.
Mana, “sariq matbuot” zo‘r berib, qo‘ydi-chiqdi hangomalarini yozadi, “hayotiy voqea asosida suratga olingan” teleseriallarimizda ham buzuqlik haqidagi voqea-hodisalar haqida ko‘p gapiriladi, ilgari yotoqxona sahnasi umuman bo‘lmagan bo‘lsa, hozir er-xotinning dialogi asosan o‘sha yerda kechyapti. Sevgilisi tashlab ketgan kuyunchak qizlar, hayotda o‘z o‘rnini topa olmay yurgan alamzada yigitlar obrazlarini matbuotda ham, televideniyeda ham bot-bot uchratamiz, ijtimoiy tarmoqlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
Bular qatoriga demokratiya shiori niqobi bilan LGBTdek o‘ta tuban harakat ham qo‘shildi. Qator davlatlarda chaqachalik ham salmog‘i bo‘lmagan ozchilik ko‘pchilikka hukmini yurgizmoqda. Overton tuynugi bugun ko‘z oldimizda namoyon bo‘lyapti:ayrim mamlakatlarda bir jinsli nikohlar va pedofiliyani qonuniylashtirish va yosh bolalarni jinsini o‘zgartirishga chorlash holatlari uchrayapti, xalqaro miqyosda olsak, erkaklarning go‘yo jinsini o‘zgartirgan bo‘lib, sport musobaqalarida bezbetlik bilan ayollarga qarshi maydonga tushishi kabi xunukdan-xunuk manzaralar kuzatilyapti. Bular bir mahallar jinoyat hisoblangan bo‘lsa, bugun qaysidir ma’noda faxr manbaiga aylanib boryapti. Demokratiya (fikr erkinligi – “istaganimga ko‘ngil qo‘yaman”, “istaganim bilan hayotimni bog‘layman”) va inson huquqlari himoyasi (emishki, pedofillarni ham tushunish kerak ekan, ularda shunday biologik ehtiyoj bo‘larkan) bu buzuqlikka bahona, xolos. Asl maqsad jamiyatlarni parokanda qilish, an’anaviy qadriyatlarni yo‘qotishdir.
Ular ichkilikni yaxshi ko‘radi. Bu umumiy aytilgan gap bo‘lib, aslida kayfu safo nazarda tutilgan. Ichkilikka berilmagan bo‘lsa-da, narkotik moddalar yo ular kabi ta’sir qiladigan taqiqlangan dori vositalarini iste’mol qiluvchilar, afsuski, yo‘q emas. Juda bo‘lmaganda, quvvatni oshirib, tanani junbushga keltiradigan, jazavani qo‘zg‘aydigan ichimliklarni iste’mol qilib, tonggacha diskotekadan beri kelmaydiganlar ham topiladi.
Latifa borasidagi gapga ham bugungi kundanko‘p misol keltirish mumkin. Har xil “qiziqchi” guruhlar vujudga keldi, ular minglab odamlarni yig‘ib katta-katta tomoshalar uyushtiryapti, zaldagilardan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni ming-minglab odamlar ko‘rib, go‘yo hordiq chiqaryapti. Ko‘pchilik nazdida “haqiqatni aytayotgan”, “hayotiy gaplardan so‘zlaydigan” bu guruhlar yoshlar ongiga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylash katta xatodir. Ularning behayo shoularini ko‘rganlar hayotini shu asosda shakllantirishga intilmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Bezbetlik, andishasizlik, betgachoparlik, kattalarga hurmatsizlik, kichiklarga beshafqatlik, jamoat joylarda ham behayo gaplarni baland ovozda aytishga ko‘nikish kabi illatlar negizida ruhiy-axloqiy, boshqacha aytganda, ma’naviy qashshoqlik, yengil-yelpi hayotni afzal ko‘rish, Vatan, chin muhabbat, poklik, halollik, bag‘rikenglik, to‘g‘riso‘zlik, murosasozlik, xushmuomalalik kabi fazilatlarni mensimaslik, bunday xislatlar egalarini qoloqlikda ayblashga o‘xshagan muammolar yotadi.
Ommalashgan bemaza raqslar, chiroyli latta-putta, maxsus plastinka, she’r va qo‘shiqlar bilan o‘zingizga og‘diring. Raqslar hamon bor, chiroyli latta-putta yoniga telefon va boshqa “aqlli” texnika qo‘shildi, plastinka o‘rnini ijtimoiy tarmoqlar va USB-disklar egalladi, hozirgi she’r va qo‘shiqlarning aksariyatini she’ri va qo‘shiq deb bo‘lmaydi. Fonogramma tinglash uchun konsert zallariga talashib-tortishib chipta sotib olishning o‘zi kulgili, lekin ayni paytda juda achinarli holat.
Farzandlar har doim ota-onaga ta’na qilish uchun bahona topa oladi. Shundan foydalaning! Yoshlarni katta avlod bilan nizolashtiring.Kiyim-kechak, yangi ayfon, avtomobil, tilla buyum, tengdoshlarini bilan maishat uchun pul, o‘qish yo ishga kiritib qo‘yish va hokazoni talab qilib, ota-onasi bilan janjal qilayotganlar yo‘q, desak, haqiqatdan ko‘z yumgan bo‘lamiz. Buni tan olishdan qo‘rqmaslik, aksincha, shunday muammo borligini e’tirof etib, bartaraf qilish choralarini ko‘rish zarur. Qiyomat yaqinlashganining alomatlaridan biri onaning o‘z xojasini dunyoga keltirishi haqidagi hadisni ko‘pchilik yaxshi biladi. Bugun kattalar farzandini o‘ziga xo‘jayin qilib olmasligi kerak. Uni faqat erkalash, aytganini shu zahoti muhayyo qilish bilan cheklanmasdan tergab turish, o‘qish va ishlarini, davomatini tekshirib borish, fe’l-atvori, xulqi, o‘zini tutishi va yurish-turishini kuzatish, hayot hamisha ham bir zaylda farovon kechavermasligini anglatish, qadriyatlarga hurmatini oshirish kabi tarbiyaviy ishlar o‘ta zarurdir. Jamoat transportida qariyalar yoki yosh bolali ayollarga joy bermaslik uchun “uxlash”, telefonda “o‘ta zarur” ish bilan mashg‘ul bo‘lish, ko‘cha-ko‘yda kattalarga yo‘l berish o‘rniga ularning ustiga tikka bostirib borish, jamoat joylarda baland ovozda gaplashish, musiqa tinglash yo kliplar tomosha qilish, byehayo so‘zlarni ishlatish, navbatda turganlarni mensimaslik, “indamayapti, demak, qo‘rqayapti” degan ma’noda har turli andishasizlik qilish, qo‘pollik, ojizlarga nisbatan zo‘ravonlik, mayib-majruhlarni haqoratlash va mazax qilish kabi ko‘ngilsiz manzaralar shu bilan daf etiladi.
Ularga Xudoga tavakkul qilishni maslahat bering, har xil oqimlarga qo‘shib yuboring, bunday oqimlar bo‘lmasa, o‘zingiz tashkillashtiring!Vahhobiylar, hizbuttahrirchilar, mazhabsizlar, soxta salafiylar, missionerlar va boshqa toifadagi buzg‘unchilar aynan yuqoridagi gaplarning amaldagi ifodasidir. Misol uchun, oyoqlari orasini shtangistlarga o‘xshatib keng ochib olib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib namoz o‘qiydiganlar ming yillar davomida yaxlit qonun-qoidalarga amal qilib kelgan ota-bobolarimizdan aqlliroq va ilmliroqmi? Soqol qo‘yishni sunnat sanab, keriladigan, lekin namoz payti masjid tomon emas, qarama-qarshi tarafga qarab ketayotganlargako‘pchilikning ko‘zi tushgan bo‘lishi kerak. Sunnatga amal qilganlarning farzni tark etishi ularning ilmidan dalolatmi, yo imonidanmi, yo taqvosidanmi, bu ritorik savol bo‘lsa-da, sira tushunib bo‘lmaydigan holatdir.
Yoshlar faqat o‘yin-kulgiga emas, o‘zlari qiziqarli sanagan hamma narsaga intiladi.Diskoteka, narkotik moddalar, ichkilik, ayshu ishrat qatorida din niqobidagi turli oqimlarga ham. Ularni chalg‘itish juda ham oson. Chunki miya, ong hali vakuum, bo‘shliq holatida bo‘ladi, nimani birinchi bo‘lib tashlasangiz, o‘shani mahkam tutib qoladi. Qur’oni karim arab tilida nozil bo‘lgan, hadislar ham arab tilida, ularni olim emas, g‘arazli niyatda bo‘lgan chalasavod tafsir yo, yana ham yomoni, talqin qiladigan bo‘lsa, ana shu vakuum soxta ilm bilan to‘ladi. Aytaylik, biz “ovqat pishgan bo‘lsa, yeb oling”, deymiz. Arablarda jumla tuzilishi boshqacharoq. Ular bu gapni “yeb oling, ovqat pishgan bo‘lsa” deb aytadi. Mana, quruq ta’kid bo‘lmasligi uchun Yosin surasining 48-oyatini keltiramiz:
Yana ular: “Agar rostgo‘y bo‘lsangiz (aytingiz-chi), mana shu va’da (azob) qachon bo‘ladi?”derlar.
So‘zma-so‘z tarjimada jumla bu quyidagicha chiqqan bo‘lardi:
Yana ular derlar: “Mana shu va’da (azob) qachon bo‘ladi, agar rostgo‘y bo‘lsangiz (aytingiz-chi)!
Turli oqimlarning asosiy quroli oyat va hadislarni noto‘g‘ri anglatishga asoslanadi. Murakkab jumlalarning birinchi – ko‘pincha amr shaklidagi qismi o‘qilib, bu amrning sharti bo‘lgan ikkinchi qismi tashlab ketiladi. Tafsir, fiqh, aqida kabi diniy ilmlardan bexabar odam bu qarmoqqa tez ilinadi. Ilinganda ham shunday ilinadiki, butun ongu shuuri va vujudi bilan o‘sha yolg‘on aqidani himoya qila boshlaydi, boshqa hech narsani qabul qilmay qo‘yadi. Shuning oqibatida “jihod” uchun “olovli nuqta”larga ketadi, o‘zi yashayotgan jamiyatni parokanda qilishga intiladi, o‘ziga hamfikr bo‘lmaganlarni kofirga chiqaradi va boshqa noma’qul ishlarga qo‘l uradi.
Albatta, bayram kunlarida bunday achchiq gaplar birmuncha noo‘rin ko‘rinishi mumkin. Lekin tan olish kerak: mustaqilligimizni ko‘ra olmaydigan, yot g‘oya va mafkuralar bilan mamlakatimizni ichkaridan buzishni istagan kuchlar hali ham bor. Davlat quruq deklaratsiyaning o‘zi bilan mustaqil bo‘lib qolmaydi. Mustaqillikni har jihatdan mustahkamlash kerak. Qutlug‘ bayram kunlariqalbimiz surur va faxrga to‘lar ekan, bu shukuhni asrash, muhofaza qilishni ham o‘ylash zarur. Hayot faqat qutlug‘ sanalarni nishonlashdan iborat emas. Hayot kurash demakdir.
Albatta, O‘zbekiston rahbariyati bu borada bir daqiqa ham hushyorlikni yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, bosh shiorimiz bo‘lmish “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida hamyurtlarimizni, ayniqsa, yoshlarni radikal va ekstremistik oqimlardan, “ommaviy madaniyat” unsurlaridanhimoyalash, ularda kuchli ma’naviy immunitetni shakllantirish, dunyoqarash va tafakkur doirasini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamiyatda tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda.
Jaholatga qarshi kurashning eng ma’qul va samarali yo‘li nima?! Johilga johillik bilan qarshilik ko‘rsatish yonib turgan olovga yog‘ sepish bilan barobar. Negaki, jaholat botqog‘iga botgan kishi o‘zini tubanlikda emas, yuksakda hisoblaydi, unga kimdir jahl qilgan sari jazavasi battar qo‘ziydi. Shu bois ham jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish kerak. Bu O‘zbekiston rahbariyati tanlagan eng to‘g‘ri, oqilona va odilona yo‘ldir.
Yurtimizda qisqa vaqt davomida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilindi. Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etildi. Farg‘onada islom ilmining yana bir asosiy ustunlaridan bo‘lgan tabarruk zot – Burhonuddin Marg‘inoniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochish mo‘ljallanmoqda. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etish, milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan birga, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga ham xizmat qiladi.
Bir jihatni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston xalqi nafaqat Xorazmiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek singari butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga hissa qo‘shgan, balki ayni paytda Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhonuddin Marg‘inoniy kabi islom ilmlari taraqqiyotida g‘oyat salmoqli o‘rin tutgan ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.
“Sahihul Buxoriy” islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba sanaladi. Dunyo musulmonlarining eng katta qismi Imom Moturidiy aqidasini asosiy tayanch deb biladi. Bahouddin Naqshbandning “Hidoya” asari hali-hanuz islom huquqshunosligining bosh qo‘llanmasi bo‘lib qolmoqda. Tasavvufning Bahouddin Naqshband kabi eng yirik namoyandalari ham biz yashayotgan zamindan yetishib chiqqan.
O‘zbekiston yangi ilmiy markazlar ochish bilan cheklanib qolmayotganini alohida ta’kidlash kerak. Yurtimizda hukumat va mana shunday muassasalar tashabbusi bilan xalqimiz orziqib kutgan asarlar o‘zbek tilida nashrdan chiqmoqda. “Ta’vilotul Qur’on”da Imom Moturidiy barcha botil oqimlarga ilmiy asoslangan raddiya berish bilan birga, keyingi davrlarda kimlardir tomonidan tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollarga javob ham yozib ketgan. Kitobning nashrdan chiqqan dastlabki o‘zbekcha juzlari bilan tanishgan kishi “agar falon narsani so‘rasalar, biz mana bunday javob beramiz” jumlalarini ko‘p uchratishi mumkin. “Sahihul Buxoriy”ning ham bir necha tarjimasi bosmadan chiqqan. Hadislarning muhimligi shundaki, ular orqali islomning mohiyati, arkonlari, talablari, cheklovlari va boshqa jihatlari to‘liq anglanadi. Deylik, Qur’oni karimda musulmonlarga namoz o‘qish amr qilingan, lekin bu ibodatning turlari, tartib-qoidalari ko‘rsatilmagan. Bularni musulmonlar hadislardan oladi.
Xuddi shuningdek, xayrli tashabbuslar natijasida turli ilmiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Ular orqali ham ko‘hna Movarounnahr allomalarining boy merosi xalqaro miqyosda targ‘ib etilmoqda, ham xorijlik ulamo va mutaxassislar bilan jaholatga qarshi ma’rifat vositasida kurashish g‘oyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar birlashtirilmoqda.
Yangi ochilayotgan markazlarga nufuzli xalqaro tashkilotlar xayrixohlik bildirishi, ularning ahamiyati haqida to‘lib-toshib so‘zlashi ham O‘zbekiston tanlagan yo‘lning to‘g‘ri ekanidan dalolatdir. Xususan, IHTning Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol QilichImom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazito‘g‘risida ham rasmiy shaxs, ham xolis inson sifatida bunday fikr bildirgan:
- O‘zim rahbarlik qilayotgan Markazning bosh maqsadi musulmon olimlarning jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etishdan ham iborat. Islom ilmlari rivojida asosiy o‘rin tutgan allomalarni haqli ravishda yetuk siymolar sirasida ko‘ramiz. Umrini shunday sharafli ishga bag‘ishlagan Imom Buxoriyning hayot yo‘li va mashaqqatli ijodi haqidagi ma’lumotlarni, uning xizmatlari tufayli erishilgan yangi bilimlar mohiyatini jahon bo‘ylab kengroq tarqatishni ota yurtimiz – O‘zbekistondagi hamkasblarimiz ishtirokisiz amalga oshirishni imkonsiz deb bilamiz.
Byevosita Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi misolida qaraydigan bo‘lsak, ushbu muassasaning 2022-2023 yillardagi faoliyati natijalarida ham “Jaholatga qarshi – ma’rifat” maqsadi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bu vaqt davomida Markaz tomonidan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub yigirmaga kitob va risola nashr etildi. Ular orasida Ubaydulloh Ibn Mas’ud Sadrush Sharianing “Sharhul viqoya”, Imom Buxoriyning “Xolqu af’olil ibod”, “Tarixus sag‘ir”, “Birrul volidayn”, “Zuafous sag‘ir”, Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Imom Termiziyning “E’tiqodi ahli sunna”, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnad”, “Sunani Dorimiy”dan saylanma hadislar”, “Musnadi Keshiydan durdonalar”, “Sahihi Buxoriy” sharhi”ni keltirish mumkin.
Mazkur risolalar bilan birga, Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqchil risolalar chop etildi. “O‘nta haqiqat” rukni ostida ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi stendlar tayyorlandi.
Ilmiy xodimlar Imom Dorimiyning “Sunan”, Abu Lays Samarqandiyning “Tafsir” va “Bahrul ulum”, Abul Barakot Nasafiyning “Tafsir”, Sayyid Abdul Mojid G‘avriyning “Hadis ilmi istilohlari”, Alouddin Kosoniyning “E’tiqod”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya fiyma baynal ash’ariya val moturidiya”, Imom Termiziyning “Aqidaviy qarashlar”, Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Mag‘nisoviyning “Sharhufiqhil akbar”, A’lo Buxoriyning “Risola fil aqoid”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla li qavoidit tavhid” asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Shu bilan birga, Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad” asaridan saylanma, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Barakot Nasafiy, Iso Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Burhonuddin Marg‘inoniy, YusufXos Hojib vaZahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ilmiy faoliyatiga doir risolalar tayyorladi.
Ayni paytda Markaz tadqiqotchilarining “Sadaqa baloni qaytaradi”, “Ahli sunna val jamoa aqidasiga ko‘ra Alloh lomakondir”, “Jamiyatdagi illatlar va ularning yechimlari”, “Mutaassiblik va dinda chuqur ketishning xatarlari” kabi risolalari bosmadan chiqish arafasida. “Muslimning axloqi” va “Go‘zal xulq” risolalari nashrga tayyorlab qo‘yilgan.
Bulardan tashqari, markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Hadis ma’rifati” rukni va “Buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘laylik!” ruknida 128 ta videodars tayyorlandi.
Bular, albatta, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga doir qisqacha ma’lumotlardir. O‘zbekistondagi boshqa turdosh muassasalar faoliyati ham tahlil qilinsa, mamlakatimiz “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioridan hech ham og‘ishmasdan dadil olg‘a borayotgani yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
“Do‘st achitib gapiradi” deganlaridek, shonli sana munosabati bilan ayrim muammolar ko‘tarilganiga ajablanmang. Takror va takror aytishdan tolmaslik kerak: Istiqlolning uzviy bo‘g‘imlaridan yana biri ma’naviy mustaqillikdir. Ma’naviy mustaqillikka esa ma’rifat, ezgulik, tinchlikparvalik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlar orqali erishiladi. Bayram bahona mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismiga to‘xtalishdan ko‘zlangan maqsad ham shu fikrni izhor etishdan iborat edi.
Bayram barchamizga muborak bo‘lsin!
Mustaqillligimiz abadiy va mustahkam bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
Anvar BOBOYeV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadiqot markazi ilmiy xodimi