Mutaffakkir ma’rifati va maktabi: O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa...

 Buyuk mutafakkir "Mahbub ul-qulub" asari debochasida yozadi: "Umid shuki, bu asarga o‘quvchilar diqqat-e’tibor ko‘zi bilan nazar solib, har qaysilari o‘z fahmi-idroklariga yarasha dillarini obod va yozuvchi ruhini ham duo bilan shod etgaylar".

 Afsuski, bugun bu ezgu umid ulug‘ bobokalonimiz orzulagan darajada amalga oshyapti, deya olmaymiz. Aks holda, turkiy so‘z mo‘’jizalarini yaratishda benazir shoir Erkin Vohidov o‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa, bu ulkan yo‘qotishni nimalar bilan tenglashtirish mumkin ekanligini katta bir dard va alam bilan nazm qilmagan bo‘lardi.

Shoir tashvishlanganicha bor, Navoiyni o‘qiydiganlar kamayib ketdi. Faqat navoiyxonlik emas, umuman olganda, fuzuliyxonlik ham, bedilxonlik ham yo‘q hisobi. Hozir adabiyotimizga ham nigohimiz unchalik baland emas. Kitobxonlik dunyoga kelmayapti, mutolaa ma’naviy ehtiyojga aylanmayapti. Ma’rifatli kishi bilan ma’rifatsizlikning farqi sezilmayapti. Shaxsning mavqei hamma vaqt ham uning ma’rifatliligiga qarab belgilanavermayapti.

 Muammoga maktab ta’limi yo‘nalishida qaraydigan bo‘lsak, uslubimiz chatoq, unda kitobxonlikka eltuvchi zamonaviy yo‘llarning o‘zi kam. Navoiyni ko‘klarga ko‘tarib, maqtash bilan ish bitmaydi. U yaratgan ma’rifatning tengsiz mevalaridan bahramand bo‘lmasak, hammasi bekor. Chunki tanovulsiz maqtov eng totli taomni ham manzurlikka boshlamaydi.

 Navoiyshunoslarimiz oldida mas’uliyatli va xayrli bir yumushga ko‘pdan ehtiyoj bor. Bu ehtiyoj ulug‘ Navoiy durlaridan umumta’lim maktablarida o‘rganiladigan bolalar ulushini donishmandlik bilan aniq va tiniq, beminnat o‘z egalariga yetkazishdir. Bunda matnlarning ular hayotida, bugun va ertangi kunida qanchalik ahamiyatli ekanini jiddiy hisobga ola bilish salohiyati kerak bo‘ladi. Ayniqsa, hajmni to‘g‘ri belgilash oson emas. Gul ishqida bir biridan go‘zal turfa chechaklarga burkagan gulzorga kirib qolgan oshiq ahvoliga o‘xshaydi bu hol…

 Matnlarni tanlashga juda nozik yondashishimizga to‘g‘ri keladi. Hatto darsliklarimizdan biriga Jaloliddin Rumiyning “Fil haqidagi hikoyati” kiritilgan bo‘lsa, bu holat Navoiyning "Ko‘rlar va Fil" asaridan foydalanishimizga to‘siq bo‘lolmasligi kerak. Chunki bu ikki hikoya mavzu hamda fabula jihatidan bir-biriga qanchalik yaqin bo‘lmasin, xulosalar, mualliflarning niyatlari jiddiy farq qiladi. O‘rni kelganda, bu o‘ziga xosliklarni bolalar bilan kashf qilishning ahamiyati katta, sururi boshqacha. Jaloliddin Rumiy hazratlari ixtiloflarga ilmsizlik oqibati sifatida qaragan bo‘lsa, Navoiy ma’rifat ko‘pning ijodi ekanini urg‘ulaydi. O‘quvchilar bilan bunday xulosalarga kelish uchun har ikki matnda ham juda yaxshi imkoniyatlar bor. Ular bu imkoniyatlardan bemalol foydalana oladi.

 Masalaning yana bir muhim tomoni, matnlarni hozirgacha bo‘lgani kabi hadeb almashtiraverishdan foyda yo‘q. Bordi-yu, biron bir matn dasturga o‘rinsizroq kirib qolgan bo‘lib, boshqa bir asarda ta’limiy qulayliklari ko‘proq bo‘lsagina, mutaxassislarning jiddiy xulosalaridan keyingina almashtirishlarga yo‘l qo‘yilsa, yaxshi bo‘ladi.

 “Bir mavzuni yillar davomida takrorlayverish” masalasiga kelsak, "Sher va Durroj" hikoyatini bobo ham, ota ham, farzand ham o‘rganishining nimasi yomon? Aksincha, oilaning katta yoshdagi a’zolari mavzuni bilganliklari tufayli mulohaza va munozara hamda nazoratning zavqli muhiti shakllanadi.

Bizda an’anaga aylanib qolgan darslik mualliflarining almashinishi tufayli paydo bo‘ladigan “yangilashlar majburiyati” zararli. Bir darslik muallifi foydalangan matndan boshqalar “qo‘lini tortishi kerak”, degan bolalarcha injiqliklarning paydo bo‘layotgani aqldan emas. Ulug‘lar yaratgan barcha nodir asarlar umumning mulki. Ularni qaysidir ma’noda o‘ziniki qilib olishga urinish yaramaydi. Muammo mualliflarning emas, o‘quvchilarning manfaatini ko‘zlab hal qilingani ma’qul. Hatto grammatik qoida va kategoriyalarni dalillash uchun keltirilgan eng yaxshi matnlarni ham oldin kimdir foydalangani uchun tarix tokchasiga tashlab qo‘yish to‘g‘ri emas.

 Bizningcha, Navoiyning ma’rifat maktabini o‘rganishni bog‘chadan boshlash kerak. Faqat bu vazifaga yuksak pedagogik mezonlar asosida yondashishimizga to‘g‘ri keladi. Jarayonga, yaqin o‘tgan kunlardagi kabi haybarakallachilik poygasi bilan bog‘liq soxtaliklar aralashsa, umidlarimiz barbod bo‘ladi. Navoiy dahosiga mehr uyg‘otish o‘rniga bolalarimizning bu ulug‘likdan bezib qolishiga sabab bo‘lamiz. Asosiy ishimiz bolalar qiziqqan yo‘nalishda, uy vazifasiga suyanmagan holda, matn yod olish, yakka va ko‘pchilik bo‘lib, so‘zlovchining nutq mavzusiga munosabatini, his-tuyg‘usini ifodalovchi talaffuzdan iborat bo‘lib qoldi. Bunda hali mazmunga aytarli e’tibor berilmaydi, ohang zavqi yetakchilik qiladi. Shu tariqa farzandlarimiz maktabga Navoiyning o‘n-o‘n ikki misra she’ri bilan kirib kelsa, qanday yaxshi!

Katta yoshdagilar guruhida "Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz" ruboiysi bilan bir ishlab ko‘raylik. Ehtimol, hammasi ravshan bo‘lar. Beg‘ubor jajjilarimiz bizga, biz esa tengsiz mehr bilan ularga qarab izhori dil qilish qanchalar zavqli. Maktab tajribasida quyi sinflar bilan bu sururli lahzalarga juda ko‘p duch kelganmiz.

 Ona tili va adabiyot ta’limida matn yaratish va matn ustida ishlash yetakchilik qiladi. Ayni vaqtda, matn yod olishning o‘rni ham beqiyos. Afsuski, bolalar juda kam matn yod bilishadi. Hatto ular xalq mulkiga aylanib ketgan, bevosita ta’limga tegishli: “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur”, “Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” kabi hikmatlarni yod olib, g‘ayratiga to‘liq singdiryapti, deya olmaymiz. Matn yod olish borasida aniq bir tizim shakllanmagan. Ayniqsa, yod olinishi lozim bo‘lgan matnlar va ularning hajmini to‘g‘ri belgilash, yod olishning samarali usullaridan foydalanish borasida qiladigan ishlarimiz ancha ko‘p.

 Ayrimlar Navoiy asarlarini tushunishda qiynalishini aytar ekan, barchasiga "tili uzoqligi"ni ro‘kach qilishadi. Buni butunlay imkor qilmoqchi emasmiz.Ammo osongina tushuniladigan, tengsiz ma’rifat va zavq-shavq ulashishi mumkin bo‘lgan duru javohirlardan ham hafsalasizlik tufayli foydalana olmayotganimizni kechirib bo‘lmaydi.

 Ulug‘ shoirimiz insonning barcha zamonlarga xos quvonch va dardlarini mukammal bayon qiladi. Nega endi o‘z dard va quvonchlarimizni tushunmasligimiz, his qilmasligimiz kerak? Tabdilda saqlanib qolgan xazinalarning o‘zi ham ulug‘ ne’mat, ma’shuqa suratini chizishda uch go‘zal tashbehdan foydalanilgan mana bu baytni sharhlash yoki tabdil qilishga ehtiyoj bormi?

 Qomatingdur sha’mi, ruxsoringdur oning shu’lasi,

 Shu’laning dudidur, shuxi sitamgar, kokuling.

 Yoki:

 Elga mehring bor, buzuq ko‘nglumga ham bir zarra boq,

 Kim quyoshning tobidin mahrum emas vayrona ham.

Bu yorqin baytlarning nimasi tushunarsiz? Bordi-yu, ular haqida so‘zlash ehtiyoji tug‘ilsa, bunday istakka sharh emas, tushunish zavqining hayajoni sifatida qarashimizga to‘g‘ri keladi. Keyingi baytdagi ma’nodoshi "vayron" so‘zi uzoqlashtirishini hisobga olsak bo‘lgani. Hamma zamonlarda ham tashbehlarni tushunish oson kechavermagan. Axir, bu adabiyot – she’r! She’r esa jo‘nliklarni unchalik ham xushlayvermaydi, tashbehli tasvirni, timsolli tafakkurni yoqtiradi.

 Maktab ta’limida ko‘pincha so‘z durlarini qayta-qayta o‘qib huzurlanishdan ko‘ra, davr xastaligi, ijodkorning o‘zini, ayrim asarlarini ta’rifu tasnif qilish bilan kifoyalanib qolyapmiz. Ibrat olamining podshohi Alisher Navoiy kabi ulug‘larning g‘oyat mazmunli hayoti va keng ko‘lamli faoliyatini o‘rganishga qarshi emasmiz. Faqat ular mutolaa mehnati va zavqi bilan uyg‘unlashsagina foydali bo‘ladi.

 Maktabda adabiyot tarixi emas, ko‘proq so‘z mo‘’jizalarining o‘zi o‘rganiladi. Ularda tasvirlangan mazmunning katta qismi bugungi kunga ham daxldor. Xuddi shu ma’noda Alisher Navoiy asarlarining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Ehtimol, yuqori sinflarda darslarni “Mahbubul-qulub”dan boshlash yoki u bilan yakunlash to‘g‘ri bo‘lar. Bu tabarruk bitikda dunyoning hozirgi ahvoliga tegishli bo‘lmagan kichik bir satr, so‘z yoki ibora tansiq. Asarda gadodan shohgacha bo‘lgan barcha guruh va qatlamlar tilga olinadi, har birining yaxshi-yomon sifatlari bayon qilinadi. Rahbarning “murodi, - deyiladi unda, - aholining tinch-omonligi, maqsadi – jamiyatning ravnaqi”.

 Zaminimizda ulug‘ shoir ma’rifatiga mamnun boqa olmaydigan, farzandlarini urushlarga haydayotganlar hanuz mavjudligi achinarli hol. Asarda tasvirlangan “Bir savat uzum uchun bir bog‘ning kuyib ketishidan g‘am chekmaydigan va bir botmon bug‘doy uchun bir xirmonning barbod bo‘lishidan tashvishlanmaydigan” ta’magir xudbinlar hozir ham bor. Asarning katta qismi ana shunday keskin tanqidiy ruhda yozilgan. Faqat dehqonlar haqidagi faslda qahr o‘ti mehr va hurmat tuyg‘ulari bilan to‘liq almashadi. Shoir ayrim ezgu shartlarga to‘xtalsa-da, dehqonni yaxshi-yomon toifalarga ajratmaydi, uni Odam Atoga tenglashtiradi. Chunki “dehqon – yerni haydash bilan rizq yo‘lini ochadi. Olamning obodligi dehqonlardan, mehnat ahli shodligi ulardan. Dehqon har qanday ekin ekishga qilsa harakat – elga ham oziq-ovqat yetkazur, ham barakot”. Shuning uchun ham dehqonga imkon bermagan dunyoning rizqi butun bo‘lmaydi. O‘tmishdagi barcha ocharchilik va qahatchiliklar asosan ana shundan. Navoiyshunoslar malakasi Suyima G‘aniyeva ta’kidlaganidek, asarning bu qismi “Alohida yurak tafti bilan dehqonlar sharafiga aytilgan nasriy qasida”.

 Uzoq yillar “mehnatsiz daromad” tamg‘asi ostida ezilgan tadbirkorlik yurtimizda erkin nafas ola boshladi, taraqqiyotimizning yetakchi kuchlaridan biriga aylandi. Xo‘sh, bu borada ulug‘ Navoiy nimalar degan ekan? Tadbirkor "boj-xirojni berish o‘rniga o‘z molini yashirib, obro‘sini to‘ksa yoki biror hodisa qo‘zg‘ash uchun jamg‘armasa, azobu uqubatda qoladi”. Navoiy asarlarida barcha ezguliklar bor. Gap ulardan samarali foydalanishda maktablarimiz o‘rnini to‘g‘ri belgilay olishimizda.

 Shukrlarki, Navoiy asarlari yetarlicha nashr qilingan. Faqat bobokalonimizning elsevarlik usulidan foydalangan holda uning ma’rifat mulkidan bir guldasta - ixchamgina “Xonadon kitobi” nashr qilinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Chunki insoniyat Alisher Navoiy kabi daholarning g‘oyalaridan manfaat, yashab turgan dunyosidan mazmun topib, ma’rifatli muloqotning nurli manzillariga yetib boradi.

 Ilash Abdiyev.